Yuklanmoqda...

Sayyoramizdagi eng g`ayrioddiy ko’llar


Hayotingizda bir bora bo’lsa ham ko’l bo’ylab sayr qilishni istaganmisiz? Yer yuzida shunday go’zal, hayratlanarli va noodatiy ko’llar mavjudki, ularning suratlarini tomosha qilsangiz, benihoya bu maskanlarni o’z ko’zingiz bilan ko’rish istagi paydo bo’ladi.
E’tiboringizga ana shunday betakror va g`ayrioddiy ko’llarning suratlarini havola etamiz.
 
Meduzalar ko’li, Palau

Meduzalar okean plyajlarida dam olayotgan kishilarga noqulaylik tug`dirish mumkin, biroq Meduzalar ko’lida ular bilan birga suzish — mutlaqo o’zgacha zavq bag`ishlaydi. Tillarang meduzalar ba’zan tanga hajmida, ba’zan esa futbol koptogi kattaligida yog`du sochadi. Bu evolyutsiya jarayonida tishlab olish xususiyati yo’qolgan yagona meduza turi hisoblanadi.
 
Nong Xan ko’li, Tayland

Har yili bu yerda minglab lotus gullari ochiladi va Nong Xang ko’lining yuza qismini suzib yuruvchi gullar maydoniga aylantiradi. Mazkur suvdagi bog` oktyabrda yomg`irlar mavsumidan so’ng ochilishni boshlaydi, eng gullagan davr esa dekabrga to’g`ri keladi va mahalliy aholi go’zal manzaradan bahra olish maqsadida qayiqlarda sayrga chiqadi.
 
Pitch-Leyk, Trinidad

Ayrim ko’llar juda ham yopishqoq bo’ladi. Taxminan 10 million tonna suyuq asfaltdan iborat, maydoni 100 akrni tashkil etuvchi La Brea shahri yaqinidagi Trinidad orolida joylashgan Pitch-Leyk ko’li dunyodagi eng katta tabiiy asfalt konlarini o’z ichiga oladi. Bu yopishqoq suv qorishmasi, tabiiy gaz, bitum va minerallar 1595-yildan boshlab dunyodagi asosiy asfalt manbai bo’lib kelgan.
 
Qaynovchi ko’l, Dominikan Respublikasi

Mazkur 70 metrli ko’lning markazida suv doim qaynab turadi, bu esa uning haroratini aniq o’lchashga xalaqit beradi. Biroq u 82 dan 92 daraja diapazonda farqlanadi.
 
Manikuagan, Kanada

Agar daryo yoki ko’l orasida qayerga borishni bilolmay, ikkilanayotgan bo’lsangiz, Kanadaning Kvebek provinsiyasidagi Manikuagan ko’liga boring. Bu qariyb 200 million yil avval diametri 5 kilometr bo’lgan bahaybat astroid yerga qulab tushganda uzuk shaklida paydo bo’lgan yagona ko’ldir. Astroid qulashi natijasida bu uzuksimon ko’l yoki boshqacha qilib aytganda, konsentrik daryoga aylanadi.
 
Laguna-Kolorado, Boliviya

Bu ko’lning manzarasi shu qadar go’zalki, hattoki, Salvador Dalining o’zi ham unga havas qilgan bo’lar edi. Ko’lning qizil rangi plankton, qizil suv o’tlari va undan oziqlanadigan boshqa mikroorganizmlardan hosil bo’ladi. Suvdagi o’tlar esa yana bir ajoyib manzara — Jems flamingolarining tashrif buyurishiga sabab bo’ladi.
 
Erebus, Antarktida

Bu ko’lning atrofidagi harorat 60 darajani tashkil etadi. Sayyoradagi besh lava ko’lidan biri bo’lgan hovuzning harorati 1700 daraja atrofida. Umuman olganda, Erebus — 1972-yildan beri Antarktidada doimo yonib turadigan hajmi bo’yicha ikkinchi ulkan vulqon.
 
Xiler ko’li, Avstraliya

Yo’q, bu aslo sutli muzqaymoqdan iborat ko’l emas. Shunchaki ko’lda pushti rangli suv mavjud. Mazkur 600 metrli ko’ldagi suv o’z rangini kecha va kunduz saqlab turadi. Bu xususiyatning asl sababi haligacha aniqlanmagan, biroq asosiy ko’rsatkich sifatida tuz konlarida oziqlanadigan bakteriya va mikroorganizmlarning noodatiy rangi qayd etiladi.
 
Yuqori ko’l, AQSh

Ba’zan ko’llar ham okean kabi ulkan bo’lishi mumkin. Masalan, AQSh va Kanadadagi buyuk ko’llarni olish mumkin, undagi bahaybat to’lqinlar — ko’plab shtatlardan tashrif buyuruvchi syorfnrchilar uchun chinakam jannatga aylanishi mumkin. Ko’lning shimoliy qismiga qancha ko’p borilsa, to’lqin balandligi ham shuncha oshaveradi. Yuqori ko’lda kuchli shamol 10 metrga yetuvchi to’lqinlarni hosil qilishi mumkin.
 
Medisin ko’li, Kanada

Kanadaning Albert provinsiyasidagi milliy bog` sirli ko’lga ega, bunga sabab har qishda undagi suv o’z-o’zidan g`oyib bo’ladi. Biroq buning bug`lanishga aloqasi yo’q. Medisin ko’li ko’proq uzunligi 6 kilometr va chuqurligi 30 metr bo’lgan hammomni yodga soladi. Har yozda tog` muzliklari erib, Maline daryosiga kelib tushganida ko’l suvga to’ladi. Katta hajmli muzlik suvlariga qaramay, yutilish jarayoni bor-yo’g`i bir necha hafta davom etadi. Medisin ko’lining siri 1970-yillardagina ochilgan.
 
Natron ko’li, Tanzaniya

Natron ko’lida hayvon va qushlar toshga aylanadi. Ko’l qirg`og`ida toshga aylangan qush (hattoki, kabutarlar) va ko’rshapalaklarni uchratish mumkin. Bu yovuz ko’l kalsiylanish xususiyatiga atrofdagi vulqonlardan ajraluvchi zaharli kullar tufayli ega bo’lgan.
 
Makkenzi ko’li, Avstraliya

Yer yuzida Makkenzidan ajoyibroq hovuzni topish juda mushkul. Sababi, uning qirg`og`i bo’ylab yoyilgan oppoq qum 100 foiz kremniydan tashkil topgan bo’lib, u ko’plab attorlik va pardoz mahsulotlarida ishlatiladi va soch, teri, tirnoqlarga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Ko’ldagi toza va shaffof suvning yagona manbai yomg`ir sanaladi.
 
Pavilion ko’li, Kanada

Kanada provinsiyasi bo’lmish Britan Kolumbiyasidagi mazkur ko’l siz yuz million yillar ortiga olib ketishi mumkin. Uning yuza qismi boshqa tog` ko’llaridan sira farq qilmaydi, biroq uning tubidagi qadimiy marjonlar sayyoramizda 2,5 milliard yil avval paydo bo’lgan ilk jonli namunalarni aks ettiradi.
 
Nos ko’li, Kamerun

1986-yil Kamerundagi mazkur krater ko’li noodatiy tabiiy ofatga uchraydi. Suvning katta qismi 100 metr balandlikga ko’tariladi, bu esa ko’l qirg`og`ini sunami bilan qoplab oladi. natijada uglekislota bulutlari barcha hududga tarqaladi va uch kun ichida 1746dan ortiq insonni hayotdan olib ketadi. Hozirda mazkur ko’l yaqinida yurish mutlaqo xavfsiz —ofatdan so’ng olimlar karbonat angidridni suv tubidan olib tashlaydigan tizim ishlab chiqishadi.
 
O’lik ko’l, Isroil/Iordaniya

Bu dengiz sayyoradagi istalgan boshqa dengizga nisbatan 35 foizdan ortiq sho’rroqdir. Mana shunday konsentratsiya tufayli siz doim ko’lning yuzasida qolasiz, teri va bo’g`imlaringiz esa ajoyib shifobaxsh ta’sirga ega bo’ladi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar