Turizmning shakllari va turlari 

24 591

Turizmning shakllari haqida tushunchalar
Turizm amaliy harakatlar va tadbirlar yig‘indisi sifatida jismoniy tarbiyaning muhim vositasi hisoblanadi. Uning ta’lim-tarbiya va sog‘lomlashtiruvchi xususiyatlari shaklan va mazmunan jamiyat taraqqiyotida muhim o‘ringa ega. Ya’ni u sayohatlar jarayonida bilim va amaliy malakalarni oshirish yo‘li bilan ishlab chiqarish sifatini yaxshilash hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga bevosita xizmat qiladi. Ta’kidlaganimizdek, turizm o‘z shaklini sayr (ekskursiya) va sayohatlardan ifoda etadi.

Sayrlar (экскурция)ga qo‘yilgan maqsadlar asosida shug‘ullanuvchilarning yoshi, jinsi va salomatligiga qarab tadbirlar uyushtiriladi. Ularning eng asosiy yo‘nalishlari uyidagilardan iborat:
1. Maktabgacha ta’lim muassasalaridagi sayrlar.
2. Maktab o‘quvchilarining sayr-sayohatlari.
3. Mehnat jamoalari xodimlarining sayr-sayohatlari.
4. Aholi istiqomat joylaridagi kishilarning sayr-sayohatlari.
5. Xorijiy mamlakatlardan kelgan mehmonlarning sayrlari.

Sayrlarni tashkil qilishning asosiy maqsad va vazifalarini quyidagicha ifodalash mumkin:
1. Shug‘ullanuvchilarning (qatnashchilar) sihat-salomatligini yaxshilash uchun piyoda kezish, qulay joylarda mashqlar, o‘yinlar o‘tkazish.
2. Atrof-muhit va tabiat manzaralari bilan tanishtirish, e’tiborga loyiq aholi yashaydigan joylarni o‘rganish.
3. Tarixiy va madaniy obidalarni tomosha qilish va ularning tarixini o‘rganish.
4. O‘zi yashab turgan joylarning (yosh bolalar uchun) tarixi, rivojlanishi va mehnatkashlarning xizmatlarini o‘rganish (bilish).
5. Ilmiy izlanish ishlarini (mutaxassislar) olib borish va hokazo.

E’tirof etish  lozimki,  mazkur sayrlar nazariy bilim  (tushuncha) va amaliy malakalar hosil qilish yo‘lida ta’lim-tarbiya vazifasini o‘taydi. Shu bilan birgalikda qatnashchilarning sihat-salomatligini yaxshilash, jismonan barkamolligini o‘stirishga qaratiladi. Demak, turizm shakl va mazmun jihatdan tarbiyaviy hamda sog‘lomlashtiruvchi xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtirish bilan muhim ahamiyatga egadir.

Sayr qilishda (ekskursiya) qatnashchilarning belgilangan joyga yetib borishi, ulovlarga chiqish va tushishlari, sayr-sayohat manziliga kirish va bevosita sayr-sayohatlarda ishtirok etish jarayonida piyoda yurish asosiy o‘rinda turadi. Chunki, erkin ravishda barcha faoliyatlarni bajarish, yuklarini ko‘tarib yurish, tomosha-sayr jarayonlarida faol qatnashishda sharoitlarga qarab tez yoki sekin yurish, to‘xtash, ba’zan yugurish ham amalga oshiriladi. Bu jarayonlar ham sayohatchilarning salomatligini yaxshilash, faol amaliy harakatlar qilishga ko‘mak beradi.

Xulosa qilib aytganda, turizmning sayr-sayohat va piyoda yurish shakllari mazmun va mohiyat jihatdan o‘z xususiyatlariga egadir. Ularni maqsadli uyushtirish va olib borishda mutasaddi xodimlarning o‘z mas’uliyatlarini bajarishi juda muhim.

Turizmning turlari va ularning ahamiyati
Turizm  mazmun jihatdan keng qamrovli  ijtimoiy-tarbiyaviy xususiyatga ega bo‘lgan pedagogik jarayon hisoblanadi. Insonlarning amaliy faoliyatlari, ijtimoiy-turmush sharoitlari, tabiat manzaralariga qiziqishlari va boshqalar juda ko‘p sohalarni e’tiborga olgan holda turizm ko‘p tarmoqli soha ekanligini bilamiz. Ularning eng asosiy turlari quyidagilardan iboratdir:
1. Piyoda yurish sayohati.
2. Tog‘larda yurish sayohati.
3. Qoyalarni zabt etish sayohati.
4. Chamalab topish (ориентирование) sayohati.
5. Tezoqar daryolarda eshkak eshish sayohati.
6. Ulovlarda (avto, moto, velosiрed va hokazo) yurish sayohati.

Ta’kidlash lozimki, mazkur turlar mazmun jihatdan bir-biridan tubdan farq qilishi va tartib qoidalarning o‘ziga xosligiga qarab
ular mustaqil sport turlari hisoblanadi.

Piyoda yurish sayohatida uning shakllariga (bir kunlik, ko‘p kunlik) qarab masofalar belgilanadi va ma’lum darajada talablar qo‘yiladi. 
 
Tog‘ turizmi (tog‘larda yurish sayohati) piyoda yurish sayohatining davomidir. Ya’ni barcha harakatlar bunda takrorlanadi. Faqat kategoriyalar (qiyinchilik darajalari: 1, 2, 3, 4, 5, 6) jihatdan boshqa turizmlardan farq qiladi. Aniqroq aytganda balandligi 1,5–5 km (dengiz sathiga nisbatan) tog‘larga chiqish, dovonlardan oshish, tezoqar suvlardan kechib o‘tish kabi murakkab harakatlar bajariladi.

Qoyalarni zabt etish turizmi (скалолазание) piyoda yurish va tog‘ turizmi bilan bevosita bog‘liqdir. Faqat tik qoyalar, qoyalarga tirmashib chiqish (arqonlar, himoya vositalari va hokazo) bilan tubdan farq qiladi.

Chamalab topish (ориентирование) turizmi ham piyoda yurish, tog‘ turizmi bilan bevosita bog‘liqdir. Ya’ni ma’lum masofalarni piyoda o‘tish, to‘siqlar, dovonlardan oshish hollari bunda ham qo‘llaniladi. Boshqa turizm turlaridan farqli o‘laroq, bunda xarita, chizma, kompos, quyosh, oy, yulduz va hokazo vositalaridan foydalangan holda manzilga yetib borishdir. Ya’ni noma’lum va notanish joylarni topish asosiy faoliyat hisoblanadi. Turizmning bu turidan piyoda yurish, tog‘ turizmi va boshqa turizmlar bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus musobaqalarda (slyotlar) keng foydalaniladi.

Turizmda avtomobil, mototsikl, velosiрed kabi ulovlarda yurib sayohat qilish ham muhim o‘rinlarni egallaydi. Tez oqar daryolarda qayiq, eshkak, sol va shunga o‘xshash moslamalarda o‘tirib sayohat qilish ham amalda mavjud. Buning uchun katta tayyorgarliklar, jismonan maxsus mahoratlarga ega bo‘lish talab etiladi.

Ta’kidlash lozimki, turizmning mazkur  texnik turlari  mamlakatimizda hali yetarlicha ommalashmagan. Shu tufayli guruh bo‘lib sayohatlarga chiqish, ularni rasmiy ravishda tashkil qilish jarayonlari juda kamdan kam uchraydi.

Xulosa shundan iboratki, turizm shaklan ko‘p tarmoqli turlarga bo‘linadi. Ularning mazmuni shug‘ullanuvchilarning jismoniy barkamolligini oshirish bilan bir qatorda mehnatsevarlik, vatanparvarlik, o‘zaro hamkorlik va do‘stlik kabi insoniy fazilatlarni tarbiyalashga xizmat qiladi.

Turizm turlarining tasnifi
Jahon xalqlari, ayniqsa, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi respublikalarida turizm turlari keng ommalashgan. O‘z yo‘nalishi, xarakteri va faoliyat xususiyatlariga ko‘ra turizm sayr qilish (ekskursiya, sayohat qilish) va piyoda yurish (poxod) shakllariga ajratiladi.

Sayr  qilish  –  keng,  ommaga qulay  bo‘lgan piyoda,  chang‘ida, velosiрed, qayiq va boshqa vositalar yordamida yurib sog‘liqni yaxshilash, organizmni chiniqtirish maqsadida uyushtiriladigan qisqa muddatli ommabop turizm shaklidir. Turizmning bu shaklida keksa-yu yosh ishtirok etishi mumkin.

Ekskursiya – jamoa bo‘lib biron obyektga (muzey, stadion, qurilishi,  o‘rmon  va hakazo)  ilmiy  qidiruv  yoki  o‘quv maqsadida, umumiy madaniy dam olish uchun o‘tkaziladigan tadbirlar hisoblanadi. Bunday tadbir aholi yashab, o‘qib turgan joylarga yoki boshqa shaharlarga ham borganda uyushtirilishi mumkin. Turizmning bu shakli asosan katta yoshdagi bog‘cha bolalari, maktab o‘quvchilari, o‘rta maxsus va oliy ta’lim muassasalarining talabalari orasida keng tarqalgan madaniy, ta’lim-tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan tadbirdir.

Poxodlar – tashkiliy ravishda guruh bo‘lib piyoda, velosiрed, chang‘i, qayiq va shu kabi vositalar yordamida jismoniy chiniqish,
o‘lkani o‘rganish, ijtimoiy-foydali mehnat qilish maqsadida uyushtiriladi.

Turizmning turlari juda xilma-xil bo‘lib u amalda tobora ortib bormoqda. Jismoniy tarbiya nuqtai nazaridan olib qaralganda, ularni tayyorgarlik, haqiqiy turistik va ommaviy targ‘ibot poxodlariga ajratish mumkin. Tayyorgarlik poxodlari poxod harakatlari va organizmni katta va uzoq muddatli poxodlarga tayyorlash, ularda ishtirok etishga hozirlashda asosiy vazifalarini o‘taydi. Tayyorgarlik poxodlari jarayoniga sayr qilish, ekskursiya elementlarini kiritish zarur. Bu bosqichning asosiy mazmunida turistik qoidalar, poxod turmush sharoiti, yurish texnikasi,  maxsus turistik  faoliyatlar,  yo‘lni  avvaldan o‘rganish, razvedka qilish, dam olish joylarini tanlash va uni tayyorlash, kechki dam olish va tunashni uyushtirish, gulxan yoqish va shu kabi sohalarni o‘rganish yotadi. Chidamlilik, kuchlilik, tezlik va boshqa jismoniy sifatlarni ham oshirish murakkab poxodlarda ishtirok etishni ta’minlaydi.

Haqiqiy turistik poxodlar turizmning tiрik turlaridan biridir. U ko‘p kun (birnecha kundan to bir oygacha) davom etib, marshrut va harakat usullarining xilma-xilligi bilan boshqalaridan tubdan farq qiladi.  Ular  sport  klublari yoki maxsus  turistik muassasalarda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, shuningdek, murakkab turistik poxodlarni uyushtirish uchun yuqorida ko‘rsatilgan tashkilotlardan ruxsat olinadi. Bunday poxodlarni jamoatchi-instruktor, tajribali va maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lgan turistlar boshqaradi va rahbarlik qiladi.

Sport poxodlari – bu asosan sportga taalluqlidir; bunday hollarda murakkab poxodlarning qiyinchilik darajalari, masofaning uzunligi, tabiiy to‘siqlarning qiyinchilik darajalari, aholi yashaydigan joylarga yetib borish tartiblari, sinovli poxodlar soni va boshqa shartlar qo‘yilgan bo‘ladi.

Targ‘ibot-tashviqot poxodlari – yirik ijtimoiy-siyosiy yoki sport anjumanlariga bag‘ishlangan bo‘lib, uning maqsadi jamoatchilik va ommani turizmga jalb etishdan iboratdir. Bunday hollarda jamoalardagi  ilg‘or tajribalar almashinadi,  turistik harakatdagi yangi voqealar, natijalar  joriy etiladi, faol  turistlar  turli yo‘llar bilan rag‘batlantiriladi. Badiiy havaskorlik jamoalarining konsert chiqishlari, sport turlari bo‘yicha o‘rtoqlik uchrashuvlari, turistik texnika va boshqa vositalarni  bilish  yuzasidan  musobaqalar  uyushtirilishi  targ‘ibot ishlarining jonli, qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydi.

Ekspeditsiya – turistik sayohat bo‘lib, u biron obyektni (geografik, geologik, o‘lkashunoslik,  tarixiy  va  boshqalar) o‘rganish
maqsadida uyushtiriladi. Bunday sayohat jarayonlarida aktiv harakat, ya’ni piyoda yurish, chang‘ida va boshqalarda yurish, shuningdek, passiv harakat yo‘li bilan (transportda) masofani o‘tish mumkin.

Hududiy belgi jihatdan turistik sayohatlar, poxodlar mahalliy va uzoq, xarakterli jihatidan esa rejali va havaskorlik turlariga egadir. Rejali poxodlar avvaldan belgilangan va faqat maxsus ishlangan marshrutlar orqaligina uyushtiriladi. Bunday hollarda turistlar maxsus jihozlar, oziq-ovqat va instruktorlar bilan ta’minlanadi.
 
Havaskorlik  sayohatlari  jismoniy  madaniyat jamoalari kengashlari, sport klublari, turistlar klubi,  madaniyat klublari,  turistlar  oromgohlari,  bazalari,  bolalar turistik stansiyalari,  maktablar, o‘quvchilar uylari va alohida turistlar guruhlari tomonidan uyushtiriladi. Bunda turistlar mustaqil ravishda o‘z marshrutlarini tuzadilar, poxod jarayonida o‘z-o‘zlariga xizmat qiladilar. Kerakli turistik jihozlar, oziq-ovqat va boshqa vositalarni o‘zlari xarid qilishlari yoki ijaraga olishlari lozim bo‘ladi.
 
Sayohatning bu xususiyati ommaviy ravishda bir kunlik va birnecha kunlik poxodlar o‘tkazish uchun eng qulay bo‘lib, u ko‘pincha ta’lim muassasalarida ko‘proq uyushtiriladi.
 
Shuni qayd qilish lozimki, kasaba uyushma tashkilotlari, sport klublari, haftada ikki kun dam olish kunlaridan unumli foydalanib, yirik korxonalar, ijodiy xodimlar jamoalari shahar atrofi joylariga poxod uyushtirish shakli keng avj olmoqda. Hatto Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Navoiy va boshqa bir qator shaharlardagi ishlab chiqarish, mehnat jamoalariga tog‘li zonalarda dam olish uylari, profilaktoriylar tashkil qilib, yil davomida hordiq chiqarish va sayohat qilish uchun ma’lum qulayliklar yaratib bermoqda.

Sayohatlar harakat usullariga qarab piyoda yurish, tog‘, suv, chang‘i, velosiрed, avtomobil, mototsikl va aralash turlariga bo‘linadi. Sayohat qilish va uning tartiblari 1982-yil 28-noyabrda tasdiqlangan "Havaskorlik turistik poxod va sayohatlarni tashkil qilish va o‘tkazish qoidalari” ga asosan o‘tkaziladi. Bu talablar hozirgi kunda ham keng qo‘llanmoqda. Havaskorlik sayohatlariga talabning ortib borishi bir kunlik va ko‘p kunlik poxodlar o‘tkzishni taqozo etmoqda. Shunga ko‘ra ko‘p  kunlik sayohatlar  I, II, III, IV, V qiyinchilik  kategoriyalariga (darajalariga) bo‘linadi. Qiyinchilik darajalari poxodlarning masofasi, to‘siqlarning xususiyati va soni, har bir turning mazmuniga qarab belgilanadi. Ular haqida keyingi boblarda tegishli ma’lumotlar beriladi.

Xulosa qilib aytganda, mustaqillikning sharoitlari hamda imtiyozlari doirasida "Sog‘lom avlod” Davlat dasturida turizmdan maqsadli foydalanishi lozim. O‘quvchi-yoshlar va talabalarning sog‘lig‘ini mustahkamlash, kasb-hunar yo‘lidagi nazariy bilim hamda amaliy malakalarini takomillashtirishda sayohatlar muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tarbiyaviy jarayondir.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.