Geografik xaritalar. Xarita andazalari (proyeksiyalari) haqida tushuncha 

1 712

Xaritalardagi xatoliklar. 
Xarita tuzish andazalari. Geografiyani globus va dunyoning tabiiy xaritasisiz tasavvur qilish qiyin. Globus Yerning modeli ekanini bilasiz. Globusda Yer yuzasi — quruqliklar, okeanlar, dengizlar, orollar sayyoramizda aslida qanday shaklda bo‘lsa, deyarli shunday shaklda, lekin juda kichraytirib tasvirlangan. Tabiatdagi obyektlar juda kichraytirib tasvirlanganda ko‘p narsalarni ko‘rsatish mumkin emas. Shu sababli Yer yuzini, undagi geografik obyektlarni tasvirlash uchun geografik xaritalardan foydalaniladi. Geografik xaritalar Yer yuzidagi geografik obyektlarni tasvirlashning asosiy usuli hisoblanadi. Biroq geografik xaritalarda Yerning qavariq yuzasi tekis yuzada tasvirlanadi. Buning oqibatida geografik xaritada Yer qavariq yuzasining ayrim qismlarini cho‘zib, ayrim qismlarini qisqartirib tasvirlashga to‘g‘ri keladi.

Shuning uchun globus va xaritalardagi geografik obyektlarning qiyofalari bir-biridan farq qiladi. Qavariq Yer yuzasini tekis yuzada tasvirlash uchun xarita andazalaridan foydalaniladi. Xarita andazalari sayyoramizning qavariq yuzasini tekis yuzada tasvirlashning matematik usullaridir. Yerning qavariq yuzasi tekis yuzaga tushirilayotganda tasvirda uzilishlar ro‘y beradi. Uzilishlarni to‘ldirish uchun, odatda, xaritadagi tasvirlarni cho‘zishga to‘g‘ri keladi. Buning oqibatida burchaklar, chiziqlar uzunligi, maydonlar, obyektlarning shaklida xatoliklarga yo‘l qo‘yiladi. Yerning qavariq yuzasini tekis sathga — xaritaga tushirish chog‘ida ana shunday xatoliklardan birontasini kamaytirishga yoki yo‘qotishga harakat qilinadi. Shu maqsadda turli xil xarita andazalaridan foydalaniladi. Xarita andazalari, asosan, uch xil bo‘ladi:

1. Teng burchakli andazalar. Bunday andazalarda tuzilgan xaritalardagi burchaklar globusdagi, ya’ni joydagi burchaklarga teng bo‘ladi. Teng burchakli andazalar asosida tuzilgan xaritalarda yo‘nalishlarni aniqlash qulay, biroq maydonlar va masofalarni tasvirlashda xatolarga yo‘l qo‘yiladi.

2. Teng maydonli yoki teng hajmli andazalardan foydalanilganda materiklar, davlatlar, dengizlar, orollar va boshqalarning maydonlari xatosiz tasvirlanadi. Lekin burchaklar, shakllarni tasvirlashda ancha xatoliklarga yo‘l qo‘yiladi. Teng maydonli xaritalardan geografik obyektlar maydoni o‘lchanadi.

3. Ixtiyoriy andazalar asosida tuzilgan xaritalarda burchaklar ham, maydonlar ham xatoliklar bilan tasvirlanadi, lekin xatolik kamroq bo‘ladi. Ixtiyoriy andazalar orasida teng masofali andazalar boshqalaridan ko‘ra ko‘proq ishlatiladi. Bunday xaritalarda uzunlik masshtabi bir meridian (odatda, o‘rtadagi) yoki bir paralleldagina saqlanadi.

Qavariq Yer yuzasining meridianlar va parallellar to‘rini tekis yuzaga (qog‘ozga) tushirishda yordamchi geometrik sirtlardan, xususan, silindr, konus, tekislik va boshqalardan foydalaniladi.

Xarita andazalari foydalanilgan yordamchi geometrik sirtlarning turiga qarab konussimon, silindrsimon, azimutli andazalarga bo‘linadi. Silindrsimon andazalarda tuzilgan xaritalarda meridianlar bilan parallellar bir-biri bilan 90° li burchak ostida kesishadigan to‘g‘ri chiziqlardan iborat to‘r hosil qiladi.

Bunday andazalar yordamida, ko‘pincha, dunyo xaritalari tuziladi. Materiklar, ayrim davlatlar, asosan, konussimon andaza yordamida tasvirlanadi. O‘rta Osiyo va O‘zbekiston xaritalari konussimon andazadan foydalanib tuzilgan.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.