Galaktika 

15 885

NECHTA GALAKTIKA BOR?
  Butun Koinot bo’ylab sochilib ketgan yulduzlar g’uj-g’uj to’plangan yerlar galaktika deb ataladi. Bizning Quyosh esa Somon Yo’li galaktikasidagi yulduzdir. Ushbu galaktikada ham milliardlab yulduzlar bor. Yorug’lik galaktikamizning bir burchidan ikkinchi bir burchiga yetib borishi uchun, taxminan, yuz ming yil kerak bo’ladi. (yorug’lik bir yilda 9 500 000 000 000 kilometr masofani bosib o’tadi!) Munajjimlar teleskoplar yordamida bizning galaktikamizdan boshqa yana millionlab galaktikalar borligini aniqlashgan. Bizga ma'lum galaktikalarning 3 turi ma'lum. Somon Yo’li kabi spiral ko’rinishiga ega bo’lgan galaktikalar spiralsimon galaktikalar deb ataladi. Ularning eng yaqini, taxminan, Yerdan ikki million yorug’lik yili uzoqlikda joylashgan. Bu Andromeda burjidagi katta spiralsimon galaktikadir. Kuzatiladigan eng yorqin galaktikalarning 17 foizga yaqinini ellipssimon galaktikalar tashkil etadi (ellips cho’zinchoq aylanadi, ya'ni tuxumga o’xshaydi). Bunday galaktikalar, asosan, yulduzlardan tashkil topgandir. Ularda gaz va changlar oz miqdorda bo’lishi yoki, umuman, bo’lmasligi ham mumkin. Ba'zi galaktikalar noto’g’ri galaktikalar deb ataladi, chunki ularning muayyan shakli yo’q. Bunday galaktikalar yulduzlardan, chang va gazlardan tashkil topgandir. Somon Yo’liga eng yaqin ikki galaktika noto’g’ri galaktikalar turkumiga mansub. Shu bilan bir qatorda, bir nechta kichik galaktikalar ham mavjud, ular «mittivoylar» deb ataladi. Ulardan eng kichiklarining o’lchami bir necha yuz yorug’lik yiliga teng bo’lib, bir necha ming yulduzlardan tashkil topgan. Koinotda katta galaktikalarga nisbatan « mittivoylar» ko’p bo’lishi ehtimoldan xoli emas. Galaktikalar bir-biridan yuz minglab yoruglik yili uzoqda joylashgan. Ular, odatda, guruh-guruh yoki klasterlar holida mavjuddir. Guruh yoki klasterlar bir necha o’ndan tortib ko’p ming galaktikalardan iborat. Kuzatish mumkin bo’lgan eng uzoq klasterlar bizning Somon Yo’li galaktikamizdan trillionlab yorug’lik yili olisda joylashgan. Yerdan shu darajada uzoq galaktikalar borki, ulargacha bo’lgan masofani tasavvur qilishning o’zi nihoyatda qiyin. Shuning uchun ham: «Koinotda nechta galaktika bor?» degan savol jumboqligicha qolaveradi. 

TUMANLIK NIMA?

  Agar kitoblarda katta spiral, girdob va bulut ko’rinishidagi tasvirlarga ko’zingiz tushgan bo’lsa, shunga o’xshash manzarani osmonda ham ko’raman, deb ovora bo’lib yurmang. Aksariyat tumanliklarni teleskop yordamisiz ko’rib bo’lmaydi. «Tumanlik» so’zining paydo bo’lishiga sabab munajjimlar avvallari zaif teleskoplar bilan osmonni kuzatishganda, ularning ko’ziga olisdagi g’uj-g’uj yulduzlar yoki chang va gazlar tumanli dog’lar bo’lib ko’ringan. Tumanlik ikki xil bo’ladi: galaktika tumanligi, galaktikalardan tashqaridagi tumanlik. Galaktika tumanligini bizning galaktikamizda (Somon Yo’li) ham ko’rish mumkin. Ular chang va gazdan iborat. Galaktikalardan tashqaridagi tumanliklar bizning galaktikamizdan tashqarida joylashgan. Ular, asosan, yulduzlardan iborat. 2 mingga yetar-yetmas galaktika tumanliklari bor. Demak, sizu bizga ma'lum bo’lgan tumanliklarning aksariyati bizning galaktikamizdan tashqarida joylashgan. Ularning miqdori qancha? Somon Yo’lidan tashqaridagi fazoda millionlab tumanliklar bo’lishi mumkin. Galaktikalardan tashqaridagi tumanliklar «koinot orolchalari» yoki «galaktikalar» deb ataladi. Buning ma'nosi shuki, agar kimdir bizning galaktikamizni ham o’sha tomonlardan kuzatsa, u ham tumanlikka o’xshab ko’ringan bo’lur edi. Galaktikalardan tashqaridagi tumanliklar turli xil ko’rinishlarga ega. Ba'zilari — noto’g’ri yoki ellips shaklida. Ularning aksariyat ko’pchiligi spiralsimon tumanliklardir. Bizning galaktikamizga o’xshash spiralsimon galaktikalar ko’plab yulduzlar, katta gaz bulutlari va chang bilan to’lgan bepoyon mintaqalardan iborat. Odatda, tumanlikning yadrosi bo’ladi va undan spiral shaklidagi syuxlar atrofga tarqaladi. Andromeda tumanligi Yerga eng yaqin, eng bepoyon va eng yorqin tumanlikdir. U bizning Quyoshga nisbatan 1 500 000 000 marta ko’p yorug’lik ajratib chiqaradi!

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.