1-sentyabr Ezgulik arkasi qurib bitkazilgan kun 

5 588

O’zbekiston Respublikasi o’z davlat mustaqilligini qo’lga kiritgan buyuk tarixiy sana 1991-yil 1-sentyabr xalqimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy hayotida beqiyos o’rin egallagan, har yili eng ulug’, eng aziz bayram sifatida katta shodu-xurramlik bilan nishonlanadigan qutlug’ ayyomdir. Bu yil Vatanimiz, mamlakatimiz istiqlolining shonli sanasi – milliy mustaqilligimizning 257 yilligi nishonlanadi. Har yili 1-sentyabr yurtimizning barcha viloyatlarida, xiyobonlaru – bog’larda katta tantana bilan nishonlanadi. "O’zing mening ulug’lardan ulug’imsan, Vatanim!”-deganda shoir haq so’zni aytgan: odam farzandi uchun vatan bamisoli onaday, bamisoli otaday, bu yorug’ olamda bitta, yagona. Vatan borki, biz bormiz. Ona bor mehrini farzandiga ataganiday, Vatan boshida kulgan quyosh kabi bizni o’z harorati og’ushida erkalaydi. Uning bag’rida kulgan bahor - bizning bahorimiz, Vatan erishgan zafar - bizning ko’chamizda bayramlarni boshlaydi. Uning olamda qozongan obro’-e’tibori, mavqedan har birimizning chehramizda nur, ko’zimizda chaqmoq. U bor ekan, boshimiz tog’larday sarbaland, qaddimiz qoyalarday tik. Ona-O’zbekistonimiz biz uchun shunday tengsiz, yagona, e’zozli ma’vo, tanho Vatan, bebaho qadriyat. Vatanga sadoqat, ona-yurtga muhabbat hissi kishi qalbidagi eng bebaho tuyg’udir. Shoirlar ona-Vatanga sadoqat mavzusini otashin misralarda madh etsa, iste’dodli hofizlar buni dilbar navo, soxir ovoz ila kuylaydi. Shunisi ham borki, Vatan haqida so’z aytmoq, ona-yurtga muhabbatni tarannum etmoq oson yumush emas. Buning o’ziga yarasha mas’uliyati, yuki bor. Betakror san’at asarlari, yosh avlod qalbida o’zi tug’ilib-o’sgan makonini ulug’lash va uni ko’z qorachig’idek asrashga intilish, his-tuyg’usini shakllantirishga xizmat qiladi. 
 
Vatan! Bu muqaddas so’z zamirida qanchalik ilohiy kuch-qudrat, ma’no, beqiyos da’vat mujassam ekanligini hech kim, hech qachon to’la ifoda etolmasa kerak. Biz kindik qonimiz to’kilgan Vatan, ona tuproq bilan faxrlanamiz, e’zozlaymiz. Uning nomini eshitgan zahoti qalbimiz to’lqinlanadi, bir olam g’ururga to’ladi.  Vatan yagonadir, vatan bittadir. Dunyoda o’zbekman degan har bir insonning asl vatani shu aziz tuproqdir. Bu muqaddas zaminda ulug’ bobokalonlarimiz hoki yotibdi. Dinimizda iymon, qalblarda «Vatanni sevmoqlik — iymondandir» degan hikmat muhrlanib qolgan. Vatanni quruq madh etish boshqa-yu, vatan tuyg’usini qalbdan his etish boshqa. Uning muqaddasligi ana shu holda namoyon bo’ladi. Vatan yurakdadir. Inson uchun yurak nechog’li zarur va aziz bo’lsa, vatan undan-da zarur va azizroqdir. Azizlar aytmishlarki, "Tuprog’iga keldik, tuprog’iga keturmiz”. Binobarin, ozod va obod vatanda pok odamlar yashashi kishilik jamiyatining azaliy orzusi, aql va idrokning, qalbning eng totli, mo’’jizaviy tantanasidir. Bu tantana yuz bersa, shaksiz, vatanga oliy maqom va benazir xoslik bag’ishlaydi. Uni yer yuzidagi mayoqda aylantiradi. Illo, yurtboshimiz bizdan ana shu yo’ldan yurishimizni, sobit va qat’iy qadam tashlashimizni istaydi. Bu yo’l baxtli istiqbol, komil insonlar qo’nim topadigan, hech kimdan kam qilmaydigan, vatanimiz mazmunini yuksaltiradigan fikratdir. Mamlakatimiz Konstitutsiyasida O’zbekiston fuqarolari o’zlarining nasl-nasabi, irqi, millati va boshqa holatlaridan qat’iy nazar teng huquqga egadirlar deb yozib qo’yilgan. Azizlar, ozod va obod O’zbekistonni sevmaslik, sog’inmaslik, qadrlamaslik, unga mehr qo’ymaslik, u bilan faxrlanmaslik, zarur bo’lsa, uning sha’nini himoya qilmaslik mumkin emas. Vatan hamisha bizga kuch va harorat bag’ishlab turadi. U ona kabi muqaddasdir. O’zbekiston zamini, ona tuprog’imiz har birimiz uchun aziz va muqaddas! Mustaqillik hayotimizga ko’plab yangiliklar olib kelmoqda. G’olibona bosib o’tilgan 25 yillik yo’lga nazar solsak, bu o’zgarishlar yaqqol ko’zga tashlanadi.  Milliy istiqlol sharofati tufayli o’zligini tanib, qadr-qimmatini topib, qad rostlayotgan, o’ziga xos taraqqiyot va yuksalish yo’llarini belgilab, istiqbolning ko’z ilg’amas yorqin ufqlari sari muzaffar odimlar tashlab borayotgan O’zbekistonimizning jahon uzra e’zozu e’tibor, shonu shuhratga sazovor bo’lib, qanchalab xorijiy ellar, davlatlar bilan turli-tuman aloqalarda, hamkoru hamjihatliklarda bo’lib kelayotganligi, teran, baquvvat ildizlari asrlar qa’riga borib tutashuvchi asl milliy qadriyatlarimiz, sharqona urf-odatlarimiz, ajoyib-g’aroyib an’analarimiz, go’zal udumlarimiz, dinu iymonimiz, e’tiqodu e’timodimiz, qayta tiklanganligi, hayotda o’z o’rnini topayotganligi hamda xalqimizning bebaho ma’naviy mulkiga aylanib borayotganligi – bular bugun kechayotgan dorilamon davrimizning betakror, beqiyos xarakterli belgilaridandir. Istiqlol-o’zaro hurmat, bir-birini tan olish, bir-birini qadrlash asosida mamlakat fuqarolarining o’zaro munosabatida ham, jahon davlatlari o’rtasidagi aloqalarda ham ana shu umuminsoniy qadriyatlarga tayanish, ana shu umumiy mezonlar asosida yashash demakdir.  Mana 28 yildirki, ona yurtimiz bag’rida mazmuni va ko’lami asrlarga qiyos qilgulik ulug’vor, hayratomuz o’zgarishlar, salmoqli ijtimoiy siljishlar yuz bermoqda, xalqimizning turmush tarzi, ma’naviy qiyofasi boyib, sifat jihatidan o’zgarib, kamalak ranglaridek yangi jilolar kashf etib bormoqda. Bu esa, shubhasiz, baxtiyor zamondoshlarimizning olg’a tomon harakatlarida, intilishlarida, ularning yuksak ezgu maqsadlar sari xayrli izlanishlarida o’z ijobiy samarasini namoyon etmoqda.Milliy istiqlol bamisoli sehrli mo’jiza yanglig’ berkilib qolgan buloqlar ko’zini ochib, ming-minglab tashna lablarga obi hayot ato etganidek, yurtimiz odamlarining ham yuzlariga quvonch, ko’zlariga ziyo bag’ishlab, emin-erkin qilib, ularning ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida javlon urishlari, o’z iste’dodu iqtidorlarini, ijodkorliklarini to’la-to’kis namoyon etishlari uchun keng ufqlar ochib berdi. Mustaqillik yillarida Respublikamizning barcha joylarida shahar va qishloqlarida, turli sohalarda ancha ishlar qilindi. Har jihatdan o’zini anglayotgan millat ulug’ bunyodkorliklar qilishga kirishib ketdi. O’tgan 28 yil ichida O’zbekiston tanib bo’lmas darajada o’zgardi. Nafaqat ko’chalar va xiyobonlar, bu davrda jamiyat va odamlar ham o’zgarib, yurtdoshdarimiz erkin fikrlay boshladilar. Har kimning  o’z vazifasiga nisbatan mas’uliyati ham ortdi. Shu bilan birga yoshlarda Vatanga sadoqat hissi kuchaydi. Inson uchun ozodlikdan qadrli ne’mat yo’q. Dunyodagi jamiki bunyodkorlik va yaratuvchanlikning asosi – ozodlikdir. Tarixan qisqa bir davrda, avvalo el-yurtimizning xohish-irodasi, kuch-qudrati,   mashaqqatli va bunyodkorona mehnati evaziga jahon xaritasida yangi, o’z kuchi va salohiyatiga tayangan, bugun taraqqiyot yo’lidan barqaror sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan mustaqil, suveren O’zbekiston davlatining paydo bo’lishi, hech shubhasiz, xalqimizning tarixiy g’alabasidir. 

1-sentyabr Toshkent shahrining 2200 yilligi nishonlangan.
2009-yil 2-10-aprel kunlari YuNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida Toshkent shahrining 2200 yilligiga bag’ishlangan yubiley tantanalari bo’lib o’tdi. 2009-yil 26-27-mayda Toshkent shahrida "Toshkentning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida tutgan o’rni” mavzuida xalqaro ilmiy konferensiya o’tkazildi. 2009-yil 1-sentyabrda YuNESKO ishtirokida Toshkent shahrining 2200 yilligi keng nishonlandi. Toshkent shahrining 2200 yilligi oldidan Mamlakatimiz poytaxtida juda katta ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Shaharning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga doir belgilangan tadbirlar amalgam oshirildi. Jumladan, Toshkentning qadimgi Mingo’rik shahar xarobasining qoldiqlari konservatsiya qilindi; Ko’kaldosh madrasasining kirish peshtoqi va old qismi sathi, Suzukota maqbarasi ta’mirlandi; "Qatag’on qurbonlari xotirasi” muzeyi qurilishining 2-navbati tugallandi; Yoshlar ijod saroyi, Toshkent Islom universitetining yangi o’quv binosi qurildi; "Paxtakor” markaziy stadioni to’la rekonstruksiya qilindi; Amir Temur shohko’chasi, Abdulla Qodiriy, Parkent, Shahrisabz, Taraqqiyot ko’chalarida keng ko’lamda rekonstruksiya ishlari olib borildi, Toshkent shahar markazida eng muhtasham "O’zbekiston” anjumanlar saroyi qad ko’tardi va shaharning yangi kuranti qurildi.

1-sentyabr Ezgulik arkasi qurib bitkazilgan kun
Mustaqillik va Ezgulik Monumenti – Toshkent shahridagi Mustaqillik maydonida O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Islom Karimov g’oyasi bilan bunyod etilgan me’moriy – badiiy majmua. Ramziy ravishdagi yer sharida O’zbekiston Respublikasi xaritasi aks etgan ushbu obida jahon xaritasida mustaqil O’zbekiston mustahkam o’rin olganini ifodalaydi. Mustaqillik monumenti bilan uyg’unlashgan holda uning oldiga "Baxtiyor ona” haykali (haykaltarosh I.Jabborov) va maydonining quyi qismida Ezgulik arkasi o’rnatildi. "Baxtiyor ona” mustaqillik tufayli yuzida shukronalik balqib turgan munis o’zbek ayoli – baxtli oila timsolidir. Haykal quyida oq poyondozli yo’l bilan Ezgulik arkasiga tutashadi. Ezgulik arkasini maydonning ramziy darvozasi deyish mumkin. Oppoq marmardan qad rostlagan bu me’moriy qurilma tepasidagi parvozga shaylangan baxt va tinchlik, farovonlik elchisi hisoblangan turna, laylaklar quyoshning zarrin nurlarida kumushdek tovlanib, dillarda ezgu tuyg’ular uyg’otadi. Arkaning baland va mustahkam ustunlari – mustaqil mamlakatimizning baquvvat tayanchlari ifodasidir. Mustaqillik monumenti va "Baxtiyor ona” haykali, Ezgulik arkasi oq poyondoz shaklidagi keng yo’lak bilan birga yaxlit ansamblni tashkil etadi. Bular mustaqillik va ezgulik tushunchalarini ramziy tarzda o’zida uyg’un ifodalaydi. 2005-yil 1-sentyabr – Mustaqillik maydonida Ezgulik arkasi qurib bitkazildi.

1-sentyabr Toshkent hayvonot bog'i tashkil etilgan.
1997-yil sentyabrda Toshkent hayvonot bog'i tashkil etildi. Hayvonot bog'i, Toshkent hayvonot bog'i (Bog'ishamol ko'chasi, 232-uy) – ma'rifiy va ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradigan muassasa. 1924-yilda 3 gektar maydonda O'rta Osiyo universiteti biolog olimlari tashabbusi bilan chor Rossiyasi general gubernatorining dala hovlisidagi kichik hayvonot burchagi negizida tashkil etilgan. XX asrning 40-yillari oxirida 200 turdan ortiq hayvonlar jamlangan hayvonot bog'iga aylandi. O'zbekiston Respublikasi hukumati qaroriga ko'ra, 1994-97-yillarda Hayvonot bog'i uchun barcha zamonaviy talablar va standartlarga javob beradigan yangi Hayvonot bog'i qurildi. Botanika bog'i yaqinida joylashgan mazkur bog'ga 1997-yil sentyabrda Toshkent Hayvonot bog'i ko'chib o'tdi. Umumiy maydoni 22,7 gektar, 415 turdagi 5000 ga yaqin jonivor, shu jumladan, sutemizuvchilarning 74 turi, qushlarning 101 turi, reptiliyalarning 39 turi, amfibiyalarning 5 turi, baliqlarning 184 turi, umurtqasiz hayvonlarning 17 turi saqlanadi (2009). Akvarium bo'limida dengiz akvasistemasi barpo etilgan bo'lib, unda dengiz jonivorlari , akula va baliqlar, poliplar va boshqa yashashi uchun sharoitlar yaratilgan. Hayvonot bog'i yirtqich qushlarni (qoraqush, kalxat, boltayutar, kondor va boshqalar) ko'paytirishga ixtisoslashgan. Noyob va yo'qolib borayotgan hayvonlar turlarini ko'paytirish bo'yicha ilmiy ishlar olib boriladi. 2006-2007-yillarda 2 ta yangi bo'lim (umutqasizlar, kemiruvchilar) tashkil etildi. Chet ellardagi 86 hayvonot bog'lari bilan hayvonlar va ilmiy axborotlar almashish bo'yicha hamkorlik qiladi. 1998-yildan Yevropa – Osiyo hayvonot bog'lar va akvariumlar mintaqaviy uyushmasiga a'zo. Hayvonot bog'i Ashxobod, Termiz, Dushanbe va Olmaota bog'larining tashkil topishida bevosita ishtirok etgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.