Yuklanmoqda...

Osmonosti mamlakatining diqqatga sazovor maskanlari


Xitoy tom ma’noda qarama-qarshiliklar mamlakati hisoblanadi. Tarixi 4000 ming yilga teng bu mamlakatda boshni aylantiradigan osmono’par binolar, an’anaviy uylar va qadimiy ibodatxonalari bilan, ajdodlarning odat va an’analari zamonaviylik va texnologik yutuqlar bilan uyg`unlashib ketgan. Xitoyning dunyodagi eng baland Himolay tog`i, cheksiz sahrolari va dengiz sohiliga ega tabiati ham betakror.

Mamlakatga har yili millionlab sayyoh keladi. Bu yerda tomosha qilsa bo’ladigan maskanlar shu darajada ko’pki, ularning barchasini ko’rishga vaqt yetmaydi. Lekin Xitoyga kelgan har bir sayyoh, birinchi navbatda, quyidagi maskanlarga borishi darkor.

Xunsun qishlog`i

Bu qishloqqa janubiy Sun dinastiyasi davrida asos solingan. U 900 yildan ortiqroq tarixga ega. Bu yerning qadimiy arxitekturasi, gidrotexnik inshootlari va suv ta’minoti tizimi kishida qiziqish uyg`otadi.

Yueyatsyuan ko’li

Gobi sahrosining qoq yuragida yarimoy shaklidagi ko’l mavjud voha joylashgan. Ko’l yonida an’anaviy uslubda qurilgan ibodatxona va bog` bor. Cheksiz qumliklar orasida Yueyatsyuan xuddi sarobdek ko’rinadi.

Xuangoshu sharsharasi

Bu Osiyodagi eng baland sharsharadir. Uning balandligi 78 metrni, eni esa 101 metrni tashkil etadi. Xuangoshu sharsharasini oltita turli burchak ostidan kuzatish mumkin.

Luntan darasi

Dara ochiq osmon ostidagi geologik muzeyni eslatadi. Uzunligi 12 kilometrli daraga tashrif buyurish qulay bo’lishi uchun maxsus piyodalar ko’piriklari qurilgan.

Kayping minoralari

XX asr boshlarida Kayping muzofotida vaqtinchalik qo’nimgoh va soqchilik minoralari sifatida minglab minoralar qurilgan. Bu antiqa inshootlarning 1800 ga yaqini bizning davrimizga qadar saqlanib qolgan.

Syapu sohili

Futszyan muzofotidagi bu xushmanzara sohil baliq tutish va suratga tushish uchun eng maftunkor maskanlardan hisoblanadi.  

Yungan

Bu qadimiy majmua 252 ta sun’iy g`ordan iborat. Bu yerda Buddaning 51 mingga yaqin tasviri bo’lib, ayrimlarining balandligi 17 metrga yetadi.

Chjanszyatsze parki

Xitoyning eng qadimiy milliy parki hududida 500 dan ortiq turdagi jonivor yashaydi va "Avatar” filmidagi Pandora sayyorasi manzarasi uchun asos bo’lgan go’zal Ulin’yuan qoyalari joylashgan. Eng baland qoya 3 kilometrni tashkil etadi. Қoyalar o’simliklar va bir necha yuz yoshli daraxtlar bilan qoplangan.

Chxonji ko’li

Pektusan vulqon tog`ida joylashgan bu ko’l dunyodagi eng baland krater ko’li sifatida "Ginnessning rekordlari” kitobidan joy olgan. Ko’lning maydoni 9,82 kv.km., dengiz sathidan balandligi esa 2189 metrga teng. Ko’l suvi shu darajada shaffof va tiniqki, uning yuzasida atrofni qurshab turgan manzara va osmonning aksini ko’rish mumkin.

Buyuk Xitoy devori

Va, albatta, Xitoyga borgan odam uzunligi 8851,9 kilometrli Buyuk Xitoy devorini ko’rmasa bo’lmaydi. Bu devorga piyoda yoki funikuler yordamida chiqish mumkin. Pastga esa  yuqoridagi vositalar yordamida yoki maxsus aravachalarda sirpanib tushish mumkin.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar