Yuklanmoqda...

Sizni hayratga soladigan 10 yo’l


Barchamiz rohatijon sayohatlardagi ko’nikib qoldik: bir zumda dunyoning narigi chetiga eltuvchi aviaparvozlar,  shinam mehmonxonalar va hokazo "hammasi ichida” qulayliklar. Ammo safarxaltani yelkaga ilib, sarguzashtlardan bahra olib, sayohat qilganga nima yetsin! Aynan shunday usul bilan o’zga mamlakatni o’rganish, kuch-quvvatini sinovdan o’tkazish, o’zini Yer atalmish go’zal sayyoraning bir zarrasi sifatida his etish mumkin.
 
Siz uchun dunyo bo’ylab piyoda kezish mumkin bo’lgan eng qoyilmaqom yo’nalishlarni to’pladik. 

(Hammasi bo’lib 10 ta fotolavha)
1. "Samoga pillpoya”, Gavayi 

 Xayku so’qmog`i yoki "Samoga pillapoya” —Gavayining Oaxu orolidagi 4000 ta zinadan iborat mashhur, shu bilan birga, xavfli yo’nalish. Uni ikkinchi jahon urushi yillarida amerikalik harbiylar tepaliklarda joylashgan antennalarga yetib olish uchun barpo etishgan. Mahalliy ma’murlar vaqti-vaqti bilan xatarli zinapoyani yopib qo’yishadi, biroq u yerga chiqish ilinjida bo’lganlar soni kamaymayapti. Aytgancha, agar u yerga yo’lingiz tushadigan bo’lsa, yodingizdan ko’tarilmasin—pastga iloji boricha qaramaganingiz ma’qul. 

 
2. Sikoku ziyoratchilar yo’li, Yaponiya 

 Sikoku orolida qadimgi Yaponiyaning jozibasi qo’l tegmagan holda saqlanib qolgan. Shu bois orolning barcha hududidan o’tadigan yo’lda nafaqat ziyoratchi buddaviylar, balki sayyohlar oqimi ham tinmaydi. Yo’nalish oz emas, ko’p emas, naq ikki oy vaqtni oladi va bu uzoq safar davomida eng go’zal yapon bog`lariga ega 88 ta qadimiy buddaviy ibodatxonalarni tomosha qilib, ko’nglingiz sokin topishi aniq. 
 

 
3. Inklar so’qmog`i, Peru 

Inklar tomonidan qurilgan qadimgi yo’l salkam 6 ming yillik tarixga ega. Mahalliy aholidan iborat yo’lboshlovchilar sayyohlarga yetakchilik qilishadi. Bu bejiz emas: yo’l dam changalzorlarga qarab ketadi, dam yuqoriga—toqqa tirmashishga to’g`ri keladi, oxirida esa sizni haqiqiy mo’jiza—inklar saltanatining muqaddas shahri Machu-Pikchu kutadi.  
 

 
4. Sarek milliy parki, Shvetsiya 

Laplandiya, Qor malikasi mamlakati— bu ertak emas, ammo bu yerdagi tabiat chindan ham afsonaviy go’zallikka ega. Sarek milliy parkida yovvoyi shimol tabiati bilan yaqindan tanishish mumkin. Bu yerda sayyohlarni Shvetsiyaning eng baland tog`lari, daryolar, muzliklar, shimol yog`dusi va so’z bilan ifodalab bo’lmaydigan ozodlik hissi qarshi oladi.
 

 
5. Likiya so’qmog`i, Turkiya 

"Hammasi ichida” bo’lgan dam olish Turkiya taklif etishi mumkin bo’lgan yagona narsa emas. Bu mamlakat siz va biz o’ylagandan ko’ra mo’jizalarga boyroq. Likiya so’qmog`i bu mo’jizalarning debocha bo’ladi: kimsasiz lojuvard ko’rfazlardan tortib, antik Likiya aholisi salkam 3 ming yil avval qoyalarda qoldirgan qabrlargacha. 
 

 
6. Olov ko’rfazi, Avstraliya 
Ko’rfaz bu nomni yorqin-to’qsariq lishayniklar bilan qoplangan sohilbo’yidagi qoyalar tufayli olgan. To’rt kunlik yo’nalish sizga dunyoning biror yerida uchramaydigan g`oyat go’zal ko’rinishlarni hadya etadi: oq qum, ulkan limonrang qoyatoshlar va lojuvard okean. 
 

 
7. Piyodalar so’qmog`i, Avstraliya 

Avstraliyaning bu mashhur yo’nalishi Tasmaniyaning yuksak tog` cho’qqilari, billurday toza ko’llari, sharsharalar va archagul dalalaridan o’tadi. Vombat, yexidna va kenguru kabi mahalliy jonivorlar esa taassurotlaringizni yanada boyitadi.
 

 
8. Avliyo Iakov yo’li, Ispaniya 
Bu yo’ldan o’rta asrlarda Ispaniyaning rahnamosi—havoriy Iakov qabriga ziyoratga ketayotganlar o’tgan. Bizning kunlarda ushbu yo’nalish Paolo Koeloning "Afsungar kundaligi” asari tufayli yana ommalashdi. Hozir bu yerdan nafaqat ziyoratchilar, balki o’z-o’zini anglamoqchi bo’lganlar ham ko’p o’tadi. Oxirida ko’pchilik esdalik uchun tanasiga avliyo Iakov yo’lining timsoli–chig`anoq shaklidagi suratlarni chizdiradi. 
 

 
9. Zion milliy bog`i, AQSh 
Zion — qoya va tubsiz kanonlar, ajabtovur tonnellar kesib o’tgan tosh platolardan iborat. Bularning bari turli ranglarga burkangan: pushti, to’qsariq, qizil, zumrad va ko’k... Bu fantastik maskanda o’zingni Yer sayyorasida ekanligingni tasavvur etish qiyin.
 

 
10. Annapurna atrofidagi piyoda yo’l, Nepal 
Annapurna tog` massivi atrofidagi bu sayohatdan hech kim avvalgidek qaytmaydi. Nepal — dunyodagi eng osmono’par tog`lar, eng chuqur daralar, qoyalar ortiga berkingan buddaviy ibodatxonalar va kuch-quvvat manbai bo’lgan makonlar mamlakatidir.  
 
 

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar