Yuklanmoqda...

O’lib borayotgan shaharlar


Sarlavhani  o’qib, "shaharlar ham o’lar ekanmi?”, degan savolni berishingiz mumkin. Bu yerda gap ko’chma ma’noda ketmoqda.

Odamlar yashamaganidan keyin shaharlar ham "o’ladi”. Bunga tabiiy ofatlar – suv toshqinlari, quyun, bo’ron, to’fon, vulqon otilishlari, zilzilalar sabab bo’ladi. Hozir biz tabiiy ofatlar natijasida emas, balki insonlarning ta’sirida yo’q bo’lib ketagan shahar va qishloqlar haqida so’z yuritamiz.

Rossiyada suv ostida qolgan shaharlar haqida gapirish mumkin. Bu ro’yxatga Mologa, Kalyazin, Korcheva, Vesegonsk, Puchej, Spassk-Tatarskiy, Berdsk, Shagonar kabi shaharlarni kiritish mumkin. Bu shaharlar suv omborlari qurilishi munosabati bilan suv ostida qolgan. To’g`ri, shahar aholisi boshqa joyga ko’chirilgan. Masalan, Samara viloyatidagi Stavropol qishloq aholisi suv ombori qurilganidan so’ng yangi joyga ko’chirilgan. Bu joy hozirda Tolyatti deb ataladi. Yaroslav viloyatidagi Mologa aholisi ham to’g`on qurilishi sababli qo’shni Ribinsk va Tutayev shaharlariga ko’chirilgan. Mologa aholisi o’z shaharlarini unutishmagan. Ular har yili avgust oyi o’rtalarida cho’kib ketgan shaharlarini kemada ziyorat qilishni an’anaga aylantirishgan.
Kalyazin, Rossiya​

 
Tolyatti, Samara

 
Tahlilchilarning fikricha, yirik suv omborlari va to’g`onlar qurilishi munosabati bilan o’nlab qishloqlar suv ostida qoladi. Masalan, xitoylik rassom va suratchi Yang Yi o’zining cho’kish arafasida turgan qishlog`ini suratlarda aks ettirishga harakat qilgan. Uning Chunsin viloyatidagi Kaysyan qishlog`i 2009-yilda yo’q bo’lib ketdi. Bunga Yanszi daryosiga "Uch dara” nomini olgan jahonda eng yirik bo’lmish gidroelektr stansiyasining qurilishi sabab bo’lgan. Muxbirlarning so’zlariga qaraganda, GES qurilishi oqibatida 1300 qishloq, 140 ta posyolka va 12 shahar suv ostida qolgan yoki yo’q qilingan. 1,3 million kishi kindik qoni to’kilgan yurtlaridan bosh olib ketishga majbur bo’ldi. Yang Yi 1800 yillik tarixga ega shahar hayotini 2005-yilda suratga olishga muvaffaq bo’ldi.

Shaharsozlikdagi xatoliklar ham bir qator fojialarga sabab bo’ladi. Tayvandagi Sanchji bunga misol bo’la oladi. Bu shahar o’tgan asrning 70-yillarida finlyandiyalik me’mor Matti Suronen loyihasi asosida qurila boshlanadi. Uylar huddi uchar likopchaga o’xshab ketardi. Biroq loyiha qimmat bo’lgani bois qurilish boshlandi-yu tashlandi. Barpo etilgan binolar sayyohlarni o’ziga jalb qilayotgan bo’lishiga qaramay, shaharga kutilganidan ham oz sayyohlar tashrif buyurmoqda. 2008-yilda shaharni buzib tashlash haqida qaror qabul qilindi va ikki yil o’tib butunlay buzib tashlandi.

Sanchji, Tayvan

 
AQShda 1970-yilda Sent-Luis shahrining Pruitt-Aygou mavzesidagi qurilishlar muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Mavze bir zumda yo’q qilindi. Bu jarayon televideniye orqali namoyish etildi. Mavze me’mor Minoru Yamasaki tomonidan o’tgan asrning 50-yillarida loyihalashtirilgan bo’lib, 33 ta bino o’rta sinf vakillari uchun turar joy inshooti sifatida namunaviy bo’lishi kerak edi. Mavzeda istiqomat qiluvchilarning qashshoqligi jinoyatlarning ko’payib ketishiga olib keldi. Bu, o’z navbatida, nazorat qo’ldan chiqib ketganini anglatdi. Aholi uy va kommunal xizmatlar uchun xaq to’lamagani bois binoga xizmat ko’rsatish to’xtatildi. Natijada binolar vayronaga aylandi. Hukumat mavzeni falokatli hudud deb e’lon qildi va 1972-yildan boshlab odamlarni binolardan olib chiqa boshladi. Mavze to’rt yil deganda odamlardan to’la ozod qilindi.

Sent-Luis Pruitt-Aygou mavzesi


Bir kishi butun bir shaharni yo’q qilishi mumkinmi? Mumkin ekan. 2004-yilda AQShning Grenbi shaxrida istiqomat qiluvchi Marvin Ximeyer shu ishni qildi. U o’ziga tegishli yerlarni "Mointain park” zavodi egallab olishidan jahli chiqib  buldozeri bilan maxalliy zavodni, ma’muriyat binosini, mahalliy gazeta idorasini va o’nlab turar joy binolarini yer bilan yakson qildi. To’g`ri insoniy talofatlar qayd qilinmadi. Ximeyerning o’zi esa o’z joniga qasd qildi.

Ko’plab aholi punktlari harbiy xarakatlar natijasida yer yuzidan supurib tashlanmoqda. Ayrim shaharlar keyinchalik qayta tiklangan. Bunga dahshatli bomba hujumlariga uchrashgan  Drezden, Xirosima va Nagasaki shaharlarini misol sifatida keltirish mumkin. Bu uchala shahar ham 1945-yilda butunlay yo’q qilingan bo’lishiga qaramay, keyinchalik qayta tiklangan edi.

Xirosima halokatdan bir kun keyin, Yaponiya

 
Qizil dengiz sohilidagi Yamit shahrining tarixi o’zgacha. Bu shahar o’tgan asrning 60-yillari oxirida bosib olingan Misr yerlarida barpo etilgan. Shahar avtomobil harakatidan xoli bo’lib, juda ham shinam edi. Aholi endigina joylashib, maktab va bolalar bog`chalari qurib tinch yashay boshlanganlarida shahar Misrga qaytarildi. Aholi esa Isroil tomonidan ko’chirib yuboriladi, uylar buzib tashlanadi.
Sharofiddin To’laganov tayyorladi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash


To Top