Yuklanmoqda...

Zarafshon vodiysi 

2317

  Zarafshon tabiiy o‘lkasi O‘zbekiston Respublikasining markazida joylashgan bo‘lib  Zarafshon vodiysining o‘rta va  quyi qismini o‘z  ichiga oladi.  Sharqdan  Tojikiston  Respublikasi hududi  bilan  chegaradosh,  shimoldan  Turkiston tizmasining  g‘arbiy qismi  hisoblangan Chumqar  tog‘, G‘o‘bdin, Nurota, Oqtog‘ va Qoratog‘ bilan, janubdan  Chaqalikalon, Qoratepa, Zirabuloq–Ziyovuddin tog‘lari  bilan,  janub va  janubi-g‘arbdan   Sandiqli qumli cho‘li  bilan, shimoli-g‘arbdan esa Qizilqum  bilan o‘ralgan.
  Zarafshon vodiysi  yer usti  tuzilishiga ko‘ra  Samarqand botigidan, tog‘ va qirlardan  iborat.  G‘arbiy  qismi keng va atrofi qumli cho‘llar bilan o‘ralgan  tekisliklardan, xususan  Buxoro va Qorako‘l  vohalaridan iborat.  O‘lka yer yuzasi jihatdan uch qismga bo‘linadi.
  Zarafshon  vodiysiga, Turkiston–Nurota–Oqtog‘ va Zirabuloq–Ziyovuddin  tog‘lariga  bo‘linadi. Samarqand vohasi  shu nom bilan ataluvchi  botig‘da joylashgan.  Botiqning  eng keng joyi  70-80 km, uzunligi  220 km.  Vodiy g‘arbdan kengayib, Buxoro vohasini  hosil qiladi. Shimol tomondan Qizilqum o‘rab olib, vohaning janubi–sharqida  joylashgan Qorako‘l  platosi uni Qorako‘l vohasidan  ajratib turadi. Bu yerda voha torayib, Qorako‘l yo‘lagini hosil qiladi. Zarafshon vodiysi  tektonik botiqda joylashgan bo‘lib, usti asosan  yosh paleogen va neogen cho‘kindi  yotqiziqlaridan  tarkib topgan. Bu yotqiziqlar ustini Zarafshon va uning irmoqlari olib kelgan yotqiziqlar  qoplab olgan.  Shu sababli lyoss, qum, shag‘al, konglomeratlar ko‘p tarqalgan. Vodiy neogen davrigacha  dengiz sathida  bo‘lgan. Neogen davridagi tektonik  harakatlar ta’sirida  esa quruqlikka  aylangan.
 Vodiyning shimol tomonidagi  tog‘lardan  eng balandi Oqtog‘ bo‘lib, balandligi 2005 m ga yetadi.  Bu tog‘ning  shimolida  esa  Nurota–Qo‘ytosh  botig‘i joylashgan.  Uning  o‘rtacha balandligi 1500 m.  Eng baland  Hayotboshi (Zargar)  cho‘qqisi 2165 metr.   
  Nurota tizmasi  sharqda Sangzor daryo vodiysi (Ilono‘tti darasi) orqali  Morguzar tog‘idan ajratib turadi. Zarafshon tabiiy geografik o‘lkasida  qazilma boyliklar ko‘p  va xilma–xil.  Nurota tizmasidagi  nodir va noyob metallar, volfiram konlari, Muruntov oltin koni, G‘o‘bdin  tog‘idagi  Marjonbuloq oltin koni, Oqtog‘ va  Omonqo‘tondagi  marmar konlari, binokorlik materiallari  mavjud.  Dunyoga mashhur G‘ozg‘on marmar koni ham shu o‘lkada joylashgan.   Buxoro va Qorako‘l vohalari atrofida Jarqoq, Gazli, Qorovulbozor gaz konlari joylashgan. O‘lka Yer osti suvlariga ham juda boy hisoblanadi.
 Iqlimi va suvlari.
 Zarafshon tabiiy geografik o‘lkasi subtropik kengliklarda joylashgan bo’lib, quyosh uzoq vaqt isitib turadi. Shu sababli quyoshning yalpi radiatsiyasi bir kv. sm yuzaga bir yilda 150 kaloriyani tashkil qiladi. Buning ustiga bulutsiz kunlar ko’p bo’lib, quyosh yiliga 3000 soatgacha yoritib turadi. Shu sababli yoz Zarafshon vodiysida juda issiq va quruq keladi, qish esa nisbatan iliq. Zarafshon vodiysining shimoli-sharqiy qismi tog’lar bilan o‘ralganligi sababli shimoldan, shimoli-sharqdan kirib keladigan sovuq havo massalari nisbatan kam ta’sir etadi. Aksincha, vodiyning shimoli-g’arbiy qismi ochiq sovuq bo’lganidan shimoli-sharqdan esuvchi sovuq shamollar bemalol yetib keladi. Shu sababli vodiyning g’arbiy qismida sharqiga qaraganda qish sovuqroq bo’ladi.  

 Agar vodiyning sharqida (Samarqandda) yanvarning o’rtacha harorati -0,5°C bo’lsa, g‘arbida (Shofirkonda) bu ko’rsatkich -1,5°C ni tashkil etadi. Aksincha, yozda vodiyning g’arbiy qismi issiq bo’lib, iyulning o’rtacha harorati Shofirkonda 29,1°C bo’lsa, sharqida—Samarqandda 26°C. Vodiyni o’rab turgan tog’larda qish nisbatan sovuq, yoz salqin bo’ladi. O‘lkada yog`inlar hudud bo’yicha notekis taqsimlangan. G’arbida yiliga 114-177 mm, sharqida 300-350 mm, atrofidagi tog’larda (Omonqo’tonda) 881 mm gacha yog’in tushadi. Eng ko’p yog’in bahorda, eng kami yozda yog’adi. Qishda yog’in ko’proq qor tarzida yog‘adi. Lekin qor qoplamining qalinligi o’lkada birday emas.

      Suvlari. 
 O’lkaning asosiy suv manbayi Zarafshon daryosidir. U Zarafshon muzligidan boshlanadi. Daryoning o’rta va quyi oqimi O’zbekistonga qaraydi. Bu qismda Zarafshon daryosi keng o’zanda sekin oqadi va Samarqand shahri yaqinida ikki tarmoqqa bo’linadi. Shimoliy tarmog’i Oqdaryo (uzunligi 131 km), janubiy tarmog’i Qoradaryo Xatirchi yaqinida qo’shilib, Miyonqal’a orolini hosil qiladi.
 Zarafshon muz va qorlaming erishidan to’yinadi. Shu sababli uning to’lin suvli davri iyun-iyul oylariga, eng kam suvli davri qishga to‘g‘ri keladi. Zarafshon daryosi suvining bir qismi Eski Tuyatortar arig‘i orqali Sangzor vodiysiga, Eskianhor arig’i orqali esa Qashqadaryo viloyatiga oqizilgan. Zaraf­shon daryosiga o‘lka hududida hech qanday irmoq qo’shilmaydi, faqat atrofidagi tog`lardan boshlanuvchi 120 ga yaqin soy bor.   Zarafshon vodiysida yerosti suvlari ancha ko’p. Ular, asosan, Samarqand botig’i, Buxoro va Qorako’l vohalarida to’plangan. Yuza grunt (sizot) suvlar sho’r, ichish uchun yaroqsiz. 100—130 m chuqurlikda joylashgan antropogen yotqiziqlaridagi suvlar esa chuchukdir.  O‘lkada yana katta chuqurlikdan chiquvchi artezian suvlar, jumladan, minerallashgan issiq suvlar ham bor.

 Tuproqlari, o`simliklari va hayvonot dunyosi. 

 Tuproqlari. O`lkaning sug‘oriladigan qismida chirindisi 1-2 foiz bo`lgan o‘tloq — voha tuproqlari tarqalgan. Vodiyning g‘arbida — Buxoro va Qorako`l vohasining sug‘orilmagan qismi va atroflarida sur-qo’ng’ir, taqir, qumli va sho’rxok tuproqlar uchraydi. Vodiyning o’zlashtirilmagan qayirlarida o’tloq, botqoq-o‘tloq, zaxkash qismida botqoq tuproqlar mavjud. Bu tuproqda chir­indi atigi 0,5 foiz bo’ladi. Zarafshon vodiysining 1200 m balandlikkacha bo’lgan qismlarida bo’z tuproqlar tarqalgan. O`lkaning 400 m dan 900—1000 metrgacha bo’lgan qismlarida oddiy bo’z tuproqlar tarqalgan. Bu tuproq xili birmuncha hosildor bo`lib, tarkibidagi chirindi miqdori 1,5-3,0 foizga boradi. O`lkaning 1000-1200 m balandlikdagi qismlarida to’q bo’z tuproqlar tarqalgan bo’lib, chirindi miqdori 2,5-3,5 foizga yetadi. Tog’larning 1200 m dan baland qismida och jigarrang tuproqlar uchraydi.   
 О`simliklari. Zarafshon o’lkasida o’simliklar ham g’arbdan sharqqa. tekislikdan tog’ga tomon o’zgara boradi. Cho’l balandlik mintaqasi Zarafshon o’lkasining 400 m balandlikkacha bo’lgan qismlarini o’z ichiga oladi. Bu yerda yoz issiq, quruq, jazirama bo’lib, uzoq davom etadi. Binobarin, shunday sharoitga moslashgan (sertuk, ildizlari uzun, suvni kam bug’latadigan) o’simliklar o’sadi. Cho’llardaefemer, efemeroid, shuvoq kabi o’simliklar ko’p o’sadi. Qumli yerlarda oq va qora saksovul, juzg’un, cherkez, quyonsuyak, selin, iloq, ba`zan yantoq tarqalgan. Sho’rxok joylarda sarsazan, yetmak o’sadi.
  Adir mintaqasi 400-1200 metrgacha bo’lgan joylarni o‘z ichiga oladi. Adirning asosiy tabiiy o’simliklari efemer va efemeroidlar, ayniqsa, rang, qo‘ng‘irbosh, chuchmoma, boychechak, lolaqizg‘aldoqlar va loladan iborat. Adirda, shuningdek. oqkavrak, shuvoq, juzg’un, burgan, gulxayri, chalov, bug’doyiq, yovvoyi javdar kabi o’simliklar o’sadi. Adirning tog’ yonbag’irlarida, toshloqli yerlarida yovvoyi bodom, na’matak, do‘lana; Zarafshon to’qaylarida — tol, lox, turang’il, qamish, yovvoyi jiyda, jirg‘anoq o’sadi.
  Hayvonot dunyosi.  Zarafshon o’lkasi cho’l qismining qum va taqirlarida yumronqoziq, turli xil kaltakesaklar, falanga, qoraqurt, o‘rgimchaklar, qo’shoyoq, qumsichqon, tipratikan, ilonlar ko’p uchraydi. Qushlardan vodiy qismida qirg’ovul, loyxo‘rak, o’rdak, saksovulzorlarda xojasavdogar bor. Cho’l zonasida jayron, tulki, bo’rsiq, bo’ri, to’qayzorlarda esa chiyabo`ri, to‘qay mushugi ham uchrab turadi. Zarafshon o’lkasining adir va tog’li qismlarida esa bo’ri, tulki, bo’rsiq, jayra, ayiq, to’ng’iz, kiyik, arxar, qushlardan kaklik, bedana, lochin, qirg’iy, burgut, kalxat,kemiruvchilardan yumronqoziq, o’rmon kalamushi, qizil dumli sug‘ur, kulrang sassiqko’zan, tosh suvsari tarqalgan. O’lkada Buxoroga yaqin joyda jayronxona joylashgan bo’lib, hududida YUNESKO «Qizil kitobiga kiritilgan cho’l ohusi — jayronlar yashaydi, ular muhofaza ostiga olingan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash