Yuklanmoqda...

Hordiq chiqarishga chorlovchi xushmanzara orollar


Dunyoda dam olib, go’zal tabiat manzaralaridan zavqlanish mumkin bo’lgan chiroyli joylar ko’p. Ayniqsa orollar sayyohlar e’tiborini tortadi. Dunyoning ko’p burchaklarida chiroyli orollarni uchratish mumkin, lekin biz ular orasidan eng chiroylilari haqida ma’lumot bermoqchimiz. Ular boshqa orollardan yaxshiroq emas, shunchaki sayyohlar orasida ko’proq ommalashgan.
 
1.Boro-Boro (Taiti)


 
Taitiga yaqin joylashgan Boro-Boro oroli ajoyib dumaloq ko’rfazi va suv osti dunyosining rang-barangligi bilan mashhur. Firuza rang ko’rfazlar, marjon qoyalar, har xil rangli tropik baliqlar orolni har qanday dayverning orzusiga aylantiradi. Atrof-muhit bilan yaxshi uyg`unlashgan dizayni chiroyli romantik villalar ko’zni quvontiradi. 
 
2. Borakay (Filippin)



Kichikroq, uzun orol haqiqiy romantiklar va dayving ishqibozlari uchun. Borakayning eng mashhur plyajlar — Oq plyaj va Balabog. Orolda oppoq qum, ekzotik tabiat, moviy dengiz, 12 tadan ortiq dayving-markaz, turfa xil marjonlar va tropik baliqlarni ko’rishingiz mumkin. Bu orolda tunlar ham zerikarli o’tmaydi: karaoke, qahvaxona, diskoteka bor. 

3. Seyshel orollari

 
Seyshel orollari Afrika sharqiy qirg`oqlaridagi 115 ta oroldan iborat. Orollar Hind okeanidan chaproqda, ekvatordan janubroqda, Madagaskardan biroz shimolroqda joylashgan. Asal oyini shu orollarda o’tkazishni xohlovchilar ancha. Palmalar o’rmoni, ajoyib marjonlar, kattakon toshbaqalar, chiroyli plyaj romantik kayfiyatini uyg`otishi ajablanarli emas. Mashhur Seyshel palmasi shu yerda o’sadi. Mevasining og`irligi 20 kilogrammcha keladi va dunyodagi eng katta o’simlik hisoblanadi.  
 
4. Fiji

 
Fiji — Tinch okeanining janubiy qismida 333 ta orol. Romantik uchrashuvlar va sarguzashtlar uchun 333ta joy. Juda xushmanzara joylar. Moviy ko’rfazlar va marjon qoyalar, tiniq daryolar va o’rmon bilan qoplangan tepaliklar — sevishganlar va er-xotinlar dam olish uchun aynan shu yerni tanlashi bejiz emas.
 
5.Maldiv orollari


 
Mashhur orollar — har bir sayyohning orzusi. 1190 dan ortiq marjon orollardan iborat. Dayving mashg`ulotlari uchun juda yaxshi joy. Sokin hordiq chiqarishni, jimlik va xotirjamlikni yoqtiradiganlar, shahar shovqinidan charchaganlar, muammolarini unutib, tabiat qo’ynida dam olishni orzu qilayotganlar uchun ajoyib imkoniyat. Maldiv orollarida sayyohlar oqimi yil sayin ko’paymoqda. Shinam mehmonxonalar va akvalangchilar maktablari soni ham.

6. Zanzibar

 
Afrikaning sharqiy qirg`oqlarida nomi Chukovskiyning "Voy jonim” ertagidan tanish arxipelag joylashgan. Zanzibar — banan palmalari, oppoq qum, marjon qoyalar, xushmanzara joylar. Dayving bilan shug`ullanib ko’rish, mahalliy baliqchilarning ishlarini kuzatish mumkin. Kurortning asosiy afzalligi — boy madaniy meros, tiniq suv, rangdor marjon qoyalar atrofida suzadigan 60 xildan ziyod baliqlar. Қishda havo harorati 35 darajadan oshmaydi, yozda esa kamdan-kam 26 darajadan past bo’ladi. Bu yerda yil bo’yi (faqat aprelda ko’p yomg`ir yog`adi) dam olish mumkin.
 
7. Ko Lipe (Tailand)


 
Kichkina, lekin mashhur Ko Lipe oroli Andaman dengizida, Malayziya va Taylandga yaqin joylashgan. Ekzotika va banan palmalarini yaxshi ko’radiganlar uchun ajoyib joy. Ko Lipening uzunligi atigi 2 kilometr, kengligi esa 700 metr. Kurortni 2-3 soat ichida aylanib chiqsa bo’ladi. Bu yerda zamonaviy mehmonxonalar ham, oddiy kulbalar ham bor. Agar Robinzon Kruzo kimsasiz orolda nimalarni his qilganini bilishni istasangiz, keyingi ta’tilga Ko Lipega borishni rejalashtiring. 

8. Maui (Gavayi)


 
Gavay orollarini tilga olmay bo’lmaydi. Gavay orollari — sharsharalar, chiroyli plyajlar, okeanning musaffo tomchilari, orxideyalar dengizi, feruza rang ko’rfazlar degani. Bu yerda romantiklar izlagan hamma narsa bor: okean qirg`og`i, changalzorlar, marjon qoyalar, dayving maktablari. 

9. Langkavi (Malayziya)


 
Malayziya va Tailanddan shimolda Andaman dengizida joylashgan 99ta oroldan iborat. Orollarning uzunligi — 30 kilometr. Langkavi — juda toza va shinam plyaj. Kichikroq bungaloga joylashib, o’zingizni hayot hukmdoridek his qilishingiz mumkin. Orolda zerikmasligingiz aniq — Langkavi arqon yo’li, timsoh fermasi, Afrika buyvollari fermasi, meva plantatsiyalari, sharsharalar, changalzorlar, suv o’yinlari — ko’rishga arziydigan joylar va mashg`ulotlar yetarli. Bu orolda juda ko’p narsa arzon. Orolda shahar transport vositalari yo’q, mototsikl, mashina yoki velosipedni ijaraga olish mumkin.  
 
10. Bonayre (Karib havzasi)


 
Bonayre oroli Karib dengizida joylashgan. Bonayre "yaxshi havo” degan ma’noni beradi. Orol faqat toza havosi emas, orolni qurshab turgan marjon qoyalari, suv osti dunyosi bilan ham mashhur. Suv osti dunyosi Milliy dengiz bog`i tomonidan qo’riqlanadi. Bu orol asosan sokin hordiq chiqarishni xushlaydiganlar uchun. 

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar