Robert Skott 

5 008


 

 Robert SKOTT 
(1868-1912)
  Robert Folkon Skott Antarktida materigini tadqiq qilishga katta hissa qo`shgan, Janubiy qutbga Rual Amundsendan keyin ikkinchi bo`lib yetib borgan buyuk ingliz sayyohi. Butun umrini dengizchilik bilan o`tkazgan va dunyoning turli qismlarida sayohatda bo`lgan.
  Robert Skott 1868-yilning 6-iyunida Buyuk Britaniyaning Devon grafligidagi Devonport shaharchasida tug`ilgan. 12 yoshida, ya’ni 1880 yilda bo`lajak qutbshunos ingliz flotiga yosh yunga bo`lib xizmatga kirgan. Bolaligida Skottning sog`ligi uncha yaxshi bo`lmagan va shu bois o`zini chiniqtirish uchun muntazam sport bilan shug`ullangan. Gempshir grafligidagi Ferem kollejini tugatgach, ko`plab kemalarda xizmat qilgan va 1886-yilda Vest-Indiyaga yuborilgan. Vest-Indiyada bo`lgan vaqtida Britaniya Qirollik geogra­fiya jamiyatining prezidenti K.Merkem bilan tanishgan va uning tavsiyasi bilan 1901-1904-yillardagi birinchi yirik ingliz An­tarktida ekspeditsiyasiga boshchilik qilgan.
  Antarktika ekspeditsiyasi davomida R.Skott «Diskaveri» kemasida Antarktidadagi Viktoriya yerining qoyali g`arbiy qirg`og`ini to`la tadqiq qildi. Ross shelf muzligi bo`ylab uning g`arbiy chekkasiga qadar suzib, keyinchalik yarimorol ekanligi ma’lum bo`lgan «Eduard VII yeri»ni kashf etdi. 1902-yilning oxirida R.Skott Ross shelf muzligini kashf etishda davom etib, uning Sharqiy chekkasi  bo`ylab har ikkala tomonga 1200 km yo`l bosib, 600 km masofada cho`zilib yotgan Transantarktika tog`larini o`rgangan.
  1903-yilning oxirida R.Skott Antarktika vohasining muz va qordan holi vodiysini birinchi bo`lib kashf etib, baland tog`li Viktoriya yeri platosi bo`ylab 500 km masofani bosib o`tgan. Ushbu sayohati tufayli R.Skott oltita davlat Geografiya jamiyatlarining oltin medallari bilan takdirlandi.
  1905-yildan 1909-yilga qadar Robert Skott mamlakat bo`ylab sayohat qilib, turli mavzularda ma’ruzalar qildi. Yana motorli chanalarni sinab, o`zining 1910-1913-yillarda bo`lib o`tgan ikkinchi Antarktika ekspeditsiyasi uchun mablag` to`plagan. Shunday qilib, Skott o`zining ikkinchi ekspeditsiyasiga 1910-yilning iyunida «Terra nova» kemasida jo`nab ketdi. 1911- yilning fevralida Mak-Merdo qo`ltig`ida lager ko`rgan R.Skott shelf muzligining Sharqiy qismini o`rgana turib, Kit buxtasida janubiy qutbni zabt etishga qaror qilgan yana bir sayyoh - norvegiyalik Rual Amundsenning kemasiga duch kelgan.
  It qo`shilgan chanalar bilan Janubiy qutbga yo`l olgan R. Amundsendan farqli ularoq, R.Skott o`z ekspeditsiyasining Antarkti­ka muzliklarida harakat qilishi uchun motorli chanalar va poni otlardan foydalangan. Janubiy qutbgacha ikki tomonga bo`lgan masofa 2760 km va shuni hisobga olib, R.Skott 1911-yilning 1-noyabrida yo`lga chiqqan. Ammo qattiq sovuq qutb iqlimi sharoitida motorli chanalarga solinadigan kerosin muzlab qolib, poni otlar tez-tez qorga botib, muzda sirpanib, yurishga qiynalgan. Shuning uchun ham R.Skott ekspeditsiyasi it qo`shilgan chanalarda qutb tomon tez harakatlangan Amundsen ekspeditsiyasiga qaraganda juda sekin yo`rgan.
  Birinchi bo`lib motorli chanalar ishdan chiqqan, so`ngra poni otlarning ham ko`pchiligi nobud bo`lgan. Shuning uchun sayyohlar ekspeditsiyada mavjud kam sonli it qo`shilgan chanalarning har biriga 90 kilogrammdan yuk ortib, Ross shelf muzligining 60 kilometrli o`zani bo`ylab oldinga yurishgan. Ammo 1911-yilning dekabr oyida havo harorati -20 darajadan past va kuchli bo`ron sharoitida bir kunda atigi 5-6 km yo`l bosib o`tilgan.
 1911-yilning 20-dekabrida R. Skott holdan toygan ekspeditsiyaning 11 a’zosini orqaga qaytarib yubordi. 1912-yilning 3-yanvarida faqat eng kuchli to`rt nafar sayyoh, Janubiy qutb tomon u bilan birga borishiga qaror qildi. Bu paytda ular Janubiy qutbdan 270 km uzoqlikda edilar.
 1911-yil 6-yanvarda ekspeditsiya 1908-1909-yillarda Janubiy qutbga borishga samarasiz harakat qilgan ingliz sayohi Shekltonning orqaga qaytgan nuqtasidan o`tishgan. Nihoyat, 1912-yilning 17-yanvarida R.Skott va uning hamrohlari Janubiy qutbga yetib kelib, bu yerda chodir ustiga o`rnatilgan Norvegiya bayrog`ini ko`rgach, hafasalalari pir bo`lgan.
 Chunki it qo`shilgan chana va changilarda kuniga 30 km. dan ortiq yo`l bosgan R.Amundsen o`zining to`rt hamrohi bilan Janubiy qutbni 1911-yil 14-dekabrda, ya’ni Skottdan 33 kun oldin zabt et­gan edi. Bunday ahvolni kutmagan ingliz sayyohi o`sha kechasi mijja qoqmagan va bu havoda u o`z kundaligida shunday yozgan edi: «Birinchi kashfiyotchi nomini olish uchun shuncha vaqti hamda kuchini bekorga sarflagan va ushbu quvonchni his qilishdan mahrum bo`lgan biz uchun bu juda dahshatli holat edi».
  Orqaga qaytishga qaror qilgan ekspeditsiya havo harorati -30 darajadan past bir sharoitda kuniga 30-35 km yo`l bosgan. 14-fevralga kelib, R.Skottning hamrohlari juda holdan toydilar. Sayyohlarning so`nggi umidi ularni qarshi olishga chiqqan chanalarning yetib kelishida edi. Haqiqatan ham ularni ko`tib olishga chiqqan yordam chanalari 1912-yilning 2-martida ekspeditsiyaning qutbga ketayotib to`xtagan birinchi asosiy bazasiga yetib kelgan. Ammo bu yerda R.Skott va hamrohlarini uchratmay, ularni 8 kun ko`tib, 10-martda yana ortiga qaytib ketgan.
  Yo`lda R.Skottning ikki hamrohi halok bo`lgan va qolgan uch kishi 1912-yilning 19-martida asosiy bazaga 17 km qolganda oxirgi marta chodir tikdilar. R.Skottning o`ng oyogini sovuq qattiq urgan, ikki sherigi esa asosiy bazaga borib oziq-ovqat va yonilg`i olib kelishga harakat qilgan, ammo kuchli bo`ron bunga yo`l bermagan.
  1912-yilning 29-martida R.Skott o`zining o`limi oldidan yoz­gan xatida «...Marra juda yaqin. Ammo afsuski boshqa hech narsa yozolmayman, deb qo`rqaman. Biz xatarli yo`lga chiqqanligimizni bilar edik. Ammo shart-sharoit bizga qarshi. O`lim yaqin. Xudo haqi, yaqinlarimiz haqida g`amxo`rlik qiling!..», degan so`zlar bitilgan. Xuddi shu kuni R.Skott va uning hamrohlari Ross shelf muzligi ustiga o`rnatilgan chodirda halo k bo`lishgan. Uning o`limi oldidan yozgan bu oddiy va hayajonli so`zlari butun dunyo ahlining yuragidan joy olgan va ularni hozir o`qigan kishining ham ko`zlari beixtiyor yoshlanadi.
  1912-yil 7-martda R.Amundsenning Janubiy qutbni birin­chi bo`lib kashf etgani haqidagi xabar Londonga yetib keldi. Bir oydan so`ng 1912-yilning aprelida Yangi Zelandiyadan olingan telegrammada esa R.Skott va uning hamrohlari 1912-yil 4 yanvarda qutbdan 240 km uzoqda to`pganligi xabar qilingan edi. Mak-Merdo qo`ltig`idan 1912-yilning 12-noyabrida R.Skott va uning hamrohlarini qidirish uchun ekspeditsiya yuborilgan. Sayyoh va uning ikki hamrohi asosiy bazadan 17 km uzoqlikdagi chodirdan topilgan hamda ularning bundan sakkiz oycha muqaddam halok bo`lgani aniqlangan.
  1912-yilning fevral oyida R.Skottning «Terra Nova» kemasi Yangi Zelandiyaga yetib kelgach, sayyoh ekspeditsiyasining natijalari butun dunyoga ma’lum bo`lgan. Britaniyada R.Skott milliy qahramon, deb e’lon qilingan va sayyohning oilasi qirol Georg V tomonidan himoyaga olingan.
  Zamondoshlarining ta’riflashicha, R.Skott o`rta bo`yli, baquvvat, jasur va kamtar kishi bo`lib, takabburlik, yolg`onni juda yomon ko`rgan. Qanchalik qiyin sharoitda bo`lmasin, sayyoh, o`z maqsadiga erishish uchun doimo olg`a intilgan. Uning hayotidagi asosiy shiori: «Ko`rashish, qidirish, topish va taslim bo`lmaslik» (inglizcha «to strive, to seek, to find, and not to yield») edi. Sayyoh, va hamrohlarining ko`rsatgan qahramonliklari sharafiga Antarktidadagi cho`qqining tepasiga o`rnatilgan xotira xochida ham xuddi ana shu so`zlar yozilgan.
  Antarktidani tadqiq qilishga katta hissa qo`shgan buyuk sayyoh, R.Skott sharafiga dunyoning turli mamlakatlarida 11 ta haykal o`rnatilgan va uning nomi tog` tizmasiga, ikkita muzlikka, orol va ikkita qutb stansiyasiga berilgan. 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.