Oltin vodiy 

3 391

Zarafshon vodiysi "Oltin vodiy” deb ataladi. Uni tilga olganda faqatgina  daryo yoqasidagi qadim  vaqtlardan buyon foydalanilayotgan oltin konlarinigina emas, balki daryo suvining sharofati bilan  vodiy  yonbag‘irlarida gurkirab  o‘sayotgan bog‘u-rog‘larni, xushmanzara joylarda joylashgan ko‘rkam qishlog‘u-shaharlarni, gavjum bozorlarida sayyoh e’tiborini o‘ziga tortgan za’faron uzum-u yoqutrang anorni, oltindek tovlangan anjir-u oq billuri shaftolini tushunishgan. Zarafshon va Turkiston tog‘lari oralig‘ida joylashgan bu oltin vodiy daryosi baland cho‘qqilardan, – 2,795 metr balandlikdan boshlanadi. Qo‘histon deb atalgan bu tog‘li o‘lkada tor daralaru baland cho‘qqilar mavjud bo‘lib, ular yonida daryo sharsharalar hosil qilib oqadi. Shu sababli dunyoning ko‘pgina burchaklaridan kelgan sayyohlar vodiydagi betakror tog‘ ko‘li Iskandar ko‘l va tik qoyalarni, quyuq archazorlaru tog‘ muzliklarini zavq bilan tomosha qilishadi. Oltin vodiy g‘arbga tomon asta-sekin pasayib, Qizilqum sahrosiga tutashib ketadi va bu joyda daryo ikki irmoq – Gudjayli hamda Taykirga bo‘linib, sahroga singib ketadi. Bu go‘zal vodiyda sayyohlarni tog‘ va tekislik qishloqlari, kichik shaharlar, tabiatning nodir sayrgohlari kutadi. Azaldan sharq va g‘arb oralig‘ida joylashgan vodiy boy qadimiy tarixga ega. Bundagi har bir shahar va qishloq asrlar haqida hikoya qiladi.
 
Vodiy sug‘dlar elining gurkirashi, Iskandar Zulqarnayn bosqinchilari zulmi, arablar istilosi, Chingizxon bosqini, Temur hukmronligini, Chor Rossiyasi va sovetlar mustamlakachiligini boshidan kechirdi. Baland tog‘lar o‘lkasidan sahro hududigacha tushuvchi daryo yoqasidagi qishloqlar har xil geografik zonalarda joylashgani uchun, bir faslning o‘zida turli libosda bo‘ladi. Bu yerdan siz daryo yuqorisiga – tog‘li Qo‘histonga sayohat qilishingiz  mumkin.  Sayohatingiz  shahar  yonidagi  qadimiy Cho‘ponota tepaligidan boshlanadi. Yuqoriga borgan sari Ohalik, Omonqo‘ton qishloqlarini, Urgut kabi chiroyli shaharni, Qirg‘ot yassi tog‘ini  tomosha qilib, tog‘lar  o‘lkasi Qo‘histonga o‘tasiz.

Qo‘histonda sizni Tolar qabristoni, Fan tog‘lari, Tog‘ ko‘llari va oltin uzuk ko‘zidagi marvarid – Iskandar ko‘l kutadi. Bu tabiat mo‘jizalarini tomosha qilib bo‘lgandan keyin Shahriston dovonidan qo‘shni Sangzor  vodiysiga tushib, u joydagi  Uch  o‘choq, Baxmal, Oyqor singari sayrgohlarda bo‘lasiz. Bu joylardan tekislik yo‘llari bilan Samarqandga qaytib dam olgandan keyin, yangi marshrutga chiqib, quruqlikdagi orol Miyonqolni, tog‘lardagi mo‘jiza Ko‘ksaroyni, sahro medaloni Qarnobni va tekislik qishlog‘i Timni tomosha qilishingiz mumkin.

Serjilva Samarqand shahrining shimoli-g‘arbiy qismida tik qirg‘oqli Siyob arig‘idan keyin o‘simliklardan holi tepaliklar boshlanadi. Temuriylar davrida bu joy Ko‘hak tepaligi deb atalgan.

"Kimda-kim go‘zal Samarqandni bir nazar bilan ko‘rmoqchi bo‘lsa, uni yengil amalga oshirish uchun Ko‘hakka chiqishi kerak”, deb yozgandi XIV asrda bu joyni kelib ko‘rgan arab sayyohi Ibn Batuta.

Ikki asr o‘tgandan keyin bu joy Cho‘ponota deb – shu yerda o‘rta asrlarda qurilgan machit nomi bilan atala boshladi. XIX asr oxirlarida  tuzilgan rus xaritalarida bu  tepaliklarga  qat’iy  qilib "Cho‘ponota balandligi” deb nom qo‘yildi.

Hozir Cho‘ponota Samarqand shahri maydoniga kirib ketgan. Cho‘ponota tepaliklari o‘zining geologik kelib chiqishi bilan ham boshqa maydonlardan ajralib turadi. Qadim vaqtlarda tektonik harakatlar Zarafshon havzasi tagidagi paleozoy davrida paydo bo‘lgan kristallik poydevordan metamorfik yo‘l bilan, ya’ni katta bosim va harorat ta’sirida ishlanib, paydo bo‘lgan slanes va qizil qumtoshlarni yuzaga siqib chiqardi. Ularning ichiga esa birmuncha keyin paydo bo‘lgan cho‘kindi jinslar-paleogen davri ohaktoshlari va giрslari, neogen qumtoshlari va  konglameratlari aralashib ketdi. Bu yosh qatlamlar qadimiy jinslar ustiga Cho‘ponotaning bir qismi bo‘lgan Laylakxona tepaligida yer yuziga chiqib qolgan va hozir esa bu joyga shaharning yangi istirohat bog‘i qurilyapti. Agar Zarafshon daryosi vodiysining o‘rtasida mana shu qoyali tepalik bo‘lmaganda edi, unda bu quruqlik o‘rtasidagi hosildor Miyonkol orolini, Afrosiyobning soz tuproqli tepaliklarini, Siyobning go‘zal vodiysini ko‘rish mumkin bo‘lmas edi.
 
Cho‘ponota tepaliklarining paydo bo‘lish tarixi hali to‘liq o‘rganib chiqilgani yo‘q, lekin uning umumiy rivojlanish yo‘nalishini aytib berish mumkin. O‘rta poleozoy davrida hozirgi tepaliklar o‘rnida dengiz ko‘rfazi bo‘lgan. U sharqdan tekislik bilan chegaralanib, bu tekislikda issiq va nam tropik iqlim mavjud bo‘lgan. Sekin oquvchi daryolar ko‘rfazga loy va qumlarni oqizib kelib yiqqan va ular ma’lum vaqt o‘tgandan keyin slanes va qumtosh qatlamlariga aylangan. Keyingi geologik davrlarda bu joy birnecha marta ko‘tarilgan va cho‘kkan.

10–20 million yillar oldin esa, bu joyda tepalik paydo bo‘lgan va asta-sekin yassi toqqa aylangan. Zarafshon suvi, nurash jarayoni va boshqa omillar bu yassi tog‘ni asta-sekin nuratib, hozirgi holiga olib kelgan. Cho‘ponotaning machit va retranslyator joylashgan yuqori nuqtasi, Samarqandning o‘rtacha balandligidan atigi 100 metr yuqoridir. Lekin bu arzimas ko‘ringan farq shahar va voha tarixida katta rol o‘ynaydi. Bu yuqori nuqta ko‘p asrlar davomida dushman kelayotganini kuzatuvchi joy bo‘lgan. Tepalik ustida gulxan yoqiladigan joy va navkarlar uchun qorovulxona qurilib, agar xavf-xatar paydo bo‘lsa, masalan, Samarqand tarixida ko‘p bo‘lgan ko‘chmanchi qabilalarning shahar tomon  harakati sezilsa,  navkarlar gulxanga o‘t qo‘yishgan va tutun shahar aholisini g‘aflatda qolmaslikka undagan. Cho‘ponota hamma tomonidan suv bilan o‘ralganligi va o‘tish qiyin bo‘lganligi sababli dushman yo‘liga tabiiy to‘siq sifatida foydalanilgan. Shuning uchun uning strategik ahamiyati juda yuqori bo‘lgan. Ayniqsa, uning qiyaligi katta bo‘lib,sharqiy tomoni dushman ishg‘ol qilishi uchun qiyin joyga aylantirilgan va uning tagida xuddi atayin qurilgan suvli xandaqdek Qorasuv daryochasi joylashgan.

Qadimiy Cho‘ponota tepaligi 3000 yil ichida Samarqand vohasining boshidan o‘tgan ko‘p tarixiy voqealarga guvoh bo‘ldi. Bu joydan Aleksandr Makedonskiy lashkarlari o‘tgan. Turklar, arablar, Chingizxon, Temur, Shayboniyxon askarlari bu joyda to‘xtab dam olgan. Bir so‘z bilan aytganda Cho‘ponota tarixi Samarqand tarixining bir bo‘lagidir.

Cho‘ponota tepaligidagi machitning qurilishi bilan bog‘liq bir afsona mavjud. Bu afsona keksa cho‘ponning vatanparvarligi haqida hikoya qiladi. Aytishlaricha noma’lum sabablarga ko‘ra navbatchi askarlar dushman kelganini bilmay qolishgan va halok bo‘lishgan. Dushman otliqlari shahar darvozasiga yaqinlashib qolganda ular oldidan cho‘pon chiqib qoladi. Keksa cho‘pon shaharga dushman xavf solayotganini ko‘rib, podasini dushman ustiga haydaydi. Poda bilan yo‘li to‘silib qolgan dushman shovqin bilan o‘zini bildirib qo‘yadi va shahar himoyachilari tomonidan daf qilinadi. Go‘yo shu vaqtdan boshlab, cho‘ponning bu jasorati uchun tepalikning eng baland joyiga machit qurilib, u Cho‘ponota machiti deb atala boshlanadi. Uning qurilishining boshlanishi XIV asrga to‘g‘ri keladi deyiladi. Lekin kitoblarda bu machit haqidagi tarixiy ma’lumotlarning XVI asrgacha bo‘lgan davri uchramaydi.Cho‘ponota tog‘lari bir xil tog‘ jinslaridan tashkil topganiga qaramasdan, foydali ma’danlarga boy bo‘lib, ular juda qadim zamonlardan buyon ishlatiladi.

Agar Omonqo‘ton tog‘larida istiqomat qilgan neandertal odamlar o‘zlariga kerakli tosh qurollarni yashagan joylaridan topishgan bo‘lsa, yuqori paleolit davrida Samarqand shahri o‘rnida yashagan odamlar (ularning istiqomat o‘rni shahar markazidagi park-ko‘ldan topilgan) o‘zlariga tosh qurollarni Zarafshon daryosi burilishlarida yoki Cho‘ponota tepaliklaridan topishgan. Odam yashagan, yoshi 30 ming yildan kam bo‘lmagan bu joydan chaqmoqtosh va qizil oxra topilgan. Bu qizil oxra koni Laylakxona tepaligida, kremniyli chaqmoqtoshlar esa butun Cho‘ponota tepaliklarida uchraydi. Lekin
ular qazib olingan joy ehtimol Qircha deb nomlangan joyda bo‘lsa kerak. Bu joy Siyob arig‘i sohilida bo‘lib, kristall tog‘ jinslari yer yuziga yaqin chiqqan va atrofida suv hamda ov ko‘p bo‘lgan.

Yuqorida ta’riflangan Laylakxona tepaligi o‘zining tuzilishi bilan ham Cho‘ponota tepaliklarining qimmatbaho "g‘aladonidir”. Bu joyda paleogen davrida paydo bo‘lgan ohaktosh va giрslar, neogen davri kvarsitlari, kulolchilik tuprog‘i va konglomeratlar bor. Bu materiallarning bari o‘tmishda qurilish materiallari bo‘lib xizmat qilgan. Soz tuproq asosan kulolchilikda ishlatilib, chinni ishlab chiqarishda shu tuproqdan foydalanishgan. Qalinligi 30–40 metrga yetuvchi soz tuproqdan g‘isht va paxsa devorlar yaratilgan. Giрsni esa ganchga aylantirganlar. Toza kvarsli qum esa shisha ishlab chiqarishda qo‘llanilgan. Bu qumlarni asrimizning 30-yillarigacha kavlab olingan, uning izi – g‘orlar hozirgacha saqalanib qolgan.
 
Tepaning sharqiy qismida ohaktoshlar ochilib qolgan bu yerdan esa ohak olishda ishlatilgan. Ehtimol bu ochiq kon uzoq o‘tmishda Samarqand uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgandir. Shaharning boshqa tomonidagi Ohalik konidagi ohak oluvchi pechlar X-XI
asrlarda qurilib,  asosan,  ikki  asr davomida  quvvat  bilan foydalanib kelingan. Cho‘ponotadagi pechlar esa asrimizning elliginchi yillarigacha ishlab turgan. Shu kunlarda Cho‘ponotada qumtosh va slanes kavlab oluvchi birnecha ochiq konlar bor. Olingan mahsulotlar qurilishda keng qo‘llanilib kelinmoqda.

Cho‘ponota Samarqandga kelgan barcha olimlarni qiziqtirgan. Bu yerda birinchi ilmiy izlanishlar 1869-yili A.P. Fedchenko tomonidan o‘tkazilgan. Keyinchalik bu yerda mashhur rus olimlari P.P.Semenov  Tyan-Shanskiy, N.M.Prijevalskiy,  I.V.Obruchev va boshqalar ilmiy izlanishlar olib borishgan. Bu olimlar tomonidan o‘sha davrdayoq boshqa turdagi nodir ma’danlar belgilari borligi aytib berilgan.

Cho‘ponota atrofi o‘tmish davrlardayoq dam olish hududiga aylantirilgan. Bu joylar faqat hozirgi sayyohlarnigina o‘ziga jalb etmagan. O‘tmishdagi ko‘plab sayyohlar va o‘sha davr aslzodalarining ko‘plab bog‘lari Cho‘ponota tepaliklarida joylashganligi tarixdan ma’lum. Masalan, Bobur o‘zining xotiralarida yozgan: "Samarqand atroflarida chiroyli maydonlar joylashgan. Ulardan eng mashhurlaridan biri – Konigil bo‘lib, u Samarqanddan sharqqa qarab cho‘ziladi. Ariqcha Konigilning o‘rtasidan oqadi. Samarqand sultonlari bu joyni qo‘riqxona, deb e’lon qilishgan va har yili ular bu maydonga bir yoki ikki oy chiqib, shu joyda yashashgan.

Konigil hozirda Cho‘ponota tepaligining janubiy qismida joylashib, Siyobning butun vodiysini egallagan. Temur va Ulug‘bek davrlarida butun Konigildan xiyobon o‘tib, uning ikki tarafida daraxtlar o‘tkazilgan, piyodalar yuruvchi yo‘lkalar atrofida kanallar va hovuzlar qazilgan. Navbatdagi harbiy yurishdan qaytayotganda Amir Temur ham bu joyda birnecha kun to‘xtab o‘tgan. Bu xushmanzara xiyobon hozirgi Tayloq posyolkasigacha cho‘zilgan. Uning atrofida qator-qator choyxonalar joylashgan va u yerda sayillar o‘tkazilgan.

Cho‘ponota atroflarida XIV-XVI asrlarda amirlarning ko‘plab yozgi oromgohlari qurildi. Bu oromgohlar to‘g‘risida Temuriylar zamondoshlari Sharafiddin, Hofizi Abru, Ibn Arabshoh, Boburlar xabar beradi. Bularning ichida eng go‘zali Bog‘ibaland bo‘lib, u Cho‘ponotadan g‘arbda – Siyobning o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan. Undan birmuncha sharqroqda Bog‘imaydon joylashib, uning chekkasida yozlik qasr Chulustun va kichik bog‘ "Bog‘cha” joylashgan. Keyinroq Bog‘ibaland oldida darvesh Muhammad Tarxon bog‘i paydo bo‘lgan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra o‘sha davrlardagi shahar tashqarisidagi bog‘lar o‘ylab qurilgan va tartibli bo‘lgan. Ularni joylashtirishda  rejalashtirish mavjud  bo‘lib, hovuzlar va binolar  ma’lum qonuniyat  asosida qurilgan.  Bularning hammasi o‘sha  davrdagi bog‘bonlarning ulkan hayotiy tajribasidan dalolat beradi. 
 
Hozirgi vaqtda Konigil xiyobonlarining shon-shuhrati qayta tiklanmoqda. Obirahmat arig‘ining ikki tarafida dam olish hududi, profilaktoriy va katta bog‘ barpo etilgan. Cho‘ponota tepaliklarining boshqa qismlarini obodonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Cho‘ponota tepaliklari yashil boyligini tiklash bo‘yicha birinchi izlanishlar 1927-yildan boshlangan. Shu davrdagi o‘lkashunoslar fikriga ko‘ra, bu tepaliklarda qurg‘oqchilikka chidamli daraxtlar ekish mumkin ekan.

Hozir  Cho‘ponota  yonbag‘irlaridagi  yaydoq yerlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu yerlarga ekilgan qayin daraxtlari sharoitga tez moslashib, o‘rmon xo‘jaligi hududini issiq, chang va shamoldan yaxshi himoya qilmoqda. Laylakxona tepaligi yonbag‘ri va Obirahmat arig‘i yonbag‘irlari yashil o‘tlar bilan qoplanadi. 
 
Cho‘ponota tepaligining g‘arbiy va shimoliy yonbag‘riga ekilgan ko‘chatlar ko‘kka bo‘y cho‘zdi. Yerlarni sug‘orishning ilg‘or usullarini qo‘llash asrlar davomida qo‘l tegmagan joylarda xilma-xil mevalar, uzum hamda poliz ekinlari hosilini yig‘ish imkoniyatini bermoqda. Tepaliklar yonbag‘ri bo‘ylab kelajakda chiroyli keng ko‘chalar, baland imoratlar va xiyobonlar tushadi. Yetti tepalik ustida yangi shahar barpo bo‘ladi.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.