Yuklanmoqda...

Singapur ajoyibotlari


Singapur bir paytning o’zida ham orol, ham davlat, ham poytaxtdir. U butun dunyoga ziddiyatlar va taqiqlar shahri sifatida dong taratgan. Osmono’par binolar, etnik dahalar, yashil bog`lar, savdo markazlari, kazinolar va ibodatxonalar – bularning bari yonma-yon joylashgan. Bu yerda turli irq va millatga mansub odamlarni, har qanday mahsulotlar, turfa oshxonalarni, rang-barang me’morchilik ob’ektlarini uchratish mumkin. Sayyohlar Singapurni ma’qul ko’rishi ham bejizga emas.

1. Singapur sohili.
Marina Bey sohili shaharning eng mashhur joylaridan biridir. Me’morlar ishbilarmonlar dahasini, dam olish zonasini, botanika bog`ini, muzeyni, ochiq osmon ostidagi ko’rgazma galereyasini, savdo markazlarini shaharning bitta burchagida jamlashning uddasidan chiqishgan.

2. "Marina Bey Sends” mehmonxonasi

"Marina Bey Sends” shunchaki mehmonxona bo’lmay, uning atrofidagi inshootlar bilan birgalikda yagona kurort zonasini tashkil etadi. Bu zona ustida kema obrazi joylashtirilgan uchta 55 qavatli osmono’par inshooti, ikkita ulkan teatr binosi, fan va san’at muzeyi, yaxmalak, kazino va magazinlar yagona majmuadan iborat. Asosiysi – mehmonxonaning 57-qavatida joylashgan hovuz. Bir qarashda uning devorlari yo’qday, lekin suzuvchilar pastga qulamasligiga kafolat beriladi.

3. Boylik favvorasi
Dunyodagi eng katta favvoralardan biri. Favvoraning markaziy halqasi bronzadan quyilgan. Mahalliy irimga ko’ra, ichki favvorani uch marta aylangan odamning barcha tilaklari amalga oshadi.

4. "Ko’rfaz bog`lari” futuristik parki

Majmuaning diqqatga sazovor joyi yirik o’lchamdagi 18 sun’iy daraxtdan iborat dizaynerlik o’rmonidir. Balandligi 42 metrga teng ikki daraxt bir-biri bilan osma ko’prik orqali bog`langan. Kechki paytda metall daraxtlar jozibali musiqa sadolari ostida turfa ranglarga bo’yala boshlaydi.

5. Merlayon
Merlayon arslon boshli va baliq tanali afsonaviy hayvon bo’lib, uning haykali allaqachon shahar ramziga aylanib ulgurgan. Buning sababi – shaharning nomi sanskritcha singa "arslon” va pura "shahar” so’zlaridan kelib chiqqan. Merlayon haykalining og`zidan otilib chiqadigan favvora oldida turistlar suratga tushishni xush ko’rishadi.

6. Singapur botanika bog`i

Singapur orolining tabiati nihoyatda boy va rang-barangdir. Shahardagi botanika bog`i yaratuvchilari mana shu tabiat boyliklarini bir joyda to’plashga harakat qilishgan. Botanika bog`i tropik o’rmon manzaralarini, salqin xiyobonlar, yo’lkalar va chashmalarni aks ettiradi. Palmalar vodiysi, Zanjabil bog`i, Oqqushlar ko’li, Orxideyalar parki – bular Singapur botanika bog`ining tarkibiy qismlari.

7. Singapur hayvonot bog`i
 
 
 

Singapur bog`ini shu turdagi muassasalar ichida farqlab turadigan o’ziga xos jihat uning ochiqligidir. Ya’ni u yerda hayvonlar panjara ortida, qafaslar ichida emas. Ularning o’rnini suv to’la xandaqlar, daraxt tanalari, zovurlar bosadi. Sun’iy to’siqlarning yo’qligi tufayli jonivorlar tabiiy fe’l-atvorlarini namoyon etadi. Bu yerda hatto maymunlar bilan birga ovqatlanish yoki jirafani ovqatlantirish mumkin. Turistlarga hayvonot bog`ida kechki payt sayr qilish tavsiya qilinadi.

8. "Jurong” qushlar bog`i

Hayvonot bog`ida bo’lgani kabi, "Jurong”da ham qushlar erkinlikda yashaydi. Qushlar maxsus maydonchalarda erkin uchib yuradilar. Tabiatshunoslar qushlarning har bir turi uchun ular yashab o’rgangan tabiiy muhit sharoitini yaratib berishga intiladi. Bu yerda hatto tropiklarda istiqomat qilishga moslashgan Afrika pingvinlari bor.

9. Daraxtlar o’rtasidagi osma ko’prik

"MakRitchi” bog`idagi Tree Top Walk osma ko’prigi 250 metr uzunlikka ega, bo’lib, yerdan 25 metr balandlikda joylashgan. Ko’prik ustida turib yovvoyi changalzorlar hayotini bamaylixotir kuzatish mumkin.

10. Universal Studios istirohat bog`i
 
 


Ushbu bog`ning konsepsiyasi kino sanoatining mashhur namunalariga asoslangan. U yerda Osiyo qit’asidagi eng baland "Amerika tog`lari” attraksioni joylashgan.

11. "Dengiz hayoti” okeanariumi
 
 

"Dengiz hayoti” dunyodagi eng yirik okeanariumlardan biri hisoblanadi. Uning suvlarida 800 turdagi 100 000 dengiz hayvoni istiqomat qiladi. Majmuaning markaziy akvariumi ochiq okean panoramasidan iborat bo’lib, tomosha panoramasining kengligi 36 metrga, balandligi 8.3 metrga teng. Okeanariumning yirikligi tufayli tomoshabinlar o’zini chinakamiga okean tubida turganday his qiladi.

12. Tomosha charxpalagi
 
 
 

2014-yilning martiga qadar bu charxpalak, Singapurning ko’pgina boshqa me’morchilik ob’ektlari singari, jahon rekordini o’rnatib turgan edi, ammo endilikda Las-Vegasdagi charxpalak uning natijasini yangiladi. Shunga qaramay, charxpalak sayyohlar orasida shuhratini yo’qotgani yo’q. Charxpalak ustida butun shahar kaftday namoyon bo’ladi. Bundan tashqari, charxpalakning VIP-kabinalari ham mavjud bo’lib, ularda o’tirgan mijozlar charxpalakda ikki marta aylanishi hamda bir soat davomida to’rt taomdan va Singapore Sling kokteylidan iborat tushlikdan baxramand bo’lishi mumkin.

13. Xitoy, hind va arab mahallalari

 
 

Shaharning madaniy rang-barangligini his etish uchun etnik mahallalarda mehmon bo’lish kerak. Bular sirasida xitoyliklar istiqomat qiladigan Chinatown, malaylar yashaydigan Kampong Glam i Geylang Serai hamda Kichik Ҳindistonni eslatib o’tish kifoya. Bu yerdagi do’konlar, bozorlar, tamaddixonalar mahalliy xalqlarning milliy urf-odatlarini, oshxonasini, maishiy turmush tarzini aks ettiradi.

14. Zouk Out festivali
 
 
 
 

Zouk Out Janubi-Sharqiy Osiyodagi eng katta raqs festivali bo’lib, Sentosa orolida, 1 km masofaga cho’zilib ketgan go’zal Siloso plyajida o’tkaziladi. Unda ishtirok etish uchun dunyoning turli burchaklaridan raqqoslar tashrif buyuradi. Qum ustida, dengiz mavjlari va palma yaproqlarining shivirlashi sadolari ostida oyoqyalang raqs tushish kishiga o’zgacha lazzat bag`ishlasa ajab emas.

15. Singapur havo yo’llari

Singapur havo yo’llarining styuardessalari parijlik kutyure Per Balmeyn tomonidan ishlab chiqilgan etnik uslubdagi liboslarga burkangan holda mijozlarga xizmat ko’rsatishadi. Bundan tashqari, "A-380” aerobusida dizayni fransuz me’mori Jan-Jak Kost tomonidan ishlab chiqilgan VIP-xona bor. U yerda havo Singapur havo yo’llari mijozlarini o’zlarini arab shayxlariday his qilishadi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar