Yuklanmoqda...

Surxondaryo 

2901

 Surxondaryo o’lkasi O’zbekistonning eng janubida joylashgan. U o’z ichiga Surxon-Sherobod vodiysini va uning atrofini o’rab turgan tog’larni oladi. O’lka sharqdan va shimoli-sharqdan Bobotog’ va Hisor tog’lari orqali Tojikiston bilan, shimoli-g’arbda Qashqadaryo bilan chegaralanadi, chegara Chaqchar va Buysun tog‘lari orqali o‘tadi. G’arbda Turkmaniston bilan bo‘lgan chegara Ко’hitang tog’ining suvayirg’ich qismidan o’tadi. Janubda chegara Afgoniston bilan Amudaryo orqali o‘tgan davlat chegarasiga to‘g‘ri keladi.
Yer yuzasi, geologik tuzilishi va foydali qazilmalari
  O‘lkani shimol tomonidan Hisor tizmasi o’rab turadi. Bu tizmaning balandligi 4500-4600 metrga yetadi. 0‘zbekistondagi eng baland cho‘qqi — Hazrat Sulton (4643 m) ham shu joyda. Hisor tizmasi janubi-g‘arbida Chaqchar, Boysun, Surxontog‘ kabi tar­moqlari joylashgan bo‘Iib, gersin tog‘ hosil bo’lishida burmalangan.
 Chaqchar tog’ining eng baland cho’qqisi Xuroson hisoblanib, 3744 metrga yetadi. Boysuntog‘ ancha baland bo‘lib, ayrim cho’qqilari shimoli-sharqida 3700 metrga yetadi. Boysuntog‘ning janubi-g‘arbida Ko‘hitang tog‘i joylashgan. Ko‘hitang janubi-g‘arbga 50 km cho‘zilgan va balandligi 3139 metrga yetadi. Boysuntog‘ning sharqida unga yonma-yon holda Surxontog’ joylashgan, u qisqa, lekin ancha baland (3882 m) tog’dir. Bu tog’ning janubida Sherobod-Sariqamish past tog‘lari (1126 m) joylashgan.Sherobod-Sariqamish past tog’ining janubi-g‘arbida Klif-Sherobod past tog‘i joylashgan.
 Surxondaryo tabiiy geografik o‘lkasining sharqida Bobotog‘ joylashgan. Bu tog’ ancha yemirilib, pasayib qolgan bo‘lib, eng baland Zarkosa cho‘qqisi 2289 metrga yetadi. Bobotog’ g’arbga, Surxondaryo vodiysiga va janubga qarab asta-sekin pasayib ketadi. 0‘lkada, yuqorida qayd qilingan tog‘lar orasida botiqlar joylashib neogen va antropogen davrning yotqiziqlari bilan to‘lgan.
  Surxondaryo vodiysi shimoli-sharqdan janubi-g‘arbga taxminan 170 km cho‘zilgan bo‘lib, shu yo’nalishda pasayib boradi. Shakliga ko‘ra vodiy uchburchakka o’xshash. Uning janubi-g‘arbiy qismi keng bo‘lib, 110-115 km ga, shimoli-sharqi tor bo‘lib, 15—20 km.ga teng.
  O’lkada qazilma boyliklardan neft va gaz, ko‘mir, polimetall, alumin rudasi, gips, tuz, har xil qurilish materiallari konlari mavjud. Neft va gaz, asosan, Lalmikor, Ko‘kaydi, Xovdog‘dan, toshko‘mir Sharg‘undan qazib olinadi. Sariosiyoda polimetall rudasi, aluminiy rudasi, gips, ohak konlari bor. O’zbekistondagi eng katta Xo‘jaikon tuz koni shu oikada joylashgan. Surxondaryo janubida tarkibida har xil erigan moddalar saqlovchi bir necha mineral suvlar topilgan. Ularning eng muhimi Jayronxona mineral suvi hisoblanadi. 
Iqlimi va suvlari.
 Surxondaryo vodiysining iqlimi quruq subtropik iqlim. Lekin atrofidagi tog‘larga ko‘tarilgan sari iqlim o’zgaradi. 0‘lkaning tekislik qismida yoz serquyosh, issiq va quruq, tog‘ga tomon harorat pasayib boradi. Qish qisqa va iliq, lekin atrofidagi tog‘larda sovuqroq bo`ladi. Yozda o‘lkaning tekislik qismi juda isib ketadi. Iyulning o‘rtacha harorati Denovda +28,2°C, Sherobodda +32 С ga yetadi. Yozda havo harorati Termizda +50°C ga ko‘tarilganligi kuzatilgan (1914-yil 21-iyulda). Bu Respublikamizda qayd qilingan eng yuqori haroratdir. Qish o’lkaning tekislik qismida iliq bo‘lib, yanvarning o‘rtacha harorati Sherobod va Termizda +2,8°C ga teng. Lekin atrofidagi tog‘laming 2500-3000 m balandliklarida yanvarning o‘rtacha harorati -6°C dir. Ba’zan qishda sovuq havo massalari tog‘lardan o‘tib, tekislik qismi haroratini pasaytirib yuboradi. Shunday kezlarda havo harorati —20°—25°C gacha pasayadi.
 Surxondaryo o‘lkasida yog‘inlar notekis taqsimlangan. 0‘lkaning janubidagi tekisliklarga eng kam yog‘in (yiliga 133-230 mm) tushadi. Lekin tog‘ yonbag’irlari bo‘ylab ko‘tarilgach, yog‘in miqdori ortib, 500-600 mm.ga yetadi. Hisor tog‘larining janubiy yonbag‘irlariga   800-900 mm gacha yog‘in tushishi mumkin, yillik yog‘inning ko’p qismi qishda  (46-48 foiz) va bahorda (43-44 foiz) yog‘adi. Kuz oylariga yillik yog‘inning 8-10 foizi, yozga esa atigi 1-2 foizi to‘g‘ri keladi.
     Suvlari. 
  Surxondaryo tabiiy-geografik o`lkasida uzunligi 20 km dan ortiq bo‘lgan 35 ta daryo va daiyochalar mavjud. Ularning bir yillik suv miqdori 3,8 km kub yoki o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi sekundiga 119 m kubni tashkil etadi. Bu daryolar ichida eng kattalari Surxondaryo va Sheroboddaryo hisoblanadi. Surxondaryo To‘polondaryo bilan Qoratog`daryolarining qo‘shilishidan vujudga keladi.
   Tо‘pоlоn Surxondaryoning eng katta va eng sersuv daryosi bo‘lib, Hisor tog‘ining 4648 m baland qismidan Qorasuv nomi bilan boshlanib, G‘ova irmog‘ini qo‘shib olgach To’polondaryo nomini oladi. Uning uzunligi 124 km, havzasining maydoni 2200 kv.km. U qor-muzlarning erishidan to‘yinadi, to‘lin suv davri V-VI oylarga to‘g‘ri keladi. Uning o‘rtacha yillik suv sarfi sekundiga 54,6 m kub. eng ko‘pi sekundiga 470 m kub, eng kami 5,7 m kub.
  Qoratoldaryo Hisor tog‘ining 4200 m balandlikdagi janubiy yonbag‘ridan shu nom bilan boshlanadi. Uning uzunligi 100 km atrofida, suv yig‘adigan havzasining maydoni 682 kv.km. Qoradaryo qor-muzlarning erishidan to‘yinadi, binobarin, eng ko‘p suvi V—VI oylarga to‘g‘ri keladi. Uning o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi sekundiga 23 m kubni, maksimal suv sarfi sekundiga 239 m kub, minimal 2,5 m kub.
  Surxondaryo To‘polon bilan Qoratog‘ daryolarining qo‘shilgan yeridan Amudaryogacha 196 km. Shu masofada o‘ng tomondan Sangardak va Xo‘jaipok irmoqlarini qo‘shib oladi. Surxondaryo asosan qor-muzlarning erishidan to‘yinib, o‘rtacha ko‘p yillik suv sarfi Qorovultepa qishlog’i yonida sekundiga 70,2 m kub ni tashkil etadi, eng katta suv sarfi sekundiga 600 m kub, eng kami sekundiga 0,1 m kub.
  Sheroboddaryo Boysun tog‘ va uning davomi hisoblangan Ko’hitang tog’ining sharqiy yonbag’ndan boshlanuvchi Irg’oyli va Qizilsoy daryolari qo’shilishidan vujudga keladi. U Sherobod shahridan quyida Qorasuvdaryo deb yuritiladi. Uning uzunligi 186 km bo’lib, o’rtacha ko’p yillik suv sarfi sekundiga 7,5 m.kub. Sheroboddaryo qor-yomg’ir suvlaridan to‘yinganligi tufayli eng ko’p suvi IV-V oylarda oqadi.
   Yerosti suvlari har xil davr yotqiziqlari orasida uchraydi. Paleogen va neogen davri yotqiziqlari orasidagi suv 140-150 m chuqurliklardan chiqib, chuchuk. Bo’r davri yotqiziqlari orasidagi 1000-2000 m chuqurliklardan chiquvchi mineral shifobaxsh suvlar harorati 60-70°ga yetadi. Surxondaryo tabiiy geografik o’lkasida suv ta’minotini yaxshilash maqsadida Surxondanyoda Janubiy Surxon (suv sig’imi 800 mln. m.kub), Uchqizil (suv sig’imi  16 mln. m kub) suv omborlari qurilgan.
Tuproqlari, o'simliklari va hayvonot dunyosi
  Surxondaryo tabiiy-geografik o‘lkasining okean sathidan 500 m balandlikkacha bo‘lgan joylarida och bo‘z tuproq tarqalgan.
  Yerosti suvlari yer betiga yaqin bo‘lgan joylarda sho‘rlashgan bo‘z tuproq uchraydi. Surxondaryo va Sherobod daryolarining qayirlarida allyuvial-o‘tloq va botqoq tuproqlar uchrasa, janubiy qismidagi qum massivlarida qumli va qumloq tuproqlar uchraydi.
O‘lkaning 500 m dan 1200 m balandlikkacha qismida oddiy va to‘q tusli bo‘z tuproqlar tarqalgan. Bunday tuproqlar ko‘p joylarda o‘zlashtirilib, madaniy bo‘z tuproqqa aylantirilgan.
  

  Surxondaryoning 1500 - 2500 m dan balandda bo‘lgan tog‘ yonbag‘irlarida tog‘ jigarrang tuproqlari tarqalgan bo‘lib, tarkibida chirindi 4 - 6 foizga boradi. 2500 m dan yuqorida yaylov mintaqasi boshlanib tog‘ o‘tloq, o‘tloq, o‘tloq-botqoq tuproq uchraydi.

  O‘simliklari. O‘lkaning 500 m balandlikkacha bo‘lgan qismida cho‘l mintaqasiga oid o‘simliklardan rang, iloq, qo‘ng‘irbosh, no‘xatak, shuningdek, shuvoq va boshqa o‘simliklar o‘sadi. Yirik daryo qayirlarida to‘qay o‘simliklari mavjud. Yerosti suvlari yer betiga yaqin bo‘lgan joylarda sho‘ralar o‘sadi. Surxondaryo vodiysining janubiy qismidagi qumloqlarda juzg‘un, qum ilog‘i, quyonsuyak kabi o‘simliklar uchraydi.
  Adirda ko‘proq efemer o‘simliklar hamda shuvoq, kavrak, qo‘ziquloq, bir yillik astragal, javdar, bug‘doyiq kabilar mavjud. Shuningdek, adirlarda butasimon o‘simliklardan itburun, bodom, zirk kabilar ham o‘sadi.
  Surxondaryo tog‘larida (1500-2500 m) bug‘doyiq, javdar, tipchoq, yovvoyi arpa, shirach, qurg‘oqchil va toshloq yerlarda astragal o‘sadi. Butalardan bodom, irg‘ay, itburun, zirk, daraxtlardan archa, zarang, xandon pista, yong‘oq, do‘lana, terak kabilar o‘sadi. Surxondaryo o‘lkasining sharqida joylashgan Bobotog‘ o‘zining xandon pistalari bilan mashhurdir. Surxondaryo o‘lkasining 2500 m dan baland qismida yaylov mintaqasi joylashib, unda subalp va alp o‘tloqlari mavjud. Surxondaryo vodiysida quruq subtropik iqlim tufayli anor, anjir, xurmo, shakarqamish, sitrus va boshqa issiqsevar mevali daraxtlar va mevalar yetishtiriladi. Jumladan, Denov subtropik o‘simliklar maskanida issiq mamlakatlarda o‘suvchi daraxt va mevalar yetishtirilmoqda.
  Hayvonot dunyosi. Surxondaryo tabiiy-geografik o‘lkasida bo'ri, tulki, bo‘rsiq, kiyik, tog‘ takasi, tog‘ qo‘yi, Hindiston maynasi, qaldirg‘och, kemiruvchilardan kalamush, qo‘shoyoq, yumronqoziq yashaydi.
  To‘qaylarida to‘qay mushugi, qirg‘ovul, yovvoyi cho‘chqa, chiyabo‘ri, tulki, g‘oz, o‘rdak uchraydi.
  Sudralib yuruvchilardan o‘qilon, Turkiston kapcha iloni, gek-kon kaltakesagi bor. Bulardan tashqari, yana jayra, tasqara, chil va kakliklar ham yashaydi.
  Surxondaryo o‘lkasi tabiatini, xususan, Amudaryo to‘qayzorlarini va Ko‘hitang tog‘ landshaftini himoya ostiga olish uchun Surxondaryo qo‘riqxonasi tashkil etilgan. Bu qo‘riqxona ikkita qismdan iborat. Birinchi qismi Payg‘ambarorol qo‘riqxonasini o‘z ichiga oladi. Unda to‘qay landshafti va u yerdagi o‘simliklar (baland bo‘yli qamishzorlar, ilonpechak, yovvoyi jiyda, tol, teraklar mavjud) hamda hayvonlar (xongul, to‘ng‘iz, tulki, to‘qay mushugi, chiyabo‘ri, quyon, tojdor tustovuq, ilonlar va boshqalar) himoya qilinadi.
Qo‘riqxonasining ikkinchi qismi sobiq Ko‘hitang buyurtmasining hududini o‘z ichiga olib, tog‘ landshafti hamda morxo'r, Buxoro tog‘ qo‘yi, burgut himoya ostiga olingan. Shuningdek, qo‘riqxona hududida Zarautkamar arxeologik yodgorligi ham joylashgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash