Yuklanmoqda...

"Muzliklar mamlakati"ga sayohat qilishdan oldin nimalarni bilish lozim?


 

Ijtimoiy tarmoqlarda Islandiyaning suratlariga ko'zingiz ko'p tushayotgan bo'lsa, buning ajablanarli joyi yo'q. Bu orol mamlakat hozirda sayyohlar orasida  mashhurlik cho'qqisida.


Vulqon sahrolari va qaynoq manbalardan to muzliklar va qora sohillargacha, Islandiya — ajib go'zallikka ega mamlakat va hordiq chiqarish uchun ayni muddao. Shunday bo'lsa-da, u yerga sayohatni rejalashtirayotib, ba`zi jihatlarni inobatga olish kerak. Business Insider muxbiri Sofi-Kler Xoller "muzliklar mamlakati"ga sayohatiga oid taassurotlari bilan bo'lishdi.


Yeguliklar juda qimmat

Nyu-Yorkda bo'lgan bo'lsangiz, "qimmat yeguliklar haqida hamma narsani bilaman" deb o'ylashingiz mumkin. Biroq bunday emas. 

 


Islandiyada bo'lganimizda birinchi kuni ko'rinishidan oddiy bir qahvaxonaga kirdik va u yerda bir tomchi sariyog', mitti porsiyadagi losos va salat bargidan tayyorlangan beygl uchun 18 dollar sarfladik. Bu Islandiyada tabiiy holat: bu yerda tushlikning o'ziga o'rtacha 30 dollar sarflashga to'g'ri keladi. Xizmat ko'rsatish darajasi nisbatan yuqori bo'lgan restoranlarda esa bu ko'rsatkich 55 dollardan boshlanadi. 

 


Suvning hidi kuchli

Islandiyada suvdan oltingugurt hidi keladi (tasavvur qilib ko'ring, yaroqlilik muddati o'tgan tuxum hidi qanday bo'ladi). Shunday bo'lishiga qaramay, u ichish uchun yaroqli va ta`mi ham oddiy suvdek.

 


Biroq bizni hech kim bundan ogohlantirmagani sabab, mehmonxonadagi birinchi kunimizni tashnalikda o'tkazishga majbur bo'ldik. 

 


AQShga kelib qolgandek taassurot paydo bo'lishi mumkin


 

Bu yerda amerikaliklar shu qadar ko'pki, ba`zan qaysi mamlakatda ekanligingizni unutib qo'yasiz. Islandiyada atigi 332 ming kishi yashaydi, lekin bu yerga yiliga 1,8 million sayyoh tashrif buyuradi. Shu ma`lumotlarni inobatga olgan holda, Islandiya turizmi tadqiqot markazi professori Ed¬vard Xeyb¬bensning aytishicha, bu yerga bir yil davomida tashrif buyuruvchi amerikalik sayyohlar soni mahalliy aholi sonini ortda qoldiradi.


Hamma yerda olomon


Sayyohlar Islandiyaga tabiat mo'`jizalarini o'z ko'zlari bilan ko'rish uchun tashrif buyurishadi. Bu degani barcha bir xil joylarni ko'rishga intiladi. Demak, qaysi geyzerga yo'l olmang, u yerda sayyohlarga to'la bir necha avtobusga ko'zingiz tushadi.


Hamma yerda qurilishlar


 

Bir kvadrat kilometrga qurilish kranlarining soni hayratga soladi. Aftidan, turistik qiziqish sabab mamlakatda qurilishlar avjiga chiqqan ko'rinadi. Deyarli har bir go'zal maskan uchun katta sayyohlik markazlari qurilmoqda, kranlarni esa Reykyavikning har bir burchagida uchratish mumkin.


Qisqa muddatli yorug'lik sayohatni yaxshilab rejalashtirishni talab qiladi


 

Biz Reykyavikka 6:30da yetib bordik va kun kamida uch soatdan keyin yorishishi, kechki soat beshlarda esa quyosh botishini bilib hayratga tushdik. Va bu faqat noyabrning boshlanishi.

 


Albatta, yozda quyoshga bog'liq muammo bo'lmaydi, biroq qishda kun tobora qisqarib boradi, shuning uchun siz kun tartibingizni yaxshilab rejalashtirishingiz kerak bo'ladi. Islandiyada diqqatga sazovor maskanlar talaygina, ammo ko'p punktlar bir-biridan kamida 45 daqiqalik masofada joylashgan, buni inobatga olib qo'yish kerak.

 

 


Obidalarning ayni ko'rkam manzara kasb etadigan vaqtiga ulgurish uchun kunning turli vaqtlarida quyoshning joylashuviga alohida e`tibor qaratish kerak bo'ladi. 

 


Bu yerda hojatxona kam va ularning deyarli bari - pulli


 

Yuqorida ta`kidlangandek, Islandiyaning aksariyat diqqatga sazovor maskanlari bir-biridan katta masofada joylashgan. Hojatxonalar esa juda kam va ularning deyarli barchasi pulli. Shunday ekan, yo'lga otlanishdan avval bu jihatini inobatga oling.


Ko'p vaqtingizni mashinada o'tkazasiz


 

Buning sababi ham yuqorida qayd etilganidek - ko'rkam joylar bir-biridan uzoqda. Shuning uchun aksariyat vaqtingizni mashina yoki avtobusda o'tkazishingizga to'g'ri keladi. Bu shunga arziydi va bunga tayyor bo'lish kerak. 


Issiq suv manbalaridagi suvdan sochlaringizga ziyon yetadi

Termal manbalardagi suv kremniy dioksidiga boy. U bezarar, biroq bu sochlaringizga yoqmasligi aniq. Shu bois cho'milish oldidan sochlaringizga konditsioner kerak bo'ladi, aks holda, sochlar qattiq va "bo'ysunmas" bo'lib qoladi. 


Bu yerda naqd pulga hojat yo'q


 

Islandiyada kredit kartalari hamma joyda qabul qilinadi. Hatto Tingvidlir milliy parkidagi hojatxonada ham karta bilan hisoblashdik. Biz island kronasini biror marta ko'rmadik.


Shimoliy yog'duni ko'rishingiz amri mahol

 

 

Shimoliy yog'du — misli ko'rilmagan fenomen va uning paydo bo'lishi uchun ko'plab omillar kerak bo'ladi. Uni o'z ko'zingiz bilan ko'rishingiz uchun bu yerda hech bo'lmaganda bir hafta bo'lishingizga to'g'ri keladi.


Ob-havoni oldindan bilib bo'lmaydi


 

"Ob-havo yoqmayaptimi, besh daqiqa kutib turing", - deyishadi Islandiyada. Bir necha qavat kiyinib olishingizni tavsiya qilamiz, chunki bu yerda jazirama bilan keskin sovish o'rtasida atigi bir necha soniya bor.


"Moviy ko'rfaz"dagi joylarni oldindan band qilish kerak

Moviy ko'rfaz — Islandiyaning deyarli har bir sayyoh tashrif buyuruvchi eng diqqatga sazovor maskanlaridan biri. Shu bois u yerga shunday borib osonlikcha kirishga umid qilmang, yaxshisi oldindan chipta xarid qiling.

 


Chipta narxlari 60 dollardan boshlanadi va bu sochiqlarni hisobga olmaganda. Ular uchun qo'shimcha 20 dollar to'lashga to'g'ri keladi. 
Manba: kun.uz

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar