2-sentyabr Vetnam Respublikasi Mustaqillik kuni 

2 717

Vetnam Respublikasi. Poytaxti – Xanoy. Hududi – 330991 kv.km. Davlat tili – v’etnam. Aholi buddaviylik diniga (55%), majusiylik (23%), daosiylik (12%) hamda xristian dinining katolik (10%) mazhabiga e’tiqod qiladi. Pul birligi dong.

Geografik joylashuvi va tabiati. Janubi-Sharqiy Osiyoda, Hindixitoy yarimorolida joylashgan davlat. G’arbda – Kambodja (1228 km) va Laos (2130 km), shimolda-Xitoy (1281 km) bilan chegaradosh. Quruqlikdagi chegaralari uzunligi – 4639 km. Sharqiy va janubiy sohillari Janubiy Xitoy dengizi bilan tutashgan. Mamlakat 4 ta fizik –geografik hududga bo’lingan. Mamlakatning eng yuqori nuqtasi – Fon-Si-Pan (Fonshipan) (3143 m) shimolda joylashgan.

Iqlimi- shimolda subtropik, janubi-sharq va markazida tropik mussonli. Mamlakatning asosiy daryolari – Mekong va Xongxa bo’lib, ular Janubiy Xitoy dengiziga quyiladi. Mamlakat hududida temir rudasi, marganes, boksitlar, ko’mir zaxiralari mavjud. Dengiz shel’flarida neft’ va gaz konlari topilgan. Tog’li hududlarda tropik o’rmonlarining katta bo’lmagan maydonlari saqlanib qolgan. Bu yerda keng bargli bambuk, liana, ban’yan kabi daraxtlar o’sadi. Vyetnam hududida fil, ayiq, yo’lbars, kiyik, maymun,quyon, olmaxon kabi hayvonlarni uchratish mumkin. Timsoh, ilon, kaltakesaklar keng tarqalgan.

2-sentyabr "Bilimlar kuni”
"Birinchi qo'ng'iroq”- bolaning maktabga ilk qadam qo'yishi va uning bilim olishga kirishishini bildiradigan rasmiy marosimdir. Bu marosimga ota-ona va bolaning o'zi oldindan tayyorgarlik ko'radi. Ilk bor maktabga borilgan kunda hayajonli holat-bayram kayfiyati paydo bo'ladi. Shu kuni maktablarda birinchi sinf o'quvchilari uchun "Birinchi qo'ng'iroq” ("Salom, maktab”) bayramini uyushtirish an'anaga aylangan. 1-sentyabr kuni mamlakatimizda eng ulug’ bayram – Mustaqillik bayrami nishonlanadi. Bu kun ayniqsa ota-onalar, o’qituvchilar, o’quvchilar uchun eng quvonchli bayram hisoblanadi. Chunki 1-sentyabr mamlakatimizda "Bilimlar kuni” sifatida ham bayram qilinadi. Hozirgi vaqtga kelib 1-sentyabr Mustaqillik bayrami bo’lganligi sabab, "Bilimlar kuni” 2-sentyabrda nishonlanadi. Bu bayram quvonchi va hayajoni, maktabga ilk bor qadam qo’yuvchilar kayfiyatida juda yaqqol seziladi. Chunki, 1-sinf o’quvchilari "Birinchi qo’ng’iroq” marosimining asosiy qahramoni bo’lishadi. "Birinchi qo’ng’iroq” ning ko’tarinki ruhda o’tkazilishi yangi o’quv yilining borishiga katta ta’sir ko’rsatadi. Bu marosim ayniqsa,maktabga ilk bor qadam qo’yayotgan o’quvchilarning bilim olishga qiziqishini kuchaytirishda muhim rol o’ynaydi. Shu boisdan "Birinchi qo’ng’iroq kunida”  maktab bayramona bezatilishi, vatanni sevishga, mohiyatni qadrlashga, mehr-oqibatli bo’lishga da’vat etuvchi turli shiorlar osilishi, radiokarnaylar orqali kuy-qo’shiqlar yangrab turishi, o’quvchilarning toza, ozoda maktab formasidagi kiyimlarda maktabga kelishiga e’tibor berilishi lozim. Maktab direktori qisqacha kirish so’zi bilan bayramning tantanali qismini ochadi. So’ngra, xalq maorifi a’lochisi, keksa pedagog, maktab o’quvchilarining chiqishlari bo’ladi. Nihoyat, boshlanayotgan o’quv yilida maktabni bitiruvchi sinfning a’lochi o’quvchisi bolalarni "Birinchi qo’ng’iroq” bayrami bilan tabriklab, 1-sinf o’quvchilariga tantanali ravishda "Bilim kaliti”ni topshiradi. 1-sinf o’quvchilaridan biri ramziy qo’ng’iroqni chaladi. Birinchi qo’ng’iroqning chalinishi ramziy ma’noga ega bo’lib, u 1-sinf o’quvchilari hayotida yangi davr boshlanganligini bildiradi. Qo’ng’iroqdan so’ng bitiruvchi sinf o’quvchilari 1-sinf o’quvchilarini o’zlari o’qigan sinf xonasiga olib borib, partalarga o’tqizib qo’yadi. Maktablarda o’tkaziladigan bunday marosim o’quvchilar uchun o’ziga xos bayram hisoblanadi. Bunday bayramlar juda ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bu bayram 1-sinf o’quvchilarida maktabga mehr, ilm-fanga qiziqish tuyg’usini shakllantiradi.

2-sentyabr "Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida”gi qonuni qabul qilingan.
O'zbek lotin yozuvi - lotin grafikasiga asoslangan harf tovush (fonografik) yozuv turi. O'zbek xalqi va yozuvi tarixida 2 marta joriy etilgan. O'zbek yozuvini arab grafikasidan lotin grafikasiga o'tkazish haqidagi dastlabki qaror 1929-yil 15-23-may kunlari Samarqand shahri (O'zbekistonning o'sha davrdagi poytaxti)da bo'lib o'tgan respublika adiblari, til-imlochilari va umuman yetakchi ziyolilar ishtirokidagi konferensiyada qabul qilingan va bu qaror 1929-yil 10-avgustda tasdiqlangan. Samarqand konferensiyasida qabul qilingan "lotinlashtirilgan o'zbek alifbosi” 33 harf va bir belgi (apostrof)dan iborat bo'lgan. Konferensiyada singarmonizm o'zbek adabiy tili uchun xos hodisa deb topilishi va alifboga 9 ta unli uchun alohida harflar kiritilgani, shu asosda ishlab chiqilgan imlo qoidalari keyinchalik o'zini oqlamadi, amalda imloda boshdoqlik vujudga keldi, ayni bir so'z bir necha xil yoziladigan bo'ldi. Natijada bu masala 1934-yil yanvarda bo'lib o'tgan Til va imlo masalalariga bag'ishlangan respublika qurultoyida qayta muhokama qilinadi va alifboga tegishli o'zgarishlar kiritiladi. O'tgan asrning 30-yillari 2-yarmidan o'zbek yozuvini rus grafikasi asosida shakllantirish ishlari boshlanib, bu jarayon 1940-yilda yangi alifbo qabul qilinishi bilan yakunlandi. Shu yildan to O'zbekiston mustaqillikka erishgungacha bo'lgan davrda rus grafikasi asosidagi o'zbek alifbosining qo'llanishi rus tili mavqeining oshib borishi, hatto "ikkinchi ona tili” darajasiga ko'tarilishiga, o'zbek tili mavqeining esa pasayishiga, qo'llanish doirasining torayishiga olib keldi. O'zbekiston mustaqillikka erishgandan so'ng respublikada o'zbek yozuvini rus grafikasidan yana lotin grafikasi asosidagi yozuvga o'tkazish haqida fikr-mulohazalar o'rtaga tashlanadi. Bu masala bir yil davomida ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, 1993-yil 2-sentyabrda O'zbekiston Respublikasining "Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida”gi qonuni e'lon qilindi. Yangidan qabul qilingan o'zbek alifbosi 31 harf va bir tutuq belgisi (apostrof)dan iborat deb belgilandi: Aa — rus grafikasidagi "a” tovushi, Bb - "b”, Cc - "s”, Dd - "d”, Ee - "e”, Ff - "f”, Gg - "g”, Hh - "h”, Ii - "I”, Jj - "j” (jonli, jo'ra), Kk - "k”, Ll - "l”, Mm - "m”, Nn - "n”, Oo - "o”, Pp - "p”, Qq - "q”, Rr - "r”, Cc - "s”, Tt - "t”, Uu - "u”, VV - "v”, Xx - "x”, Yy - "y”, Zz - "z” Çç - "ch”, Ğğ - "g'”, Jj - "j” (ajdod), Ňg - "ng”, Ŏŏ - "o'”, Şş - "sh”, (‘) tutuq belgisi (apostrof). Ushbu alifboni va shu asosda tayyorlangan "O'zbek tilining asosiy imlo qoidalari”ni muhokama qilish jarayonida bir qator taklif va tavsiyalar qilindi.
2-sentyabr Internetning tavallud kuni
Zamonaviy hayotni internet tarmog’isiz tasavvur etish mumkin emas. Chek-chegarasiz ma’lumot olish imkonini beruvchi qidiruv tizimi, ming-minglab chaqirim naridagi yaqinlarimiz bilan bir zumda bog’lanish imkoniyati, axborotni masofadan turib uzatish va qabul qilish, yillab ko’rishmagan insonlarimizni izlab topish, elektron tarmoq orqali savdo-sotiq ishlarini amalga oshirish, mehnat faoliyatini osonlashtiradigan dasturlardan foydalanish, boringki, ismimizni oshkor qilmay, dardimizni to’kib-solish, yolg’izlikka barham berish… yana uzoq davom ettirish mumkin bu ro‘yxatni. Xullas, ana shu beminnat va bezabon vositaning "tavallud kuni” 2-sentyabr sanasiga to’g’ri kelar ekan. 1969-yil, kuzning ilk kunlari. AQShning Kaliforniya universitetiga yig’ilgan 20 chog’li tadqiqotchi ko’z ko’rib, quloq eshitmagan ajoyib mo’jizaning guvohi bo’ldilar: tarixda ilk bor ikki kompyuter uch metrli qalin kabel orqali bir-biri bilan muloqotga kirishadi – belgilangan ma’lumotni uzatadi…Joriy yil boshida dunyo bo’ylab internetdan foydalanuvchilar soni 2 milliarddan oshganligi e’lon qilindi. Statistik tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, butunjahon "o’rgimchak ini”ga "ilinganlar”ning deyarli yarmini 25 yoshga to’lmaganlar, aynan shuncha qismini Osiyo davlatlari aholisi tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko’ra, bugungi kunda 9 milliondan ziyod yurtdoshlarimiz ham internet bilan oshno bo’lib ulgurgan.

2-sentyabr Gollandiyada gullar festivali
Gollandiyaning Aalsmer shahrida har yili 2-sentyabrda o'tkaziladigan gullar festivali dunyodagi eng mashhur va unutilmas gul ko'rgazmalaridan biri hisoblanadi. Festival sentyabr oyining ilk dam olish kunlarida o'tkazilib, Aalsmerda shanba kuni tonngi soat 8:30 da boshlanib, minglab odamlarni jalb qiladi.
Gullar festivali Aalsmer shahridagi auksiondan to Amsterdam markazigacha ikki yarim kilometrga cho'ziladi. Festival davomida musiqiy guruhlar, djaz gruppalar bayram dasturlari namoyish qilinadi, kostyumlashtirilgan tomoshalar, raqslar bo'lib o'tadi. Milliondan ortiq gullar 20 ta katta qayiq va 30 ta ajoyib bezatilgan avtomobillarda ko'chalar bo'ylab olib o'tiladi. Bu esa avtomobillar dizayni va gullar bilan bezatishning yangicha usullari namoyishi hamdir. Gollandiyaning yuzlab gul firmalari qayiqlar va avtomobillarni turli rangdagi gullar – xrizantema, nilufargul, atirgul, lola, freziya kabilar bilan bezatishda fantaziyalarini namoyon etadilar. Gollandiyada bir bor bo'lgan insonni bu gullar festivali befarq qoldira olmaydi. Bu mamlakatda gullar qiroli deb bemalol lolani atash mumkin. Bundan tashqari lola necha asrlardan buyon Gollandiya ramzi hisoblanadi. Bayram kunlarida hamma uylar, devorlar, mashinalar guldastalar bilan bezatiladi. Bunda Aalsmer shahri ko'ngillilari yordam beradilar. Ma'lumki, "Gul bayrami” dunyoda keng tarqalgan an'ananalardan biridir. Barcha joylardagi gul bayramlarining mohiyati va mazmuni bir-biriga yaqin bo'lsada, biroq ular o'ziga xos usul, rang-barang shaklda, milliy va mahalliy xususiyatlar bilan uyushtirilmoqda. "Gullar festivali” kishining ekologik va estetik tarbiyasida muhim rol o'ynashi bilan birgalikda go'zallik yaratish uchun mehnat qilishga undaydi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.