Yuklanmoqda...

Chiroyda tengi yo’q qo’riqxonalar


Tabiatning qanday yashayotganini, uning rivojlanish bosqichlarini o’rganish, uning ijod namunalarini ko’rish hamda bahramand bo’lish barobarida ilmiy tadqiq etish, shu bilan bir qatorda, jonzotlarning yashab qolishiga imkoniyat yaratish maqsadida milliy parklar, qo’riqxonalar tashkil etiladi. Shu bois sayyoramizning qator mamlakatlarida ana shunday xiyobonlar tashkil etilgan bo’lib, u yerlarga inson qadami kamroq yetishi ta’minlanadi. Haqiqiy yovvoiy tabiat qonuniyati shakllantiriladi.

Tabiatni muhofaza qilish ishlari unda tobora kamayib borayotgan, yo’qolish arafasiga kelib qolgan hayvonot, nabotot olami vakillarini saqlab qolishga ulkan hissa qo’shadi. Yer yuzida umumiy miqdorda olib hisoblaganda 16 000 qo’riqxona bo’lib, uning maydoni 19 300 000 kvadrat kilometrni tashkil etadi. (Afrika qit’asi maydonidan katta). Bugun e’tiboringizga ana shu xiyobonlar orasidagi eng katta va eng chiroyli o’ntasini taqdim etamiz. 
 
Rangel-Sent-Elayas milliy parki va qo’riqxonasi

Maydoni: 53 321 km²
Rangel-Sent-Elias milliy parki Alyaskaning janubiy qismida joylashgan. Bu AQShdagi eng katta milliy park hisoblanadi. Park YuNESKOning butunjahon merosi ro’yxatiga kiritilgan bo’lib, bundan tashaqari, xalqaro qo’riqxonalar biosferasiga ham kiradi. U yerdagi Sent-Elias tog`i qiyaligi bo’yicha AQSh hamda Kanada hududidagi eng baland tog` hisoblanadi. 
 
Air va Tenere milliy qo’riqxonasi

Maydoni: 77 360 km²
Ushbu qo’riqxona Niger davlati hududida joylashgan bo’lib, YuNESKOning Butunjahon merosi ro’yxatiga kiritilgan edi. Qo’riqxonani ikki qismga ajratsa bo’ladi. Sharqiy qismi Air tog`lari etaklari bilan tutashib ketgan, g`arbiy qismi esa markaziy Sahroiy Kabirning janubiy cho’lli hududi — Tenerega borib taqaladi.
 
Limpopo transchegaraviy parki

Maydoni: 99 800 km²
Limpopo — Mozambik, Janubiy Afrika va Zimbabve hududlari bo’ylab yastangan bo’lib, o’zida Banayn milliy parki, Kryuger milliy parkiga o’xshash o’nlab milliy parklarni birlashtirgan ulkan qo’riqxonadir. Qo’riqxona yerida Afrika fillari, jirafalar, leopardlar, gepardlar, xolli sirtlonlar va ko’plab boshqa mavjudotlar yashaydi.
 
Galapagos dengiz qo’riqxonasi

Maydoni: 133 000 km²
Galapagos dengiz qo’riqxonasi rivojlanayotgan mamlakatlar orasidagi eng katta dengiz qo’riqxonasi hisoblanadi. Bu hudud ko’plab dengiz jonzotlarining uyi bo’lib, jumladan, akulalar, kitlar, toshbaqalar va skattlarning makonidir. Aynan shu yerda Charlz Darvin turlarning kelib chiqishi va ularning evolyutsiyasiga bag`ishlangan tadqiqotlarini olib borgan.
 
Katta rif to’siqli milliy park

Maydoni: 345 400 km²
Ushbu dengiz qo’riqxonasi Avstraliyaning shimoli-sharqiy sohillarida, Marjon dengizida joylashgan. U marjonlarning turli turlarini saqlab qolish maqsadida tashkil etilgan va bundan tashqari bu yerda dengiz jonzotlarining ham antiqa turlarini uchratsa bo’ladi.
 
Papaxanaumokuakea milliy dengiz yodgorligi

Maydoni:  360 000 km²
Nomi aytilishi qiyin ushbu qo’riqxona Gavayi arxipelagida joylashgan bo’lib, o’z tarkibiga o’nlab orollar va atollarni birlashtiradi. Qo’riqxona 7000 mingga yaqin jonzot turlarining uyi hisoblanadi, jumladan, yo’qolib ketishi xavfi ostida turgan Gavayi monax-tyulenining ham.
 
Feniks orolidagi qo’riqxona hududi

Maydoni: 408 250 km²
Feniks orolidagi qo’riqxona Tinch okeani hududidagi eng katta va eng moviy suvli qo’riqxona hisoblanadi. U Kiribati Respublikasi tarkibida bo’lib, Mikroneziya va Polineziyada joylashgan. Aytishlariga qaraganda, Yer sayyorasini samolyotda aylanib chiqmoqchi bo’lgan birinchi uchuvchi ayol Ameliya Erxart 1937-yil aynan shu yerga qulab, halok bo’lgan emish.
 
Okavongo-Zambezi transchegaraviy qo’riqxonasi

Maydoni: 444 000 km²
Ushbu tabiatni muhofaza etish hududi Afrika qit’asidagi Angola, Botsvana, Namibiya, Zambiya hamda Zimbabve kabi mamlakatlarlarni o’z ichiga oladi. Bundan tashqari, qo’riqxona tarkibida Chobe va Xvanga milliy parklariga o’xshash bir qancha milliy parklar, Okavongo daryosi deltasi hamda Viktoriya sharsharasi kiradi. Transchegaraviy ushbu qo’riqxona sayyohlikni rivojlantirish va jonzotlarni bir hududdan ikkinchi hududga bemalol harakatlana olishlari uchun tuzilgan.
 
Chagos harbiy dengiz qo’riqxonasi

Maydoni: 545 000 km²
Chagos arxipelagi Buyuk Britaniyaga qarashli bo’lib, Maldiv orollaridan 500 km. uzoqlikdagi masofada joylashgan. U dunyodagi eng yirik dengiz qo’riqxonasi hisoblanadi, uning maydoni Fransiya maydoni o’lchami bilan teng. Qo’riqxona hududida ekotizimga oid juda kamyob jonzotlar uchraydi. Bu yerda kam uchraydigan g`aroyib jonzotlarni ham ko’rish mumkin.
 
Shimoli-sharqiy Grenland milliy parki

Maydoni: 972 000 km²
Ushbu qo’riqxona Grenlandiyaning butun bir shimoliy-sharqiy hududini qamrab olgan bo’lib, sayyoradagi eng katta milliy park hisoblanadi. O’zining maydoni bo’yicha jahondagi 163 mamlakatdan katta (alohida hisoblaganda). Bu yerda qutb ayig`ini, morjlarni, tulkilarni, qor boyo’g`lilarini, qo’ybuqalarni va yana ko’plab jonzotlarni uchratish mumkin. Grenland milliy parki ham, o’z navbatida, jahondagi eng katta shimoliy milliy park hisoblanadi.
Sarvar Anvar o’g`li tayyorlagan

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash


To Top