Yuklanmoqda...

Dunyoning 10 g`aroyib manzili


Qadimdan insonlar suv manbasiga yaqin joyda yashashni afzal ko’rganlar. Shaharlar bunyod qilish uchun kengliklar, shuningdek, daryo va ko’llarning sohillari tanlangan. Biroq ba’zi xalqlar uchun shahar qurishda suv asosiy mezon bo’lmagan, ular uchun asosiysi xavfsizlik va qimmatli resurslar bo’lgan. Yashash joylari begonalar yetib borishi qiyin bo’lgan noqulay iqlim sharoitlarida barpo qilingan. Mudroq chakalakzorlar, yakka orollar va sayyoramizdagi eng issiq va sovuq joylar ularning makoniga aylangan. Bu xalqlarning yosh vakillarida qulay va zamonaviy sharoitga ko’chib yashash imkoni bo’lsa-da, negadir ular yashashni qanday bo’lsa shu holicha o’z makonlarida davom ettirishmoqda.
 
Yava orollari, Indoneziya

Merapi vulqoni Indoneziyadagi eng faol 128 vulqondan biri sanaladi. Vulqon otilishi yil davomida deyarli ikki marta bo’lsa, favqulodda holatdagilari har 7 yilda uchraydi. Vulqon oxirgi marta 2010-yilda otilgan bo’lib, u tufayli 353 nafar inson hayotdan ko’z yumgan. Ammo shunga qaramay vulqon atrofida taxminan 500 mingta indoneziyalik istiqomat qiladi.
 
La-Rinkonada, Peru

Shahar And tog`larida dengizdan 5100 metr balandlikda joylashgan. Bu yer dunyoning inson yashaydigan eng yuqori nuqtasi sanaladi. La-Rinkonadada odamlar istiqomat qilishining asosiy sababi bu yerda oltin rudasi konlarining mavjudligidir. Shaharda kanalizatsiya va oqava suv muammosining borligiga qaramay, aholi soni tinimsiz o’sib bormoqda. 2009-yilda 30 ming kishi bo’lgan.
 
Motuo, Xitoy

Motuoni tashqi dunyo bilan 200 metrli osma ko’prik bog`lab turibdi. Qolgan barcha yo’llar tog` ko’chkilari yoki sellar tufayli vayron bo’lgan. Buddaviylar shaharni ilohiy joy deb biladilar. Motuo aholisi soni 10 ming nafarga yetadi. 
 
Cherapunji, Hindiston

Cherapunji — dunyoning eng yomg`irli va nam joylaridan biridir. Yomg`ir miqdori yiliga 12 ming mm. ni tashkil qiladi. Iqlimi seryomg`ir bo’lgani uchun yeri unchalik sermahsul emas. Aholisi soni 10 mingdan oshadi. 
 
San-Pedro-de-Atakama, Chili

Atakama dunyoning eng quruq sahrosi hisoblanib, yiliga o’rtacha 10 mm. yomg`ir yog`adi. O’simlik va hayvonlar turi juda kam bo’lib, ba’zi joylarda umuman uchramaydi. Bunday og`ir sharoitga qaramay sahro o’rtasida San-Pedro-de-Atakama shahrida 5000 nafarcha odam yashaydi.
 
Verxoyansk, Rossiya

Bu yer dunyoning eng sovuq joyi. O’rtacha yillik temperatura 18,6 °K ni tashkil qiladi. Ma’lumotlarga ko’ra, 2014-yilda Verxoyanskda 1173 nafar inson bo’lgan.

Illokkortoormiut, Grenlandiya

Shahar Yerning eng shimolida joylashgan nuqtasi bo’lib, u yerga yetib borish uchun avval samolyot keyin esa vertolyot yoki qayiqda sayohat qilish kerak. Uzoq vaqt mobaynida Illokkortoormiutda faqatgina qutb ayiqlari , ho’kizko’z va tyulenlar yashagan. 1925-yildan bu yerga insonlar ko’chib kela boshlashgan, hozirda ularning soni 500 nafarga yetgan. 
 
Tristan-da-Kunya, Buyuk Britaniya

Tristan-da-Kunyadan tashqari Pasxa va Pitkern orollari sayyoramizning dunyodan ajralib qolgan aholi punktlari sanaladi. Orol Atlantika okeanining janubida joylashgan arxipelag tarkibiga kiradi. Unda sutemizuvchilar umuman yo’q. Doimiy yashash uchun esa faqatgina orolning shimoliy va shimoli-g`arbiy qismi yaroqlidir. 2008-yilda orolda 264 nafar inson yashagan. 
 
Pitkern oroli, Buyuk Britaniya

Pitkern oroli Tinch okeanining janubiy qismida joylashgan bo’lib, u umumiy maydoni 47 km.kv ga teng bo’lgan beshta oroldan tashkil topgan. Unga dastlab ko’chib kelib o’rnashganlar "Baunti” kemasi sarguzashtchilari bo’lgan. Aholini ro’yxatga olish ma’lumotlariga ko’ra, 2014-yilda 4,6 km.kv li yerda 56 nafar odam istiqomat qilmoqda. 
 
Dallol, Efiopiya

Dallolning o’rtacha yillik harorati yuqori bo’lib, sayyoramizning tashqi olamdan ajralib qolgan manzillaridan biri sanaladi. Unda transport yo’llari yo’q, bu yerga faqat karvon yo’li bilan yetib olish mumkin. Nechta odam yashashi aniqlanmagan.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar