Yuklanmoqda...

Yer yuzasi, geologik tuzilishi va foydali qazilmalari 

4522


  Yer yuzasining tuzilishi jihatidan O’zbekiston hududi ikki qismga bo’linadi, katta (78,7 foiz) qismi tekislikdan, qolgan (21,3 foiz) qismi tog’lardan va tog‘ oralig’idagi botiqlardan iboratdir. Respublikamiz yer yuzasi g’arb va shimoli-g’arbdan sharq va janubi-sharq tomon ko‘tarilib boradi. O’zbekis­tonning past qismi okean sathidan 60-100 m balandlikda bo’lib, Amudaryoning quyi qismi va Orol dengizi atroflarida joylashgan.

Tekisliklar 

  O’zbekistonning tekislik qismi Turon tekisligining bir qismi bo‘lib, uning g’arbi va shimoli-g’arbini egallagan. Tekislikning shimoli-g’arbiy chekkasida Ustyurt platosi joylashgan. U atrofidagi tekisliklardan va Orol dengizi yuzasidan tik ko‘tarilib turadigan yonbag’irlar bilan o’rab olingan, ular chinklar deb yuritiladi. Platoning O’zbekiston joylashgan qismining okean sathidan balandligi 120-180 m atrofida bo’lib, uning eng yuqori nuqtasi Qorabovur qirida (290 m) Ustyurtning yer yuzasi butunlay tekis bo’lmasdan bir qancha botiqlar (Borsakelmas, Asaka-Ovdon va boshqalar) uchraydi. platoning janubi-sharqiy qismida esa Sariqamish botig‘i joylashgan.
  Amudaryoning quyi oqimida juda katta delta hosil bo’lgan. Uning yuzasi daryoning qadimgi (Ko’hnadaryo, Daryolik) va hozirgi o’zanlari bilan kesilgan. Uning o’rta qismida tub tog1, jinslaridan tuzilgan kichik-kichik balandliklar ko’zga tashlanadi.
  Orol dengizining janubi-sharqiy qismida Qizilqum cho’li boshlanadi. Yer yuzasining tuzilishi juda xilma-xildir. Bu yerda past tog’lar — Bo‘kantog‘, Tomditog`, Ovminzatog‘, Quljuqtog‘, Yetimtog‘, uning g’arbiy qismida esa Sulton Uvays tog’i qumli va gilli tekisliklar orasida qad ko’tarib turadi. Qizilqumning katta qismini qumli tekisliklar egallagan. Past tog‘lar orasida esa botiqlar (Mingbuloq, Oyoqog‘itma, Qoraxotin va boshqalar) joylashgan. Ulardan Mingbuloq botig’ining osti okean sathidan 12 m pastda joylashgan. Qizilqum hududida Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryolarining qadimgi o‘zanlari ham uchraydi. Qizilqum cholidan sharq va janubi-sharqda Mirzacho‘l, Qarnob, Qarshi, Malik gilli cho’llari joylashgan. 
                                                  Tog‘lari.
 Tyanshan va Hisor-Oloy tog’ tizmalarining g‘arbiy va janubi-g‘arbiy tarmoqlari O’zbekiston doirasida joylashgan. Ularning okean sathidan balandligi janub va g’arb tomon asta-sekin pasavib borib. tekisliklaiga tutashib ketadi. O’zbekistonning shimoli-sharqiy qismida G’arbiy Tyanshanning bir qancha tog’ tizmalari (Qorjantog`, Ugom, Piskom, Chotqol, Qurama) joylashgan. Bular Talas Olatog idan boshlanadi. Bu tog’ tizmasida Manas nomli cho’qqi bo’lib, uning okean sathidan balandligi 4482 m dir. Chotqol tog’ tizmasining O’zbekiston hududida joylashgan qismida esa Katta Chimyon nomli cho’qqisi bo’lib, uning balandligi 3309 m ga yetadi. Chotqol va Qurama tog’ tizmalari orasida Ohangaron platosi joylashgan. G’arbiy Tyanshan tog‘ tizmalarining okean sathidan balandligi 2500—4000 m bo’lib, ularning yuqori qismlarida muzliklar uchraydi. Farg`ona botig’ining markaziy qismi O’zbekistonda joylashgan bo’lib. g’arbdan Qurama, shimolidan Chotqol, sharqidan Farg‘ona, janubidan Oloy, Turkiston tog’ tizmalari o’rab olgan.
 Turkiston tog’idan shimoli-g’arbga qarab Morguzar va Chumqor tog’lari ajralib chiqqan. Chumqor tog‘ining faqat shimoliy yonbag`rigina O’zbekistonga qaraydi. Morguzar tizmasining shimoli-g‘arbidaNurota tog’ tizmalari o‘rin olgan bo’lib, ular bir-birlaridan Sangzor daryosining «Amir Temur darvozasi» darasi bilan ajralib turadi. Nurota ikki qismdan — Shimoliy va Janubiy Nurota tizmalar.dan iborat. Shimoliy tog’ tizmasining Hayotboshi cho’qqisining balandligi 2169 m ga yetadi. Janubiy Nurota alohida ko‘tarilmalar (Oqtog‘, Qoratog’, Qarachatog`, Go’bduntog’) dan iborat.   
 Zarafshon daryosi vodiysining janubida Zarafshon tizma tog’lari joylashgan bo‘lib, O‘zbekiston hududida u Chaqilikalon va Qoratepa nomlari bilan ataladi va ancha pasayib qoladi. Bu tog’larning g‘arbida esa Zirabuloq-Ziyovuddin nomli past tog‘ tizmalari bo’lib, ularning eng baland qismi 1116 m ga yetadi. Zarafshon tizma tog’larining janubida Hisor tog’ tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlari (Yakkabog‘, Surxontog`, Ko‘hitang va boshqalar) uchraydi. O’zbekistonning eng baland cho’qqisi Hazrat Sulton (4643 m) Hisor tog‘ida joylashgan. Janubiy O’zbekistonda Bobotog` tizmasi ko’tarilgan bo’lib, uning Zarkosa cho qqisining balandligi 2289 metrdir.
  Tog‘ oraliq botiqlari. O’zbekistonning tog‘li qismida tog’ oraliq botiqlari alohida o’rin egallaydi. Bularning paydo bo’lishi tog’ tizmalarining ko’tarilishi bilan bog’liqdir. Hamma tog’ oraliq botiqlarining yer yuzasi deyarli tekis bo’lib, faqat daryo o‘zanlari bilan kesilgan. Ularning yer yuzasi tog‘ tizmalariga yaqinlashgan sari ko‘tarilib boradi.
  O’zbekiston hududida katta tog’ oraliq botiqlaridan biri Chirchiq-Ohangaronbotig’idir. Uni sharqda G’arbiy Tyanshan tog’ tizmalari o’rab olgan, g’arbda esa Mirzacho’l bilan tutashib ketadi. Uning o’rtacha balandligi 300—500 m ga tengdir.
  Chirchiq-Ohangaron botig’ining janubi-sharqida Farg‘ona tog‘ oraliq botig’i (vodiysi) joylashgan. Botiqni Sirdaryo kesib o’tgan. Vodiyning okean sathidan o’rtacha balandligi 300-400 m orasidadir.
  Mirzacho’lning janubi-g’arbida Nurota, Qo’ytosh tog’lari joylashib, uning janubida esaSangzor-Nurota tog’ oraliq botig’i bor. U shimoli-sharqda Morguzar va shimolida Nurota, janubda Janubiy Nurota va Chumqor tog’lari bilan o’rab olingan. Uning okean sathidan balandligi janubi-sharqdan shimoli-g’arbga tomon 800 m dan 300 m ga pasayib boradi.
 Janubiy Nurota, Zarafshon hamda Zirabuloq-Ziyovuddin tog’ tizmalari orasida Zarafshon botig‘i joylashgan. Bu botiqdan Zarafshon daryosi oqib o’tadi va Samarqand shahri yaqinida ikkiga — Oqdaryo va Qoradaryoga ajraladi. Xatirchi qishlog’i yaqinida yana birlashadi va uzunligi 100 km, kengligi 15 km ga yaqin Miyonqal`a orolini hosil qiladi. Botiqning okean sathidan balandligi sharqiy qismida 900 m, g arbida esa 300 m.
Zarafshon tizma tog’larining janubida Kitob-Shahrisabz tog’ oraliq botig’i joylashgan bo’lib, u janubi-sharqdan Hisor tog‘ining janubi-g’arbiy tarmoqlari bilan o’ralgan. g’arb tomoni esa ochiqdir. Uning okean sathidan balandligi g’arbida 500 m, sharqida esa 1000 m gacha ko’tarilgan.
  O’zbekistonning janubiy qismida Sherobod-Surxondaryo botig’i shimoli-sharqdan janubi-g’arbga qarab cho’zilgan. U shimol, shimoli-g’arb va g’arbdan Hisor tog’i va uning tarmoqlari bilan o’rab olingan. Botiqning o’rta qismidan Surxondaryo va Sheroboddaryolar kesib o’tadi. Surxondaryo vodiysining okean sathidan balandligi janubi-g’arbida 300 m, shimoli-sharqida esa 700 m. 
Geologik tuzilishi va Yer yuzasi taraqqiyoti.
 O’zbekistonning geologik tuzilishi xilma-xil bo‘lib, uning hududi, aso­san, ikkita katta tektonik tuzilma, ya’ni Tyanshan orogeni tarqalgan yerlar va Turon plitasidan iborat. Respublikamizning Tyanshan orogen qismi har xil katta-kichiklikdagi tek­tonik tuzilmalardan iborat bo’lib, ulardan eng kattalari Chotqol, Qurama, Turkiston, Zarafshon burmali tuzilmalari hisoblanadi. Turon plitasi ham har xil tektonik tuzilmalardan (ko’tarilmalar va botiqlar) tashkil topgan.
 Orogen va plitali tektonik tuzilmalar gersin va alp tog‘ paydo bo’lish davrlarida vujudga kelgan. Yer yoriqlari orqali bo’lib turadigan harakatlar ta’sirida mazkur tektonik tuzilmalar har xil balandliklarga ko’tarilgan, ba’zilari cho’kkan, natijada palaxsasimon tuzilmalar hosil bo’lgan. Yuqorida nomlari tilga olingan tog‘ paydo bo‘lish davrlarida tektonik harakatlar bilan bir qatorda vulqon jarayonlari ham sodir bo’lgan. Vulqon va yer yoriqlarida sodir bo’layotgan jarayonlar natijasida O’zbekistondagi mavjud rudali, rangli, nodir, qimmatbaho foydali qazilmalar hosil bolgan.
 O‘zbekiston hududining yer yuzasi rivojlanib hozirgi ko’rinishini olguncha uzoq va murakkab bosqichlarni bosib o’tgan. Gersin burmali tog` paydo bo’lish davrida baland tog’ tizmalari vujudga kelgan. Keyingi geologik davrlarda denudatsiya jarayonlari natijasida tog’lar yemirilib, ularning o’rnida tekislik va qirlar paydo bo’lgan. Bular yura, bo’r va paleogen davrlarida dengiz va ko’llar ostida qolib, ularning tagida qalin cho’kindi tog‘ jinslari to’plangan. O’zbekiston hududi paleogen davrida chuqurligi 200 metrdan oshmagan oxirgi dengiz ostida bo‘lgan. O’zbekistonning tog`li qismida dengiz ostidan kichik-kichik orolchalar ko’tarilib turgan. Neogen davrida respublika hududida, ayniqsa, uning tog’li qismida yangi tektonik harakatlar boshlanganligi sababli paleogen dengizi chekinib, uning o’rnida mavjud tog‘ tizmalari ko’tarila boshlagan. Boshlangan yangi tektonik harakatlar juda ham turli-tuman bo’lgan. O’zbekiston tog’li qismining bir joyi ko’tarilsa, ikkinchi bir joyi esa cho’ka boshlagan. Ko’tarilgan joylarda tog’ tizmalari, cho‘kkan joylarda esa tog’ oralig’idagi botiqlar hosil bo’la boshlagan. Ko’tarilayotgan joylardan yemirilgan tog’ jinslari cho‘kayotgan joylarda to’plana boshlagan. Bu jarayon butun neogen davrida davom etgan. Natijada tog’ oralig’idagi bonqlarda qalinligi 1000 metrdan ortiq cho‘kindi tog’ jinslari to’plangan.
 Yer tarixining antropogen davri boshlangandan keyin yangi tektonik harakatlar birmuncha o’zgargan. Shu davrdan boshlab tog’ tizmalari bilan bir qatorda, tog‘ oralig‘idagi botiqlar ham sekinlik bilan ko’tarila boshlagan. Natijada neogen davrida yotqizilgan cho’kindi qatlamlarni daryolar yuva boshlagan, shu bilan birga, daryo vodiylarida qator daryo terrasalari hosil bo‘la boshlagan. Tog’ oralig’idagi botiqlarning ko’tarilishi ularning chekka, ya’ni tog‘ tizmalariga yaqin qismlarida birmuncha kuchliroq bo’lgan. Shu sababli botiqlarning bu qismlarida past tog’lar (adirlar) hosil bo‘lgan.
  O‘zbekiston hududrning deyarli hamma qismida yangi tektonik harakatlar faol davom etayotganligi natijasida kuchli zilzilalar bo‘lib turadi. Ularning kuchi 8-10 ballga yetadi. Respublikamiz hududida oldingi asrlarda ham kuchli zilzilalar sodir bo‘lganligi tarixiy ma’lumotlardan ma’lum. Jumladan, 1240-yil Urganchda, 1797-yilda Urgutda, 1818-1821-yillarda Buxoroda, 1868-yil Samarqandda kuchli zilzilalar bo‘lib o’tganligi tarixiy hujjatlarda qayd qilingan. 
ASOSIY FOYDALI QAZILMALARI
  O’zbekiston turli foydali qazilmalarga boydir. Olib borilgan ko’p yillik geologik-qidiruv ishlari natijasida respublika hududida ko‘pdan ко p mineral xomashyo turlari borligi aniqlangan va hozirda ularning ko’pchiligidan xalq xo’jaligida foydalanilmoqda. 
  O’zbekistonda foydali qazilma konlarini qidirib topishda mashhur o‘zbek geologlaridan O’zbekiston Fanlar akademiyasining akademiklari H.M.Abdullayev, I.H.Hamroboyev va boshqalar katta hissa qo’shganlar. O’zbekiston hududidagi foydali qazilmalardan biri yoqilg‘i-energetika boyliklaridir. Bularga neft, gaz va ko‘mir konlari kiradi.
   Neft va gaz konlari Farg’ona tog’ oralig’i botig’idagi Shimoliy So‘x, Janubiy Olamushuk, Polvontosh, Chimyon, Sho‘rsuvda birinchi marta 1880-yilda ochilgan. 1992-yilda Mingbuloq. 1993-yilda esa Ko‘kdumaloq neft konlari ochildi.
 Neft va gazning katta zaxirasi Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlaridagi Odamtosh, Pachkamar, Omonota, Xovdog‘, Uchqizilda mezozoy erasi karbonat tog‘ jinslarida aniqlangan. Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarining tekislik qismida ham bir qator neft va gaz konlari ochilgan. Bulardan asosiylari Muborak, Oqjar, Sariqtosh, Jarqoq, Qorovulbozordir.
  Bundan tashqari, gaz Ustyurt platosidagi Shoxpaxta va Kuanish nomli joylarda ochilgan. O’zbekiston hududida ko’miming sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan bir nechta katta konlan mavjud. Bulardan Ohangaron qo’ng‘ir ko’mir koni, Surxon­daryo viloyatining tog’li qismida yuqori sifatli Sharg‘un toshko’mir koni joylashgan. Bu joyda Boysun ko’mir koni ham ochilgan. 
  O‘zbekiston hududida bir necha rudali (temir, titan, marganes, xrom), rangli (mis, qo’rg’oshin), nodir (volfram, molibden, qalay, vismut, simob, surma), qimmatbaho (oltin, kumush) metall konlari ham bor. Bulardan eng asosiylari Toshkent viloyatidagi Qalmoqqir, Sariqcheku hamda Dalnoye mis konlaridir. Q’zilqumdagi Muruntog‘, Kakpatas va boshqa yerlarda oltinning katta zaxirasi ochilgan bo‘lib, uzoq yillardan buyon keng doirada qazib olinmoqda.
 Kimyoviy xomashyolardan osh va kaliy tuzlari, oltingugurt Hisor tiz­masining janubi-g’arbiy tarmoqlaridagi Oqbosh, Laylimkon, Hojaikonda mavjuddir. O‘zbekiston hududi qurilish materiallariga (qum va shag’al tosh, soz tuproq, kvars qumlari, ohaktoshlar, marmar) hamda yerosti suvlariga juda boydir.
 O’zbekiston hududida ko’plab marmar konlari ochilgan. Ularning ko’pchiligi yuqori sifatli va rangli marmarlar guruhiga kiradi. Qazib olinayotgan marmardan respublikamiz shaharlaridagi hashamatli binolarni, masalan, Navoiy nomli opera va balet team, «Istiqlol» san’at saroyi, Toshkent metrosi bekatlarini va turli yodgorliklami bezashda foydalanilmoqda.
  Yerosti suvlaridan shahar va qishloqlarni suv bilan ta’minlashda, ekinlarni sug’orishda, qisman chorva mollarini suv bilan ta’min etishda foydalanilmoqda. 0‘zbekisionda mavjud yerosti suvlarining katta chuqurliklardan olinayotganlari organizm uchun foydali moddalarga boy, harorati ham ancha yuqori. Ularning tarkibida turli kimyoviy elementlarning borligi va harorati yuqori bo‘lganligi sababli ular asosida bir qancha dam olish davolanish muassasalari (Chimyon, Chortoq va boshqalar) tashkil qilingan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash