Janubiy Amerikaning tabiiy-geografik o‘lkalari 

11 300

Janubiy Amerika hududining relyefi
Janubiy Amerika hududining relyefidagi tafovutlariga asoslanib, unda ikkita yirik tabiiy-geografik o‘lka ajratilgan - Tog‘li G‘arb va Tekislikli Sharq. O‘z navbatida, bu o‘lkalar tabiiy xususiyatlariga qarab bir necha kichikroq tabiat komplekslariga bo‘linadi. Jumladan tog‘li hududida Shimoliy, Markaziy va Janubiy And, tekislikli hududida esa Orinoko, Amazoniya, Gviana va Braziliya yassitog‘lari, Patagoniya kabi kichik tabiiy-geografik o‘lkalarni ajratish mumkin. Quyida ayrim tabiat komplekslariga qisqacha tavsif beramiz.

Amazoniya materikning eng katta botqoqlashgan pasttekisligidir. U Gviana va Braziliya yassitog‘liklari oralig‘ida joylashgan. Bu pasttekislik platformaning botiq qismi dengiz, ko‘l va daryo yotqiziqlari bilan to‘lishi natijasida paydo bo‘lgan.

Amazoniya Yer yuzidagi issiq va nam iqlimli o‘lka hisoblanadi. Yil bo‘yi harorat +24°C, +27°C atrofida bo‘ladi. Yog‘ingarchilik 1500-3000 mm ni tashkil etadi. Daryo tarmoqlari nihoyatda zich joylashgan. Bu daryolar qor, muz, yomg‘ir suvlaridan to‘yinadi. Amazonkaning chap irmoqlari apreldan iyungacha, o‘ng irmoqlari esa dekabrdan fevralgacha to‘lib oqadi.

Amazoniyaning g‘arbiy qismi ko‘p yarusli doimiy yashil ekvatorial o‘rmonlar bilan qoplangan. O‘rmonlarda yo‘g‘onligi 15 quloch keladigan baland bo‘yli seyba - paxta daraxti, qimmatli yog‘och beradigan sedrella daraxti, xilma-xil palmalar, Braziliya nomining kelib chiqishiga sabab bo‘lgan pay brazil daraxti (qizil daraxt), kakao daraxti, kauchuk beradigan geveya daraxti o‘sadi. Suv bosmaydigan yerlarda sutli daraxt, qizil rangli mango daraxti, braziliya yong‘og‘i ko‘p uchraydi. Bu kichik o‘lkada daraxt baqalari, turli xil ilonlar, eng katta ilon - anakonda, toshbaqa va kaltakesak kabi hayvonlar yashaydi. Daryolarda, shuningdek, kaymanlar, alligatorlar hamda baliqlar ko‘p uchraydi.
Amazoniya hududidagi cho‘kindi jinslar orasidan neft, tabiiy gaz, rangdor metallar, marganets, temir konlari topilgan.
 

Braziliya yassitog‘ligi Amazonka va La-Plata pasttekisliklari hamda Atlantika okeani oralig‘ida joylashgan. U, asosan, eng qadimgi kristall va metamorfik tog‘ jinslaridan tuzilgan. Kristall jinslar orasida temir, olmos, oltin, uran rudalari, marganets, rangdor metall rudalarining katta konlari bor. Yassitog‘likning yuzasi chuqur daryo vodiylari bilan parchalangan, ular past-baland qirlarni eslatadi. Yassitog‘likning katta qismi subekvatorial va tropik, janubiy qismi esa subtropik mintaqalarda joylashgan. Shuning uchun bu o‘lkada yanvarning o‘rtacha harorati +22°C dan -29°C gacha, iyulning o‘rtacha harorati +12°C gacha kuzatiladi. Yillik yog‘in miqdori o‘rtacha 1400-2000 mm ga teng.

Braziliya yassitog‘ligining barcha daryolari yomg‘irdan to‘yinadi, shu sababli daryolar rejimida qishda suv kamayadi, yozda esa daryolar to‘lib oqadi. Bu yerda doimiy sernam yashil tropik o‘rmonlar Atlantika okeanidan uzoqlashgan sari butazor savannalar hamda o‘tloq savannalar bilan almashinib boradi. Shimoliy qismidagi o‘rmonlarda yelimli palma o‘sadi. Janubida braziliya araukariyasi, doimiy yashil va aralash subtropik o‘rmonlar bor. O‘rmonlarning birinchi yarusida doimiy yashil o‘simliklar keng tarqalgan, ular orasida paragvay choyi alohida ajralib turadi. Siyrak o‘rmonlarda va savannalarda qizil tumshuq, yolli bo‘ri, qizil bug‘u, nandu tuyaqushi, tapirlar yashaydi.

Yassitog‘likning daraxtlardan ochilgan joylarida paxta, shakarqamish, kakao va boshqa xil tropik ekinlar ekiladi. O‘lkaning daryolarida ostonalar va sharsharalar ko‘p. Ular juda katta gidroenergiya zaxirasiga ega bo‘lib, elektr stansiyalar qurilgan.

plus  Использованные источники:

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.