Shvetsiya 

19 261

  Rasmiy nomi — Shvetsiya Qirolligi. Poytaxti — Stokgolm. Hududi — 449964 km.kv. Aholisi — 9 mln.dan ortiq (2012). Davlat tili — shved. Dini — lyuteranlar (94%), katoliklar (1,5%). Pul birligi — shved kronasi.
   Geografik joylashuvi va tabiati. Skandinaviya yarimorolining katta qismini egallagan Shimoliy Yevropadagi davlat. Shvetsiyaga Boltiq dengizidagi Gotland va Aland orollari hamda mamlakat sohili yaqinidagi qator mayda orollar tegishli. Shvetsiya g‘arbda va shimolda Norvegiya (chegara uzunligi — 1619 km), shimoli sharqda Finlyandiya (586 km) davlatlari bilan chegaradosh. Sharqda Shvetsiya Boltiq dengizi va Botnika qo‘ltig‘i, janubi g’arbda Kattegat va Skagerrak bo‘g‘ozlari bilan tutashgan. Eresunn tor bo‘g‘ozi Shvetsiyani Daniyaga tegishli bo‘lgan Zelandiya orolidan ajratib turadi. Chegarasining umumiy uzunligi — 2205 km, sohil bo‘ylab chegara uzunligi — 3218 km. Mamlakat hududining asosiy qismi yassitog`liklar va tepaliklari bor tekisliklardan iborat. Shimol va g‘arbda Skandinav tog‘lari (eng baland nuqtasi — Kebnekayse tog‘i — 2123 m) joylashgan. Mamlakat sharqida Norland yassitog’ligi joylashgan. Shvetsiyaning janubiy qismida ko‘p sonli ko‘llardan iborat vodiy bor. Yirik ko‘llari — Vettem va Venem. Asosiy daryolari — Kaliks-Elv, Shellefte-Elf, Ume-Elf, Tume-Elf. Mamla­kat temir rudasi, qo‘rg‘oshin, rux, mis, kumush va yog‘ochga boy. Haydaladigan yerlar mamlakat hududi­ning 7%, o‘rmonlar va to‘qaylar 64% ini tashkil etadi.
  Iqlimi — mo‘tadil. Mamlakat hududining yarmidan ko‘prog‘i o’rmonlardan iborat (23 mln ga). Ignabargli o‘rmonlar ko‘p. Mamlakat janubida aralash o‘rmonlar mavjud. Shimolda asosan mox va lishayniklar o‘sadi. Bug‘u, kiyik, tulki, o‘rmon suvsari, olmaxon, quyon, o‘rdak va oqqushlar hayvonot dunyosini tashkil etadi. Daryolari va Boltiq dengizi turli baliqlarga boy.
  Davlat tuzilishi, siyosiy partiyalari. Davlat tuzilishi — konstitutsion monarxiya. Mamlakat tarkibiga 24 len (gubemiya) kiradi. Milliy bayrami — 6-iyun — Shved Bayrog‘i kuni. Davlat boshlig‘i — monarx. Ijro etuvchi hokimiyat — Vazirlar Mahkamasini boshqaradigan Bosh vazirga tegishli. Qonun chiqaruvchi hoki­miyat — bir palatali parlament — Riksdag tomonidan amalga oshiriladi. Yirik siyosiy partiyalari: Shvetsiya xalq-demokratik ishchi partiyasi, Mo‘tadil koalitsion partiya, Xalq partiyasi — liberallar, So‘l partiya, Atrof-muhitni himoya qilish partiyasi.
  Iqtisodi, transport kommunikatsiyalari. Shvetsiya samarali ijtimoiy ta’minot, aholining yuqori turmush darajasi hamda fuqarolarning ish bilan to‘la bandligini ta’minlaydigan iqtisodiyotga ega. Mamlakat zo‘r transport kommunikatsiyasiga va malakali ishchi kuchiga ega. Iqtisodining asosini yog’ochni qayta ishlash, qog‘oz-selluloza sanoati, metallurgiya, gidroenergetika va avtomobilsozlik tashkil etadi. Qishloq xo‘jaligida chorvachilik rnuhim o‘rin tutadi. Don mahsulotlari, qandlavlagi, kartoshka asosiy ekinlar hisoblanadi. So‘nggi yillarda hukumat tomonidan o‘tkazilayotgan islohotlar — soliqlarni kamaytirish, davlat korxonalarini xususiylashtirishdan iborat bo‘lib, ular ishlab chiqarish hajmining o‘sishiga, narxlarning barqarorligini saqlab qolishga, ishsizlik darajasini kamaytirishga qaratilgan. 2012-yil YIM miqdori 325,3 ming AQSH dollarni (aholi jon boshiga – 35,8 ming AQSH doll.) tashkil etgan. Asosiy savdo hamkorlari: Germaniya, Buyuk Britaniya, Daniya, AQSH, Norvegiya.
 Temiryo‘llarining umumiy uzunligi — 12000 km. Avtomobil yo‘llari — 135819 km (97818 km qattiq qoplamali), ichki suv yo‘llari — 2052 km. Portlari — Evle, Gyoteborg, Kalmar, Malmyo, Stokgolm, Xelsingborg.
 Tarixi. Hozirgi Shvetsiya hududida qadimda german qabilalari yashagan. VII-X asrlarda vikinglarning (sharqda ularni varyaglar deb atashgan) ta’siri sharqqa, avvaliga Boltiqbo‘yiga, keyinroq Rossiyaga (IX asrda varyag knyazlari Novgorod va Kiyevni boshqarishga taklif etilgan) tarqalgan. 860-yilga kelib varyaglar Konstantinopol bilan savdo qilishgan. Xristianlikni mamlakatga 830-yilda frank missionerlari olib kirishgan. Bu din dastlabki xristian qirollar Olafe, Skotkonunge (XI asr) va, ayniqsa, XII asrda hukmronlik qilgan Erik IX (Avliyo) davrida keng tarqalgan. Erik IX (1150-1160) Finlyandiyaga qarshi urush boshlaydi. Finlyandiya XIII asrda Shvetsiya tomonidan bosib olinadi. 1359-yilda Shvetsiyaning Daniya va Norvegiya bilan birlashishi (Kalmar uniyasi) Shvetsiyani XVI asr boshigacha Daniyaga qaram qilib qo‘yadi. Karl XII Rossiya, Daniya va Polshaga qarshi kurashgan Shimoliy urushda (1700-1721) shved armiyasi Poltava yaqinida mag`lubiyatga uchraydi va Shvetsiya XVII asrda Gustav II Adolf davrida egallagan hududlarni qo‘ldan boy beradi. Karl XIII 1814-yilda Norvegiyani Shvetsiyaga qo‘shib oladi (1905-yilgacha). XX asrda ikkala jahon urushlarida neytralitet e’lon qilgan Shvetsiyaning siyosiy hayotida sotsial-demokratlar mavqeyi ortadi. Sotsial-demokratik partiyaning yorqin namoyandalaridan biri Shvetsiya Bosh vaziri 1986-yili terrorchi tomonidan o`ldirilgan Ulof Palmedir.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.