Yuklanmoqda...

Farg`ona vodiysi 

2359

  Farg’ona tabiiy geografik o’lkasi Farg’ona vodiysida joylashgan bo’lib, atrofi tog’lar bilan o’ralgan. Vodiy tabiati go’zal va maftunkor, noz-ne’matlarga boy, jannatmakon o’lka bo’lib, foydali qazilma konlari ham bor. Shuning uchun ham uni «O’zbekiston durdonasi» deb atashadi. Vodivnmg xaritadan ko’rinishi bodom shaklida bo’lib, shimoli-g’arbdan Mo’g’iltog’, Qurama tog’ tizmasi. shimoldan Chotqol tizmasi, Sharqdan Far­g’ona tizmasi, janubdan esa Oloy va Turkiston tizmalari o’rab turadi. Uning uzunligi g‘arbdan sharqqa 370 km ga cho‘zilgan, kengligi o‘rtacha 90 km, eng tor yer — g‘arbida eni 9 km bo‘lib, «Xo’jand darvozasi» deyiladi va Dalvarzin va Mirzacho‘l tekisliklari bilan tutashadi.
Yer yuzasi, geologik tuzilishi va foydali qazilmalari
 Farg’ona vodiysining tekislik qismi Farg‘ona botig‘i deyiladi. Uning atrofini geologik xususiyati va yerusti tuzilishi jihatidan bir-biridan farqlanadigan adir hamda tog‘lar olrab turadi. Asosiy qismi tektonik botiqda joylashib, neogen davrining oxiri va quyi antropogen davrida dengizdan bo’shab quruqlikka aylangan. So’ngra atrofidagi tog‘lardan boshlanadigan daryolar olib kelgan qum, gil, lyossimon jinslar bilan qoplangan. Farg’ona botig‘ining atrofini adir va tog‘lar o‘rab olgan bo’lib, ular geologik tuzilishi jihatidan farqlanadi. Tog’lar, asosan, paleozoy erasida sodir bo’lgan gersin tog‘ hosil qilish jarayonida quruqlikka aylangan. Bular vodiyning janubidagi Oloy-Turkiston, sharqidagi Farg’ona, shimolidagi Chotqol va g’arbidagi Qurama tog’laridir. Ular, asosan, paleozoy erasining slaneslari, ohaktoshlari kabi jinslardan iborat. Farg’ona vodiysida qazilma boyliklaridan neft, gaz, oltingugurt, tog’ mumi, o’tga chidamli gil. gips konlari mavjud.
  O‘lka yerusti tuzilishi jihatidan, markaz tomon hamda sharqdan g’arbga pasayib boradi. Atrofni o‘rab olgan adirlarning balandligi 600-1200 m bo’lsa, Farg’ona shahrida 578 m ga. Andijonda 496 m ga, Namanganda 449 m ga tushib qoladi. O’lkaning sharqida mutlaq balandlik (Uchqo’rg’onda) 500 m bo’lsa, g’arbidagi Qu’qon shahrida 405 m ga, Xo’jandda 320 m ga tushib qoladi.
   Farg’ona o’lkasining markaziy qismi botiqdan iborat bo’lib, nisbatan tekis. Undan Sirdaryo oqib o’tib, uchta eski qayir hosil qilgan. Botiqning markaziy qismida Yozyovon va Qoraqalpoq cho’llari bo‘lib, qum relyef shakllari—do’nglar, o’simlik bilan mustahkamlangan tepaliklar va kichik ko’chib yuruvchi qumliklar (barxanlar) mavjud. Hozir o‘sha qum do’nglari va tepaliklarning ko‘p qismi tekislanib ekinzorlarga aylantirilgan.
   Farg’ona botig’i atrofini halqa kabi adirlar o’rab olgan. Adirlarning dengiz sathidan balandligi 600-1200 m atrofida bo’lib. ustki qismi nisbatan tekis, yonbag’irlari kichik soylar, jarlar bilan yemirilgan. Adirlami sharqdan Farg’ona tizmasi, shimoldan Chotqol, g’arbdan Qurama-Mo’g’ul, janubdan Oloy- Turkiston tizmalari o‘rab turadi. 
Iqlimi va suvlari. Tuproqlari, o`simliklari va hayvonot dunyosi. 
  Iqlimi. Farg’ona tabiiy geografik o’lkasi turli tomondan tog’lar bilan o’ralganligi tufayli shimoldan, shimoli-sharqdan esuvchi sovuq va g’arbdan esuvchi nam havo massalarini bevosita o’tishiga to siq bo’ladi. Shu sababli uning iqlimi issiq, quruq, davomli yoz hamda mo’tadil qish bilan tavsiflanadi.
  Qishda tabiiy o’lkaning atrofini o’rab olgan tog’lardan esadigan sovuq havo Farg’ona botig’ining markaziy qismida to’planib qoladi. Natijada yanvarning o’rtacha harorati —3°C atrofida boladi. O‘lkada qishin-yozin havo harorati g’arbdan sharqqa tomon hamda markaziy qismidan adirlar tomon pasavib boradi: Qo’qonda yanvarning o’rtacha harorati —2,2 C, iyulniki +27,5°C bo’lsa, Kampirrovotda yanvarniki -4,8°C, iyulniki +24,9°C ni tashkil etadi. Buning asosiy sababi relyefning balandlashib borishidir. Ba’zi yillari shimol va shimoli-sharqdan sovuq havo massalari esib, tog’lardan oshib o’tadi, natijada tabiiy o’lka haroratini pasaytirib yuboradi. Ana shunday paytda eng sovuq harorat -26-30°C ga tushadi.
  O’lkada yoz issiq va quruq bo’lib, iyul oyining o’rtacha harorati +26, +27°C, eng issiq harorat esa +43, +44°C ga yetadi. O’lkada o’simliklaming barq urib rivojlanish davri (vegetatsiva) 230-240 kun davom etib, haroratning yig’indisi 4400—4500°C ga yetadi. Farg’ona tabiiy geografik o’lkasida yog’in miqdori 98-226 mm. Tabiiy o’lkaning sharqidagi tog’oldi va adirlar qismiga yiliga 300—400 mm yog’in tushadi. Oikada yog’inning asosiy qismi bahor va qish oylariga to’g’ri keladi. Yog’inning bir qismi qor holida yog’ib, u bir yilda 30-38 kun erimay turishi mumkin. Bahor oylarida ba’zan jala yog’adi va bu selni vujudga keltirib, xo’jalikka zarar keltiradi. O’lkada qishda kuchli Bekobod shamoli vodiydan Mirzacho‘l tomon essa, bahor va kuzda Mirzacho’ldan vodiy tomon Qo’qon shamoli esib turadi. Bulardan tashqari tog’-vodiy va fyoon shamollari ham tez-tez sodir bo`lib turadi.
  Suvlari. O’lkadagi eng katta va sersuv daryolar—Norin, Qoradaryo va Sirdaryo. Norin daryosining uzunligi 578 km bo’lib, qor-muz suvlaridan to’yinadi. Uning o’rtacha yillik suv sarfi Uchqo’rg’on yaqinida sekundiga 427 m3. Suv sartining 80 foizi mart-sentabr oylariga to’g’ri keladi. Qoradaryo Farg’ona va Oloy tizmalaridan boshlanuvchi Tor va Qora G’ulja daryolarining qo’shilishidan vujudga kelib, Baliqchi qishlog’ida Norin bilan tutashadi. Uning uzunligi 180 km bo’lib, qor-muz suvlaridan to’yinadi. Yillik o’rtacha suv sarfi Baliqchi qishlog’i yonida sekundiga 123 m kub bo’lib, suv sarfining 46,4 foizi mart-iyun oylariga to’g’ri keladi.
  Tabiiy geografik o’lkaning sharqidagi Farg’ona tizmasidan Yassi, Ko’gart, Qorao’ngur, Moylisuv kabi daryo va soylar boshlanadi. Ular qorlarning erishidan to’yinadi. eng ko’p suv oqimi bahorda sodir bo’ladi. O’lkani shimol va g’arb tomonidan o’rab olgan Chotqol va Qurama tog’laridan Chadaqsoy, Koson, Namangansoy, Chortoqsoy, Pochchaota, Qorasuv kabi daryolar boshlanadi. Ularning suvi may-iyun oylarida ko’payadi. O’lkaning janubidagi Oloy va Turkiston tog’laridan Xo’jabaqirg’on, Isfara, So’x (uzunligi 130 km, suv sarfi sekundiga 42 m kub), Shohimardon (uzunligi 77 km), Isfayramsoy, Aravansoy, Oqbura, Qurshab kabi daryolar bosh­lanadi. Bu daryo va soylar qor-muzlardan suv oladi, yillik oqimining 60 foizga yaqini iyul — sentabr oylariga to’g’ri keladi.

   Farg’ona o’lkasidagi daryo va soylarning bir yillik o’rtacha oqim miqdori 21,498 km.kub bo’lib, uning faqat 194,4 mln. m kub qismi O’zbekiston hududida, qolgan qismi esa Qirg’iziston va Tojikiston hududida vujudga keladi. 0‘sha bir yillik 21,498 km.kub suvni 100 % desak, uning 57 foizi Norin daryosi, 17 foizi Qoradaryo, qolgan 26 foizi vodiyning atrofidagi tog’lardan boshlanuvchi daryo va soylar zimmasiga to’g’ri keladi. 

  Tuproqlari. Farg’ona okrugining geologik va yer yuzasining tuzilishi, iqlimi, yerosti suvlarining xususiyatlari bir xil bo’lmaganligi sababli uning tuproqlari ham xilma-xil. Uning markaziy past qismida, Sirdaryo qayirlarida o’tloq, o’tloq-botqoq. grunt suvi yuza joylarda botqoq-sho’rxok, sho’rxok, Yozyovon va Qoraqalpoq cho’lida qumoq, qumli tuproqlar hosil bo’lgan. O’lkaning yer­osti suvlari chuqur bo’lgan tekislik qismida va adirlarda och tusli, oddiy (tipik) va to’q tusli bo’z tuproqlar tarqalgan.
  O’lkaning 300-500 m balandliklarida och tusli bo’z tuproqlar (chirindi miqdori 1-1,5 foiz), 500-800 m balandliklarda oddiy bo’z tuproq (chirindi miqdori 1,5-2,5 foiz) tarqalgan. Okean sathidan 800-1400 m balandliklarda to’q tusli bo’z tuproqlar (chirindi miqdori 3,5-4 foiz) tarqalgan.
 O’simliklari va hayvonot dunyosi. O’lkaning markaziy qismidagi sho’rxok yerlarda pashmak, baliqko‘z, seta, sho’ra, yulg‘un, qumli yerlarida esa juzg’un, quyonsuyak, saksovul o’sadi. Sirdaryo qayirlarida yantoq, yulg‘un, qamish, jing‘al, tol, yovvoyi jiyda uchraydi. Adirlarda bahorda rang, qo‘ng‘irbosh, shaytonkovush o’sadi, ular yozda qurib qoladi, so`ngra oq kavrak, oq shuvoq,qizil burgan, chalov o’sishni davom ettiradi. O’lkaga tutashgan tog’ yonbag’irlaridaarcha, terak kabi daraxtlar ham o’sadi.
  O’lkaning markaziy qismidagi qumli yerlarda kaltakesak, yumronqoziq, qo‘shoyoq, ilonlar, har xil hasharotlar yashaydi. To’qaylarida chiyabo’ri, qirg‘ovul, g‘oz, o‘rdak uchraydi. Adirlarda toshbaqa, ilon, sichqon, yumronqoziq uchrasa, tog’larida bo‘rsiq, bo’ri, tulki kabi hayvonlar yashaydi. Suv havzalarida zog’orabaliq, laqqabaliq, cho ‘rtanbaliq, daryolarning tog’li qismida qorabaliq (oybaliq) uchraydi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash