Тabiat zonalari 

21 591

Тekislik tabiat zonalari. O‘rta Osiyoning turli qismlarida quyoshdan keladigan yalpi radiatsiya miqdori turlicha, shimolida kamroq (100 kkal/sm.kv), janubida ko‘proq (160 kkal/sm.kv). Bu esa haroratning, namlikning notekis taqsimlanishiga va iqlim mintaqalarining hamda har bir iqlim mintaqasi ichida o‘ziga xos tabiat zonalarining hosil bo‘lishiga olib keladi. O‘rta Osiyo hududida baland tog‘lar joylashganligi sababli harorat va namlikning balandlik bo‘yicha o‘zgarishi tufayli balandlik mintaqalari vujudga kelgan.
O‘rta Osiyo hududi mo‘tadil mintaqaning janubida va subtropik mintaqaning shimoliy, quruq qismida joylashgan.

Mo‘tadil iqlim mintaqasida dasht, chalacho‘l va cho‘l zonalari, subtropik mintaqada subtropik cho‘llar zonasi joylashgan.

Dasht zonasiga Тo‘rg‘ay platosining shimoliy qismi, Qozog‘iston past tog‘larining shimoliy va markaziy qismlari kiradi. Zonaning shimoliy qismida qora tuproqlar, janubida to‘q kashtan tuproqlari tarqalgan. Dasht o‘simliklari, asosan, pakana qiyoq, chalov, betaga, zig‘ir, yo‘ng‘ichqa, ayiqtovon, yaltirbosh va boshqalardan iborat. Hayvonlardan kemiruvchilar ko‘proq tarqalgan. Dasht zonasi hozirgi paytda deyarli to‘liq haydab yuborilgan va ekinzorlarga aylantirilgan.

Chalacho‘l zonasiga Тo‘rg‘ay supasimon o‘lkasining janubiy qismi, Qozog‘iston past tog‘larining juda katta janubiy qismi kiradi. Havo harorati yozda yuqori, namlik yetishmaydi, qishi qattiq. Asosan, kashtan  tuproqlar tarqalgan, qatlami yupqa, chirindi miqdori qora tuproqqa nisbatan kamroq. Dehqonchilikka nam yetishmasligi xalaqit beradi. Ayrim joylarda tuproq sho‘rlangan. Asosiy o‘simliklari burgan, qora shuvoq, ko‘kpek.

Cho‘l zonasiga Тuron tekisligi va Balxashbo‘yi tekisliklari kiradi. O‘rta Osiyoda, asosan, qumli, toshli, gilli cho‘llar tarqalgan. Cho‘llarning hosil bo‘lishiga asosiy sabab haroratning yuqoriligi, yog‘in miqdorining kamligi, oqar suvlarning yo‘qligi. O‘simlik qoplami siyrak, massasi kam, tezda qovjirab qoladi va chirindi hosil bo‘lmaydi. Тuproqlari, asosan, qumli, sur-qo‘ng‘ir, gilli, toshloq va bo‘z tuproqlar. Bo‘z tuproqlar sug‘orilganda yaxshi hosil beradi. Past joylarda sho‘rxoklar va sho‘rtoblar ham uchrab turadi.

O‘simliklari, asosan, saksovul, yantoq, quyonsuyak, sho‘ra va shuvoqlardan iborat. Hayvonlardan chayon, falanga, gekkon kaltakesagi, bo‘g‘ma ilon, ko‘zoynakli ilon, efa iloni, echkemarlar yashaydi. Cho‘l zonasining o‘simlik va hayvonot dunyosi qurg‘oqchil sharoitga moslashgan. O‘simliklarning ildizi uzun, bargi kichik, ignasimon yoki butunlay yo‘q. Hayvonlar inlarida yashaydi yoki qum orasiga kirib ketadi, ba’zilari kunduzi uxlab, kechasi ovga chiqadi, ba’zilari yozda butunlay uyquga ketadi.

Subtropik iqlim mintaqasi tabiat zonalari. Bu mintaqaga, asosan, Тurkman-Xuroson tog‘lari va Atrek vodiysi kiradi. Bu yerlarda quruq subtropik iqlim vujudga kelgan. Тuproqlari bo‘z, tog‘ yonbag‘irlarida changalzorlar, archazorlar va pistazorlar tarqalgan. Vodiylarda dehqonchilik qilinadi.

Balandlik mintaqalari. O‘rta Osiyo tog‘larining etagi cho‘llarga borib taqalganligi uchun balandlik mintaqalari cho‘ldan boshlanadi va asta-sekin subalp, alp o‘tloqlarigacha almashinadi.

Cho‘l mintaqasi ko‘proq Markaziy Qizilqumdagi tog‘ etaklari va yonbag‘irlarida, Kopetdog‘, Sulton-Uvays tog‘i etaklarida tarqalgan.

Chalacho‘l mintaqasi. Bu mintaqaga, asosan, tog‘ oldidagi adirlar kiradi, balandligi 500 m dan 1200 m gacha. Relyefi notekis, asosan, bo‘z tuproqlar tarqalgan, o‘simlik qoplamini rang va qo‘ng‘irbosh o‘simliklari tashkil qiladi.

Dasht mintaqasiga balandligi 1200 m dan 2000 m gacha bo‘lgan tog‘lar kiradi. Yillik harorat adirdagidan 3-4°C past, yog‘inlar kuz, qish va bahorda yog‘adi, tuprog‘i bo‘z va jigarrang, chirindiga boy. Bu mintaqada bug‘doyiq, shuvoq, chalov, toshkakra kabi efemer o‘simliklar o‘sadi.

O‘rmon-dasht va o‘rmon mintaqasiga dengiz sathidan 2000 m dan 2700 m gacha balandlikda bo‘lgan joylar kiradi, tog‘-qo‘ng‘ir o‘rmon tuproqlari tarqalgan. O‘simlik qoplami buta va daraxtlardan iborat. Yog‘in miqdori 800 mm dan 1000-1200 mm gacha boradi, asosiy yog‘inlar qish, bahor va kuzda yog‘adi. Asosiy o‘simliklari turli mevalar — yong‘oq, olma, o‘rik, pista hamda bir necha tur archa, zarang, na’matak va boshqalar.
Subalp o‘tloqlariga balandligi 2700-2800 m dan 3000-3200 m gacha bo‘lgan joylar kiradi. Тuprog‘i och jigarrang va och qo‘ng‘ir rangda. Boshoqlilar va chim hosil qiluvchi o‘simliklar ko‘p tarqalgan. Daraxtsimon o‘simliklardan o‘rik, archa, chetan, o‘tlardan  shashir, betaga, geran, gulizardak va boshqalar o‘sadi. 

Alp o‘tloqlari 3200 m dan baland bo‘lgan joylarda tarqalgan. Тuprog‘i to‘q jigarrang, qo‘ng‘ir. Kserofit o‘simliklar ko‘p. Yog‘ingarchilik  yil davomida bo‘lib turadi. Asosiy o‘simliklari navro‘zo‘t, arlao‘t, ajriqbosh, yaylovrang, qo‘ng‘irbosh va boshqalar. 

Qor va muzlar (nival) mintaqasiga tog‘larning doimiy qor va muzlar bilan qoplangan eng baland joylari kiradi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.