Yuklanmoqda...

Yer yuzidagi eng issiq va eng sovuq hududlar


Qish oylarida oppoq qor bilan qoplangan sayyoramizning shimoliy yarim sharida og`ir tabiiy sharoitda, juda past darajadagi sovuqda yashashni hech kim ham xohlamasa kerak. Shunday bo’lsada odamzodning ming yillik tarixiga nazar soladigan bo’lsak, aynan insondagi iroda va qiziquvchanlik tuyg`usi ularni shunday maskanlarda yashashiga sabab bo’lgan. Ular jazirama Sonora cho’lidan to Rossiya, Grenlandiya va Kanadaning shimoliy muzliklarigacha joylashib olishgan. Quyida ana shunday sakonlar haqida so’zlab o’tamiz.

Eng jazirama hududlar

Afina, Gretsiya. 
Selsiy bo’yicha +48 daraja

Afina Gretsiyaning poytaxti, eng katta shahar va yer yuzining eng issiq hududlaridan biri hisoblanadi. Shunga qaramay u aholi yashayotgan eng qadimgi shaharidir. Aynan shu shaharda demokratiya paydo bo’lgan. Afina havo haroratining rekord ko’rsatkichi 1977-yilda selsiy bo’yicha 48 daraja bo’lgan. 70-yillarda, shunday ham namlikdan aziyat chekayotgan bir paytda havoning bunday isib ketishi Afina aholisini og`ir ahvolga tushirib qo’ydi. Tabiat muhitni himoyalash maqsadida afinaliklar namlikni pasaytirish yo’lini izlab topishdi va bunga qisman erishishdi. Lekin yozning issiq kunlarida harorat baribir o’z kuchini ko’rsatib turadi.

Katenanuova, Sitsiliya 
Selsiy bo’yicha +48,5 daraja

O’rta yer dengizida joylashgan Sitsiliya oroli yumshoq keladigan qishi va uzoq davom etadigan yozi bilan mashhur. Yoz oylarida bu yerlarning ob-havosi ekstremal hisoblanadi. Havo ayrim paytlarda selsiy bo’yicha 40 darajagacha qizib ketishi mumkin. 1999-yili Katenanuova degan joyda rekord daraja ro’yxatga olindi. O’shanda havo harorati selsiy bo’yicha 48,5 darajani ko’rsatgandi.

Jidda
Selsiy bo’yicha +49 daraja

Yer sharining yana bir eng katta va eng issiq hududlaridan biri Jidda shahri hisoblanadi. Saudiya Arabistonida joylashgan bu shaharning yozi uzun, qishi esa hududning boshqa hududlariga nisbatan ancha issiq keladi. Yoz kunlarida odatda havo darajasi selsiy bo’yicha 43 darajani tashkil etadi. Rekord daraja esa 1961-yilda ro’yxatga olingan. O’shanda selsiy bo’yicha +49 daraja bo’lgan edi. Qattiq issiq bo’lishiga qaramay Jidda ming yillardan buyon rivojlanayotgan shahar hisoblanadi. Eramizdan oldingi 522-yilda bu shahar baliqchilar makoni bo’lgan.

Kordova, Argentina
Selsiy bo’yicha +50 daraja

Cho’l hududlarida issiq havoning hukmronlik qilishi hech kimni hayron qoldirmaydi. Lekin Kardova Argentining yumshoq tabiatli subtropik yerlarida joylashgan. Shunday bo’lishiga qaramay Serra-Chikas tog` tizimi shaharga qizigan ob-havo oqimini olib tushadi va kun davomida havo haroratini selsiy bo’yicha 38 darajada ushlab turadi. Ayrim hollarda issiq oqim yig`ilib, harorat selsiy bo’yicha +50 darajagacha qizib ketadi.

Odnadatta, Janubiy Avstraliya
Selsiy bo’yicha +50 daraja

Katta bo’lmagan Odnadatta shahri Janubiy Avstraliyada joylashgan. Bu shahar o’zining rancholari bilan mashhur bo’lib, yirik shohli mollar yetishtiriladi. Shahar namlik jihatidan juda quruq bo’lgan, cho’ldan uzoq bo’lmagan joyda joylashgan. Bu yerda rekord daraja selsiy bo’yicha +50 darajani ko’rsatgan. Bundan tashqari hudud Avstraliyaning eng quruq iqlimli yeri hisoblanadi. Yillik yog`in midori 174 mm. ni tashkil etadi.

Rajastxon, Hindiston
Selsiy bo’yicha +50,6 daraja

Rajastxon shtati Hindiston shimoliy qismidagi Tar cho’lining o’rtasida joylashgan. Qadimgi tamaddun qoldiqlaridan ko’rinib turibdiki, bu yerda juda issiq bo’lishiga qaramay odamlar ming yillardan buyon yashayotganini aytish mumkin. Rajastxonda joylashgan Anvar aholi yashash manzilida 1956-yilda butun Hindiston bo’yicha rekord daraja ro’yxatga olingan. O’shanda selsiy bo’yicha +50,6 daraja qayd etilgan.

Sonora cho’li, AQSh va Meksika
Selsiy bo’yicha +52 daraja

Sonora cho’li AQShning janubi-sharqiy qismidan to Meksikaning shimoli-sharqiy qismigacha yastanib yotibdi. Yoz kunlarida bu yerlar haqiqiy tandirga aylanadi. Bu hududning eng issiq kunlari 1966-yilda ro’yxatga olingan. Cho’lning Meksika tomoni hududida havo harorati selsiy bo’yicha +52 darajani ko’rsatgan. Juda issiq bo’lishiga qarmay bu cho’l uzoq yillardan buyon zamonaviy Arizona, Kaliforniya va Meksika hududida yashab kelgan hindu qabilalarining makoni bo’lib kelgan.

Sulaybiya, Quvayt 
Selsiya bo’yicha +53,6 daraja

Fors ko’rfazida joylashgan Quvaytning Sulaybiya viloyati issiqlik bo’yicha dunyoda uchinchi o’rinda turadi. Bu yerda havoning isish darajasi selsiy bo’yicha 53,6 darajani tashkil etgan. Hayron qoladigan joyi yo’q. Quvayt quruq va juda issiq cho’lning o’rtasida joylashgan. Bu yerlarda yoz juda jaziramali keladi, qish esa qisqa va iliq bo’ladi. Yoz oylarida havo harorati soya joylarda ham 50 darajaga yetadi.

Kebili, Tunis 
Selsiy bo’yicha +55 daraja

Yer sharida Tunisning Kebili shahri issiqligi bo’yicha dunyoda ikkinchi o’rinda turadi. 1931-yilda havo harortai selsiy bo’yicha 55 darajaga qiziydi. Kebili Tunisning janubiy qismida joylashgan bo’lib, u mamlakatning tarixiy shahri va odamlar yashaydigan vohasi hisoblanadi. Iqlimi juda issiq bo’lishiga qaramay bu yerlarda odamlar 200 ming yildan beri yashab kelmoqda.

"O’lim vodiysi”, Kaliforniya
Selsiy bo’yicha +56,7 daraja

"O’lim vodiysi” yerning eng issiq hududi sanaladi. Bu yerda issiqlik bo’yicha haqiqiy rekord daraja qayd etilgan. 1913-yilda havo harorati Fernes-Krik ranchosida selsiy bo’yicha 56,7 darajaga ko’tarilgan. Hududda umuman o’simlik dunyosi yo’q. U baland tog`lar bilan o’ralgan bo’lib, quyosh nurining yaxshi o’tishiga, tog`lar esa issiq havoning to’planishiga sabab bo’ladi. Shunday bo’lishiga qaramay mehmondo’st bo’lmagan joyda 500 dan ortiq tub aholi yashab keladi.

Eng sovuq hududlar

Norvegiya
Selsiy bo’yicha -50 daraja

Norvegiya – Skandinaviya davlati bo’lib, bu yerlarda qutb qishi hukmronlik qiladi. Mamlakatda 5000 aholili Ryorus konchilar shaharchasi joylashgan. U o’zining sovuq iqlimi bilan mashhur. Bu yerda ko’p hollarda selsiy bo’yicha -50 darajani his qilish mumkin. Shaharda qish oylarining o’rtacha harorati selsiy bo’yicha -40 darajani tashkil etadi.

Dras, Hindiston 
Selsiy bo’yicha -50 daraja

Hindistonni odatda issiq tropik mamlakat deb kelishadi. Aslida esa unday emas. Hindiston hududida Dras degan shahar bor. U sayyoramizning eng sovuq makonlaridan biri hisoblanadi. Bunday sovuq iqlim bo’lishining asosiy sababi u jada balandlikda joylashgan. Qish oylarining o’rtacha kunlari selsiy bo’yicha -22 darajani tashkil etadi. Bu yerda qayd etilgan eng rekord daraja selsiy bo’yicha -50 darajani ko’rsatgan.

Laplandiya, Finlyandiya 
Selsiy bo’yicha -51,5 daraja

Laplandiya jahonning eng sovuq hududlaridan biri hisoblanadi. Laplandiyadagi Kittiliya qishlog`ida 1999-yilda eng past havo haroratli rekord daraja qayd etildi. Bu selsiy bo’yicha -51,5 daraja edi. Shunday qahraton sovuq iqlim bo’lishiga qaramay Kittilya o’z aholisining soni, ya’ni 6000 nafar aholisi, o’zining go’zal joylari, dam olish maskanlari, Finlyandiyada mashhur bo’lgan tog` chang`isi kurorti bilan faxrlansa arziydi. 

Shvetsiya 
Selsiy bo’yicha -52,6 daraja

Shvetsiyaning katta qismida mo’’tadil iqlim bo’lgani bilan dengiz sathidan ancha balandda subarktika iqlimi bosimi ostidagi shimoliy hududlari o’zining juda sovuq qish fasllari bilan ajralib turadi. Shvetsiyada eng past havo darajasi selsiy bo’yicha -52,6 deb qayd etilgan. Bu yer ham qahraton iqlimiga qaramay Shvetsiyaning eng ko’p sayyoh tashrif buyuradigan maskani hisoblanadi.

Riversayd, Vayoming shtati 
Selsiy bo’yicha -54,4 daraja

Riversayd qit’aning va AQSh aholi yashaydigan eng sovuq hududi hisoblanadi. Bu yerda rekord darajasi 1933-yilda qayd etilgan. Selsi bo’yicha -54,4 daraja. Bu yerda atigi 52 nafar aholi yashashiga hayron qolmasa ham bo’ladi.

Alyaska 
Selsiy bo’yicha -62 daraja

Alyaska shtatidagi Krik maskani nafaqat AQShning balki Yer sharining eng sovuq hududlaridan biri sanaladi. Mahalliy rekord 1971-yilda selsiy bo’yicha -62 daraja bilan qayd etilgan. Bu yer neft quvurlarini yotqizish maqsadida ishchi kuchini ko’chirib kelish maqsadida qurilgan.

Kanada
Selsiy bo’yicha -63 daraja

Xuddi Rossiya singari Kanada ham Arktika bo’ylab cho’zilib ketgani uchun, bu yerda eng qahraton sovuq bo’lishiga ajablanmasa ham bo’ladi. Masalan, rasmiy ma’lumotlarga qaraganda Yukondagi Sneg qishlog`ida selsiy bo’yicha -63 daraja ko’rsatkich qayd etilgan.

Grenlandiya
Selsiy bo’yicha -66,1 daraja

Grenlandiya butkul Arktika iqlimi bilan o’ralgan bo’lib, shu bois bu yerda yoz oylarida ham havo harorati iliqdan past darajada, ya’ni selsiy bo’yicha maksimum 10 darajagacha bo’ladi. Bu hamma yerda ham emas, aslida mamlakatning aksari qismida o’ta sovuq havo harorati hukmronlik qiladi. Haroratning eng past darajasi 1954-yilda qayd etilgan bo’lib o’shanda, selsiy bo’yicha -66,1 daraja bo’lgandi.

Rossiya, Verxoyansk va Oymyakon 
Selsiy bo’yicha -67,8 va -69,8 daraja

Verxoyansk shahri hamda Oymyakon hududi nafaqat yarim sharning balki, butun dunyodagi eng sovuq joy hisoblanadi. 1892-yilda Verxoyanskda selsiy bo’yicha -69,8 daraja sovuq harorat qayd etilgan. Aynan shu vaqtda Oymyakon hududida esa havo harorati selsiy bo’yicha -67,8 darajani ko’rsatgan. Bu yerda yashash imkoni yo’q, shu bois yigirmanchi asrdan buyon hududda aholi istiqomat qilmaydi.
Sarvar Anvar o’g`li tayyorladi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar