Yuklanmoqda...

Qizilqum 

2089

 Qizilqum tabiiy geografik o’lkasiga O’rta Osiyodagi eng katta  cho’llardan biri Qizilqumning O’zbekistonga qarashli g’arbiy qismi  kiradi. Qizilqum cho’lining shimoliy va sharqiy  qismlari, bizga qo’shni Qozog’iston Respublikasi hududidadir. Shu sababli O’rta Osiyo tekislik qismining deyarli o’rtasida  joylashgan.
 Qizilqum tabiiy o’lkasining shimoliy chegarasi Qozog’iston chegarasidan o’tadi. Bu o’lka  sharqda Mirzacho’l, janubi-sharqda Zarafshon tabiiy o’lkalari bilan chegaralanadi. Janubi-g’arbiy chegarasi Turkmaniston chegarasidan o’tadi. Qizilqum o’lkasining O’rta Osiyo tekisliklari markazida bunday joylashganligi unda haqiqiy cho’l landshaftlari  tarqalishiga  sabab bo’lgan.
 Qizilqum Yer yuzasi tuzilishi jihatdan janubi-sharqdan shimoli-g’arbga  qarab pasayib boradi. Uning o’rtacha mutlaq balandligi 200-300 m bo’lsa,  janubi sharqida 350-400 m, shimoli g’arbida esa 100 m ga  tushib  qoladi. Eng past yeri o’lkaning  markaziy qismidagi  Mingbuloq  botig’i hisoblanib, dengiz  sathidan 12 m past. Eng baland qismi Tomditog’ning Oqtog’ cho’qqisi bo’lib, balandligi  922 m.
Yer yuzasi, geologik tuzilishi va foydali qazilmalari.
   Qizilqum Turon plitasida joylashgan. Plita zamini paleozoy qattiq (kristall slanes, ohaktosh, granit) jinslaridan tashkil topgan bo’lib, ustini so’nggi davr qalin (qumtosh, mergel, gil, qum)  jinslari qoplab olgan. Qizilqum o’lkasida  oltin (Buruntog’, Ko’kpatas), uran (Uchquduq), gaz (Gazli,Toshquduq, Xo’jaqazg’on), oltingugurt, simob, grafit, fosfor, asbest, korund, mis, feruza, binokorlik materiallari konlari mavjud.   
  Qizilqumning  markaziy  qismlarida  past tog’lar  joylashgan. Ularning eng muhimlari Quljuqtog’ (764 m), Yetimtog’  (568 m), Tomditog’ (922 m), Ovminzatog’ (635 m), Sulton Uvays tog’i (473m), Bu tog’lar orasida esa uzunligi 150 km, eni 3-5 km ga  yetadigan  Mingbuloq, Qoraxotin, Mullali, Oyoqog’itma kabi  botiqlar  joylashgan. Bu botiqlarda  sho’rxoklar,  taqirlar,  qumlar mavjud. Qizilqumning ko’pchilik qismini  mutlaq balandligi 200 m atrofida  bo’lgan  qumli tekisliklar  ishg’ol qiladi.
Iqlimi va suvlari. Tuproqlari, o`simliklari va hayvonot dunyosi.
  Qizilqum iqlimi kontinental iqlim bo’lib, qishi sovuq, yozi issiq, quruq, seroftobdir. Qizilqumning shimoliy qismi ochiq bo’lganligi tufayli Arktika va Sibir sovuq va quruq havo massasi tez-tez ta’sir  etib  turadi. Natijada qishda o’lka sovib ketib, izg’irinli  sovuqlar vujudga keladi. O’sha vaqtlarda harorat -31-35 C gacha pasayadi. Lekin g’arbdan esuvchi  nisbatan iliq va nam  havo massasining  kirib  kelishi  natijasida  harorat ko’tarilib, yog’in yog’adi.  Qizilqumda yanvarning  o’rtacha  harorati shimoliy qismida -5-10 C, o’rta qismida -2-4 C, janubida esa -1-2 C.  O’lka hududida yoz jazirama issiq, quruq, havosi ochiq bo’lib, iyulning o’rtacha  harorati  markaziy va janubiy qismlarida +26+28 C. Eng issiq harorat +46 C ga yetadi. Lekin qumlar yuzasi +75+80 C gacha  qizib ketadi.  
  Qizilqumda yog’in juda kam tushib, yillik yog’in miqdori 75-100mm atrofida bo’ladi. Yog’innig asosiy qismi bahorda (yillik yog’inning 48 foizi) va qishda (30 foiz) tushadi. Lekin mumkin bo’lgan bug’lanish 1000-1500 mm ga yetadi.
 Tuproqlar o’lkaning yerusti tuzilishi, iqlimi va  yerosti suvlarining  holatiga  bog’liq  holda  tarqalgan.
 Qizilqumda 600 dan ortiq o’simlik turlari mavjud. Ular ichida keng tarqalganlari  bahorda o’suvchi efemer va efemeroidlar–rang, qo’ng’irbosh, yaltirbosh, lola, boychechak, chuchmoma, kavrak. Yozning boshlanishi bilan ular sarg’ayib qoladi. So’ngra qurg’oqchilikka va  sho’rxok  yerlarga  moslashgan  o’simliklar  o’saveradi.
 O’lkaning mustahkamlangan  qumliklarida  juzg’un, oq saksovul, quyonsuyak, qum akatsiyasi, qandim, selen kabi  o’simliklar  o’sadi. Sur-qo’ng’ir  tuproqli  yerlarda  shuvoq, burgan, toshburgan  kabilar  tarqalgan.
 O’lkaning sho’rxok, botqoq yerlarida qorasaksovul, yulg’un, baliqko’z, sarisazan, taqirlarda donasho’r o’sadi. Amudaryo sohillarida to’qayzorlar bor.
 Qizilqumning qumli cho’llarida yumronqozoqlar, qum sichqoni, shalpanquloq, qo’shoyoq, kaltakesak, echkemar, o’qilon, qum bug’ma iloni, charxilon yashaydi. Sut emizuvchilardan cho’l mushugi, jayron, xongul, saygoq, bo’ri, tulki, quyon, chigirtkalar bor. Amudaryo sohilidagi to’qaylarda to’ng’iz, qirg’ovul, qizil g’oz, xongul kabi hayvonlar yashaydi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash