Andijonga borish uchun 10 ta sabab 

5 409

 
1. Asaka "Cho'ntak” choyxonasi. Asaka shahrining markazida joylashgan. XIX asrda bunyod etilgan. Tarixchi Avaz Muhammad Attorning "Tarixi jahonnoma” va "Tarixi Xo'qand” asarlarida tilga olingan. Choyxona Xudoyorxonning dala hovlisida joylashgan bo'lib, uning ichki qismida xon supasi mavjud bo'lgan. Xushmanzara, bahavo joyda joylashgan XIX asrning ikkinchi yarmidan buyon choyxona sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Bu joyning re'lefi o'ziga xos. Eng muhimi bu erda Andijon palovini buyurma qilish mumkin. Eng muhimi "Bo'yin go'shti” taomi bilan boshqa choyxonalardan tubdan farq qiladi. 
 
2. Qutayba ibn Muslim maqbarasi. Jalaquduq tumani Paxtakor qishlog'ida joylashgan. Andijon shahridan 28 km. uzoqlikda. 715-yilda yangi saylangan xalifa Sulaymonga bo'ysunishdan bosh tortganligi uchun isyon ko'targan lashkarlar tomonidan o'ldirilgan arab sarkardasi Qutayba ibn Muslim Bohiliy dafn etilgan. Tarixchi Narshaxiy uning qabri qo'yilgan qabristonni "Mozorbuva” nomi bilan tilga olgan. 
 
3. Bobur milliy bog'i majmuasi – "Bog'i Bobur”. Andijon shahrining janubiy-sharqida, markazdan 6 km uzoqlikda. 1993-yilda davlat arbobi, mohir sarkarda va ataqli shoir Zahiriddin Muhammad Boburning 510 yilligi munosabati bilan bunyod etilgan. Bobur jamoat fondi, Boburiylar tarixi va jaxon madaniyati muzeyi, Andijon shaharsozlik muzeyi, observatoriya va dam olish maskanlari joylashgan. Umumiy maydoni 300 ga. 
4. Asaka avtomobil zavodi - "GM-UZBEKISTAN”. Andijon shahri markazidan 20 km uzoqlikda joylashgan. Muhtaram Yurtboshimizning tashabbusi bilan 1996-yil 19-iyulda ochilgan. "O'zavtosanoat” uyushmasi va Koreyaning "DAEWOO” korporatsiyasi xamkorligida qurilgan. 1996-yil 25-martdan "Damas”, iyul oyining o'rtalaridan boshlab "Tiko” va "Neksiya” avtomobillari ishlab chiqarilgan. Bugungi kunda zavod "GM-Uzbekistan” yopiq aktsionerlik jamiyati deb yuritiladi. Hozirda "Neksiya”, "Matiz”, "Damas”, "Spark”, "Captiva”, "Epika”, "Lasetti” va "Malibu" kabi yengil avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. 
 
5. Qadim va hamisha navqiron hunarmandlar shahri - Shahrixon pichoqchilik rastasi. Pichoqchi ustalar tomonidan tayyorlangan buyumlar hamisha sayyohlarni o'ziga jalb etib kelgan.
 
6. 2011-yilda sobiq Komil Yashin ko'chasi negizida qayta qurilgan, zamonaviy shaharsozlikning yorqin ko'rinishlaridan biri bo'lgan- "O'zbekiston” ko`chasi. Uzunligi 1,7 km. Andijon shahri markazida joylashgan. 2011-yil 21-mayda "Obodlik ko'ngildan boshlanadi” festivali doirasida tantanali ravishda ochilgan.

 
7. Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog'i. 1978-yilda tashkil etilgan. Andijon viloyati Xonobod shahri Amir Temur ko'chasida joylashgan. Andijon shahar markazidan 70 km. uzoqlikda. An'anaviy "Andijon bahori” festivali va Soyib Xo'jaev xotirasiga bag'ishlangan kulgu va askiya kechasi o'tkaziladigan ziyoratchilarning sevimli maskani. 
 
8. Shirmonbuloq dam olish maskani. Buloqboshi tumani Shirmonbuloq qishlog'ida joylashgan. Andijon shahar markazidan 36 km. masofada joylashgan. Xushmanzara tog' tabiati va toza havosi bilan dam oluvchilar e'tiborini qozongan. Bu tumanda RIO-2016 Olimpiada chempioni Hasanboy Do'stmatov tug'ilgan. 
 
9. Ulug`nor tumanida tashkil qilingan "Ribxoz” Baliq etishtirishga ixtisoslashgan xo'jaliklar umumiy maydoni 3000 ga. Bu er Sizot suvlari to'planishi natijasida xosil bo'lgan zovurlarni kengaytirilib baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo'jaliklari tashkil qilingan.

10. Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog'i. Andijon shahri markazida joylashgan. 1934 yilda tashkil etilgan. 1997-2000-yillarda bog' butunlay qayta qurilib, ko'kalamzorlashtirilgan.
  Burgut haykali. Andijonliklarga xos shijoat, mardlik timsoli sifatida 1933-yili shaharlik ustalar tomonidan mehnatkashlarga sovg'a tariqasida bunyod etilgan. Andijon yoshlari va mehmonlarning sevimli dam olish maskani - Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bog'i ichida joylashgan. 2000-yilda qayta ta'mirlangan. Unga uyg'unlashtirilib qurilgan "Amfiteatr”da bayram tantanalari va boshqa ko'ngilochar tadbirlar o'tkaziladi.
  Akbar ISAYEV
Andijon Davlat Universiteti geografiya kafedrasi o`qituvchisi

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.