Markaziy Osiyo 

10 186

 
Geografik o‘rni.
Markaziy Osiyo tabiiy-geografik o‘lkasi Osiyoning Markaziy qismini egallaydi. Uni shimolda Sibir, sharqda Sharqiy Osiyo, janubda Janubi-Sharqiy va Janubiy Osiyo, g‘arbda esa O‘rta Osiyo o‘lkalari o‘rab turadi. Bu o‘lkada Xitoy va Mongoliya hududidagi tog‘ va cho‘llar joylashgan. 
O‘lkaning markaziy va janubiy qismidan Yer po‘stining faol Alp-Himolay seysmik mintaqasi o‘tadi. O‘lkada keksa, lekin yoshargan tog‘lar (Mongoliya Oltoyi, Tyanshan, Tibet) bilan birga eng yosh (Qoraqurum) tog‘lar ham bor.  
 
Tog‘li hududlarda magmatik va metamorfik tog‘ jinslari, botiq va cho‘kmalarda qalin cho‘kindi jinslar paydo bo‘lgan. Rudali va nodir metall konlarining hosil bo‘lishi magmatik va metamorfik jinslar bilan, yonuvchi va norudali konlar esa cho‘kindi jinslarning tarqalishi bilan uzviy bog‘liq.
Relyefi. 
Markaziy Osiyo o‘lkasining relyefida, asosan, tog‘, tog‘lik, tog‘ oralig‘idagi botiqlar va baland tekisliklar uchraydi. Tibet tog‘ligi, Qoraqurum, Sharqiy Tyanshan yoki Xitoy Tyanshani, Oltoy (Mongoliya Oltoyi), Kunlun tog‘lari, Taklamakon botig‘i, Gobi cho‘li joylashgan baland tekislik o‘lka relyefining asosiy shakllari hisoblanadi. O‘lkaning eng baland joyi (8611 m) Qoraqurum tizmasidagi Chogori cho‘qqisi bo‘lsa, eng past nuqtasi Taklamakon cho‘lidagi Turfan botig‘iga (-154 m) to‘g‘ri keladi.
Iqlimi.
O‘lka hududi mo‘'tadil va subtropik iqlim mintaqalarida joylashgan. Markaziy Osiyo maksimumi (qish oylarida) va Tinch okeandan esadigan havo massalarining hissasi katta. Yillik yog‘in-sochin Tibet tog‘ligining markazida, Taklamakon va Gobi cho‘llarida 100 mm dan kam. O‘lkaning janubi-sharqiy qismidagi tog‘larning (Tibet, Kunlun) sharqiy yonbag‘riga 1000 mm va undan ko‘p yog‘in tushadi. Yanvarning o‘rtacha harorati o‘lka shimolida -24°C (iyulda +16°C), markazida (Taklamakon cho‘lida) -8°C (iyulda +24°C), janubida (Tibet tog‘ligida) -20°C (iyulda +10°C) atrofida bo‘ladi.

O‘lkada yirik daryolar yo‘q, ammo mavjud kichik daryolari Tinch va Hind okeanlariga quyiladigan daryolarning yuqori oqimidagi irmoqlaridan iborat. Suvsiz va qurib qoladigan ko‘pgina kichik daryolar (Tarim, Zulayho va b.) berk havzada joylashgan. Ko‘llaridan Lobnor (maydoni o‘zgarib turadi), Kukunor, Ubsu-Nur sho‘r ko‘llar bo‘lsa, Bagrashko‘l, Orin-Nur chuchuk ko‘llardir.

Markaziy Osiyoda mo'tadil va quruq subtropik iqlim mintaqalarining o‘rmon-dasht (tog‘ etaklari), chalacho‘l, cho‘l zonalari hosil bo‘lgan. Tibet tog‘ligining 4000 m balandliklaridagi yassitog‘ oralig‘i botiqlarida ham chalacho‘l va dasht zonalariga xos tabiat manzaralarini uchratamiz. Tog‘larning 6000 m dan baland qismlari qor va muzlar bilan qoplangan.
 

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.