Yuklanmoqda...

O’g’il tarbiyalayotgan onalarga 20 maslahat


O’g’il bolani tarbiyalash osonmas, deyishadi bilganlar. Bundan qiz bola tarbiyalash oson ekan-da, degan xulosa kelib chiqmasligi lozim. Shunchaki, o’g’il bolalar tarbiyasining ayrim o’ziga xos jihatlari bor.
Demak, o’g’il o’stirayotgan onalar qo’yidagilarga e’tibor berishlari kerak.

1. Hislari haqida gapirishga o’rgating!
Hammaga emas, faqat bir kishiga aytsin. Shu inson siz bo’ling. Shundagina u odamlarga ishonadi, o’z tuyg’ularini chuqurroq anglaydi va yurak xastaliklaridan uzoqroq yuradi.

2. Nimaiki yangi ish boshlamasin, qo’llab turing!
O’g’il bolaning eng katta boyligi va yutug’i – o’ziga ishonch tuyg’usi. Hozircha u o’ziga ishonchni siz orqali oladi, qilayotgan ishlariga onasining nazari bilan baho beradi.

3. Mehnatga o’rgating!
Hozir ularda g’ayrat ko’p, bekor o’tirgandan bekor ish qilsin. Mayli, uyda ish topilmasa qo’shnisiga qarashsin.

4. Birgalikda kitob o’qing!
Bu kitobni o’qigansiz, endi o’g’lingiz o’qib chiqishini istayapsiz. Ammo siz istaganingiz uchungina o’qimaydi u. Kitobga qiziqishi kerak. Birga o’qiymiz, desangiz albatta qiziqadi.

5. Qiziqishlarini bo’g’mang!
Mayli, u "ketka”lar yig’ib, butun uyga sochib tashlasin yoki to’p o’rniga "baklajka” tepib, quloqni qomatga keltirsin. Kim biladi, siz bo’lajak ustomon broker yoki mashhur futbol yulduzini tarbiyalayotgandirsiz?!

6. Erkaklardan kimgadir taqlid qilishiga qo’yib bering!
Otasi, Messi yoki Betmen – farqi yo’q. Alpomishga taqlid qildirolsangiz qani edi… Bu zotlar o’g’lingiz oldiga qo’ygan marradir.

7. Ayollarni hurmat qilishga o’rgating!
Singlisini turtish, bog’chasidagi qizlarning sochidan tortish – bularning bari mumkin emasligini avval tushuntirish, bu ish bermasa, jazolash orqali bolaning ongiga singdirilishi kerak.

8. O’zingiz hurmatga loyiq ayol bo’ling!
Bolani qarg’ash, unga baqirish, birovlarni yomonlash, nomaqbul so’zlarni aytish, aldash… Xullas, bularning baridan tiyilishga harakat qiling. Unutmang, siz uning uchun dunyodagi eng mehribon va chiroyli ayolsiz. Shu martabadan o’zingizni o’zingiz tushirib qo’ymang.

9. Odob-ahloq qoidalarini o’rgating!
Dasturxonga kattalardan avval qo’l uzatmaslik, o’zidan kattalarga joy berish, qoshiqni to’g’ri ushlash – bu mayda-chuydalarni bee’tibor qoldirmasangiz kelajakda xalqdan duo olib keladigan o’g’ilning onasiga aylanasiz.

10. Biron narsaga ishonsa, ishonchini sindirishga shoshilmang!
Masalan, Qorboboga, Hizr buvaga, sehrli tayoqcha yoki qalpoqchaga… Bularning bari ezgulikka hizmat qiladigan obrazlar.

11. Ba’zan muloyim bo’lish ham kerak…
O’g’il bola yumshoq supurgi emas, bu to’g’ri. Biroq o’rni kelganda muloyimlik, ya’ni diplomatiya bilan ishini bitirish mumkinligini ham bilsin.

12. Kiyimlarini iflos qilishga haqqi borligini unutmang!
Axir u o’g’il bola! Bo’lmasa, qanday koptok tepadi, qumdan chiroyli uylar quradi yoki velosiped uchishni o’rganadi?

13. Birga tez-tez sayrga chiqing!
Uydan tashqarida, yumushlardan holi ona-bola bir-biringiz bilan suhbatlashasiz, uning savollari ham boshqacha tus oladi.

14. Boshqalarga yordam berishga o’rgating!
Sen birovga yordam bersang, boshqalar kun kelib, senga yordam berishadi. Shu aqidani bolaning ongiga singdiring. Shundagina unda odamlarga yaxshilik, savob ishlar qilishga ehtiyoj paydo bo’ladi.

15. Tajriba vaqt o’tishi bilan har ishda qo’l kelishini tushuntiring!
Biron narsani uddalay olmasa, bu bilmaslikdan emas, tajribasizlikdan. Vaqti bilan tajriba paydo bo’ladi va u ishni eplab ketadi. Asosiysi, tajriba orttirishdan charchamasin.

16. "Nega?”larini javobsiz qoldirmang!
Ba’zan bolajonlar shu so’zni o’yinchoqdek o’ynashayotgan va sizning sabringizni sinayotgandek tuyulishi mumkin. Aslida, unday emas. Savol bermay qo’yishidan Xudo asrasin. Bu kichkintoyning ongi rivojlanmayotgani belgisidir.

17. Otasi bilan tez-tez holi qoldiring!
O’g’il bola emosional jihatdan ko’proq onaga bog’langan bo’lsa-da, ruhan va ma’nan otasi ta’siridadir. Ota bilan yolg’iz qolgan o’g’lingiz o’zini bo’lajak erkak sifatida his qiladi.

18. Birgalikda qasrlar quring!
Mayli qumdan yoki xayoliy. Bunyodkorlik, yaratuvchanlik, ixtirolarga intilish aynan ana shu kichik "quruvchilik”dan boshlanadi.

19. Vaqti-vaqti bilan bir quchib, yaxshi ko’rishingizni aytib qo’ying!
Muhabbat bilan bolani buzib bo’lmaydi. Aksincha, u farzandingizning qalbida mehr daraxtining ko’karishiga sabab bo’ladi.

20. Doim uydan madad olishiga erishing!
Shunda ko’cha handon, uy zindon erkakka aylanmaydi.
manba: tafsilot.uz

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar