Mirzacho`l 

2097

 Mirzacho‘l tabiiy geografik o‘lkasi asosan Sirdaryo bilan Arnasoy ko`li oralig‘ida joylashgan. U shimolda Qozog’iston bilan, janubi-sharqda Tojikiston bilan, g‘arbda Qizilqum o‘lkasi bilan chegaradosh. O‘lkaning janubida Turkis­ton, Morguzar, Nurota tog‘ tizmalari joylashgan. Turkiston, Morguzar, Nurota tog‘larining shimoliy yonbag‘ri Mirzacho‘l tabiiy geografik o‘lkasiga kiradi, chegara ularning suvayirg‘ich qismlari orqali o‘tadi.
Yer yuzasi, geologik tuzilishi va foydali qazilmalari.
  Mirzacho‘l o‘lkasining yer yuzasi bir xil emas. U janubi-sharqdan shimoli-g‘arbga tomon pasayib boradi. Mirzacho‘l o‘lkasi geologik tuzilishi jihatidan bir xil emas. Uning janubidagi tog‘ tizimlari paleozoy erasining gersin tog‘ hosil qilish jarayonida ko‘tarilgari Bu davrda Mirzacho‘lning tekislik qismi dengiz suvi ostida bo‘lgan. So‘ngra ko‘tarilgan tog‘lar yemirilib pasaygan, natijada ularning quyi qismlarini dengiz suvi bosgan. Alp tog‘ hosil qilish jarayonida o‘sha pasaygan tog‘lar qayta ko‘tarilib, dengiz suvi chekinib, o’lkaning tekislik qismi ham quruqlikka aylangan. 
 O’lkaning tekislik qismi shimoli-g’arbga nishab bo’lib, o’rtacha balandligi 250-300 m. Uning shimoli-g’arbining balandligi 260 m, janubi-sharqiniki 350 m, Sirdaryo sohillarida 250 m. Janubidagi tog‘ etaklarida balandlik 450-530 m. Turkiston tizmasining davomi hisoblangan Morguzar tog’i o’lka hududiga kiradi, o’rtacha balandligi 1500—2000 m, ayrim cho’qqilari 2621 m ga yetadi. Morguzar tog’i g’arbga davom etib. Sangzor daryo vodiysi orqali Nurota tog’idan ajraladi. Sangzor vodiysining eng tor joyi Amir Temur (Ilono’tti) darvozasi deyiladi, uning kengligi 120-130 m.
  Nurota o’rtacha balandlikdagi tog‘ bo’lib, eng baland cho’qqisi Hayotboshi — 2169 m. ga yetadi. Nurota tog’ining sharqiy qismini Qo’ytoshtog’i deb yuritishadi. Qo’ytoshtog’i etagida Pistalitog’, uning janubi-sharqida Baliqlitog’ joylashib, eng baland yerlari 500-580 m atrofida o‘zgarib, soylar bilan parchalangan. Turkiston-Nurota tog’lari asta-sekin pasayib, Mirzacho‘l tekisligiga tutashib ketadi. Mirzacho‘l tekisligining yuzasi past-balandliklardan iborat bo‘lib, markaziy qismida Yettisoy, Sardoba, Qorasuv, Yog’ochota, Shuruzak kabi botiqlar joylashib, Arnasoy tomon pasayib boradi. Bu o’zansimon botiqlar orasida Boyovut, Mirzaobod, Mirzacho‘l, Yerijar kabi balandliklar (tepachalar) joylashgan. Boyovut balandligi Sirdaryo bilan Yettisoy botig`i orasida, Yerijar Sho‘ro‘zak botig‘i bilan Sirdaryo orasida, Mirzaobod balandligi Yog‘ochota botig‘i bilan Sardoba botig‘i orasida joylashgan. Bu tepachalaming nisbiy balandliklari 2-8 m atrofida. Mirzacho‘l tekisligining shimoli, shimoli-sharqida Sirdaryoning uchta terrasasi joylashib, bir-biridan 2-3 m balandlikda turadi. Foydali qazilmalar ko’p emas. Asosiy qazilma boyligi marmar, asbest, ohaktosh, polimetall rudasi, tuzlar va boshqalar.
Iqlimi va suvlari.
  Iqlimi. Mirzacho’l o’lkasining tekislikdan iborat ekanligi va janubida tog‘ tizmalarining mavjudligi natijasida iqlimi o‘ziga xosdir. Qishda Arktika va Sibir sovuq havo massalari bemalol to‘siqsiz tekislikka kirib keladi. Bu sovuq havo massalari o‘lka janubidagi tog‘lardan o’ta olmay, tekislik qismida to’planib qoladi. Natijada qishda havo harorati pasayib. yanvarda o’rtacha harorat —1—3° bo‘lsa, ayrim kunlarda havo harorati —30—35° gacha pasayadi. Aksincha, yozdf termik depressiya ta’sirida bo‘ladi va havo quruq, jazirama issiq bo‘lib, iyulning o‘rtacha harorati 26—28°C bo’ladi, ba’zida harorat 44—45°C gacha ko’tarilishi kuzatiladi.
  Mirzacho‘lning tekislik qismida yillik yog`in miqdori 200—350 mm atrofida boiib, tog larga tomon orta boradi. O’lkaning janubiy qismidagi Nurota tizmasi va Morguzarning shimoliy yonbag‘rida yillik o’rtacha yog‘in miqdori 350—400 mm. Turkiston tog‘ tizmasining shimoliy yonbag‘rida esa 600 mm dan ortadi. Tog‘larda qor ko’p yog’adi, uning qalinligi 50 sm dan 1 m gacha yetadi. Mirzacho’lning tekislik qismida o‘rtacha yillik yog‘in miqdori 250 mm atrofida bo‘lgani holda mumkin bo‘lgan bug’lanish 1000—1200 mm. Demak, bug‘lanish yog‘in miqdoriga nisbatan 4 — 4,5 baravar ko’p.
  Suvlari. O`lkaning eng yirik va asosiy suv manbayi — Sirdaryo. Sirdaryo Mirzacho‘lning shimoli-sharq tomonidan oqib o’tadi. Sirdaryo vodiysining Mirzacho‘1 o’lkasi hududidagi kengligi 15 km ga yetadi. Daryo o‘zanining qirg‘oqlari tik. Vodiyda qoldiq o’zanlar uchraydi. Qoldiq o‘zanlarning ayrimlari ko‘l va botqoqliklardan iborat. Sirdaryoga  o`ng tomondan Ohangaron va Chirchiq daryolari quyiladi. Mirzacho’l о`lkasi hududida qishda Sirdaryo muzlaydi. Mirzacho‘lni suv bilan ta’minlaydigan barcha katta va kichik ariqlar Sirdaryodan boshlanadi. Sangzor Turkiston tizmasidagi qor-muz suvidan to‘yinadi, yozda suvi ko‘payib, qishda kamayadi. 0‘rtacha bir oydagi suv sarfi sekundiga 6,1 m\kub, eng ko‘p suv sarfi sekundiga 12,2 m.kub ni tashkil etadi. Daryoning uzunligi 123 km. Uning suvini tartibga solish maqsadida Jizzax shahri yaqinida suv sig‘imi 100 mln. m3 bo‘lgan Jizzax suv ombori qurilgan. Turkiston tizmasining shimoliy yonbag‘ridan boshlanuvchi Rovotsoy, Sayxonsoy, Turkmansoy, Achisoy, Qushchisoy, Zomin, Jaloirsoy kabi soylar mavjud. Bularning suvi bahorda ko’payib, yozda kamayib qoladi.
  O‘lkaning Markaziy qismi (Mirzacho‘l tekisligi) ning yuzasi nisbatan tekis bo‘lganligi tufayli grunt suvining siljishi qiyin bo`lib, yuzada (1-5 m chuqurlikda) joylashib, sho’r, ichishga yaroqsiz. Tekislikning Sirdaryo qayirlarida esa grunt suvining chuqurligi 1-3 m atrofida bo‘lib sho‘rlashgan. Tekislikning shimoli-g‘arbi (Aydar-Arnasoy ko‘li) tomon grunt suvi yer betiga (0,5-1 m chuqurlikda) yaqin bo‘lib o‘ta sho’rlangan. Lekin Mirzacho‘l tekisligidan tog’oldi tomon grunt suv sathi chuqurlashib (10-20 m) va chuchuklashib boradi. O’lkaning tekislik qismini 200-300 m chuqurliklarida chuchuk suv qatlami, 1500-3000 m chuqurliklarda esa mineral termik suv qatlami mavjudligi aniqlangan.
  Mirzacho‘l o’lkasining shimoli-g‘arbida Arnasoy, Aydar va Tuzkon ko‘llari joylashgan. Ular Sirdaryo (suv toshgan davrida) suvi bilan to‘ldirilgan va zovur suvlari zaminida vujudga kelgan. Bu ko’llarning baliqchilikdagi ahamivati katta. Hozir bu ko’llarda 20-21 kub.km atrofida suv to’plangan.
 
Tuproqlari, o`simliklari va hayvonot dunyosi.
 Tuproqlari. O’lkada, geografik o‘rniga ko‘ra, och va tipik bo‘z tuproqlar tarqalgan bo‘lib, ular orasidagi chegara taxminan 450 m mutlaq balandlikdan o‘tadi. Mirzacho‘lo‘lkasining asosiy qismini sug‘orma och bo‘z va bo‘z-o‘tloq tuproqlar egallagan. Mirzacho‘l о lkasining shimoli-g‘arbida qumliklar mavjud bo‘lib, ular orasida sho‘rxoklar, gilli taqirlar uchraydi. Aydar-Tuzkon-Arnasoy ko‘llari atrofida sho‘rxoklar, botqoqlashgan yerlar mavjud. Mirzacho‘l tekisliklaridagi qadimiy Sirdaryo o‘zanlari hisoblangan Yettisoy, Sardoba kabi botiqlarda sho‘rxoklar joylashgan.Tog‘ yonbag‘ri bo‘ylab tipik, to`q bo’z va jigar rang tuproqlar tarqalgan.
 O‘simliklari. Mirzacho’l tabiiy o’lkasida cho‘l, adir, tog’ va yaylov mintaqalariga xos o’simliklar uchraydi. Cho’l o’simliklari, asosan, efemerlar—sho’ro’zak, qorabosh, burgan, lolaqizg’aldoqlardan iborat bo’lib, ular jazirama issiq boshlanishi bilan qovjiray boshlaydi. So’ngra issiq va qurg’oqchilikka chidamli shuvoq, chalov, sho’ra, yulg`un va yantoqlar yozda ham o‘saveradi. Sho‘rxok joylarda tatir, burgan, sho’rajriq, yulg‘un, tuvaqonn kabi o‘simliklar o’sadi. Mirzacholning tog‘ etaklari va undan yuqorida na’matak, irg’ay, zirk, pista, bodom, olma, olcha kabi buta va mevali daraxtlar o’sadi. Nurota togiarida yong’oqlar, Turkiston tog‘ tizmasining 1500—2500 m balandlik qismida archazorlar uchraydi. 2800-3000 metrdan balandda qo’ng’irbosh, rang, yovvoyi arpa kabi o’tlar o’suvchi yaylov mintaqasi boshlanadi. Sirdaryo bo’yidagi to’qaylarda yulg’un, tol, turong’il, jiydakabi o’simliklar o’sadi.
 Hayvonot dunyosi. 
O`lkaning katta qismida cho`l hayvonlari yashaydi, ulardan eng muhimlari kemiruvchilardan qo`shoyoq, yumronqoziq, quyon, sudralib yuruvchilardan kaltakesak va ilon, yirtqichlardan bo`ri, tulki, bo`rsiq, hasharotlardan chayon, falanga, sutemizuvchilardan tulki, bo`ri, jayronuchraydi. Qushlardan to`rg`ay, so`fito`rg`ay, boyo`g`li  yashaydi. Sirdaryo to`qaylarida to`qay mushugi, to`ng`iz, chiyabo`ri, qushlardan qirg`ovul, o`rdak va g`ozlar, Sirdayoda ondatralar yashaydi.
 Mirzacho`l janubidagi tog`larda yirik sutemizuvchi hayvonlardan kiyik, tog` takasi, alqor, yirtqichlardan bo`ri va tulki, shuningdek, qushlardan bedana, bulbul, kaklik, ulor, kalxat, lochim, qirg`iy, burgut yashaydi.
 Daryo va suv havzalarida zog`orabaliq, olabug`a, laqqabaliq, cho`rtanbaliq, qorabaliqlar yashaydi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash