Yuklanmoqda...

TOP-10: Dunyoning eng kam boriladigan mamlakatlari


Har yili Birlashgan millatlar Butunjahon turistik tashkiloti (UNWTO) "UNWTO Tourism Highlights” deb nomlangan sayyohlar eng ko’p tashrif buyuradigan davlatlar hisobotini tuzadi. 2013-yil sarhisoblariga ko’ra eng ko’p sayyohat qilinadigan davlatlar hamon o’zgarishsiz qolgan: Fransiya (83 million sayyoh), AQSh (69,8 million sayyoh), Ispaniya (60,7 million sayyoh), Xitoy (55,7 million sayyoh) va Italiya (47,7 million sayyoh). Bundan farqli ravishda biz bugun juda kam boriladigan davlatlar haqida axborot bermoqchimiz.
Palau 
Palau Respublikasi 328 oroldan tashkil topgan bo’lib, u Tinch okeanidagi Karolia arxipelagiga tegishli bo’lgan g`arbiy orollar guruhi hisoblanadi. Aholisi bor-yo’g`i 20,9 ming kishini tashkil etadi. 2013-yilda Palauga 105 ming sayyoh tashrif buyurgan.

Moldova Respublikasi 
2013 yilda Moldovaga 96 ming kishi sayohat uyushtirgan. Suratda Moldovaning poytaxti Kishinevdan 40 km uzoqlikda joylashgan Orgeev yoki Orxey shahri aks etgan.

Sharqiy Timor 
Sharqiy Timor demokratik respublikasi Malay arxipelagidagi Timor orolining sharqiy qismini egallaydi va Avstraliyadan g`arbga tomon 450 km uzoqlikda joylashgan. Bu davlat dunyodagi eng qashshoq davlatlardan hisoblanadi. 2013-yilda unga 78 ming nafar sayyoh tashrif buyurgan.

Dominika 
Karib dengizi va Atlantika okeanining shimoliy qismi orasida joylashgan bu orol Puerto-Rikodan Trinidada va Tobagogacha bo’lgan yo’lning o’rtasida joylashgan. Uni qo’l tegmagan va boy tabobot va nabotot dunyosiga egaligi uchun "Tabiat oroli", deb ham atashadi. 2013-yilda bu davlatga 78 ming kishi sayohat uyushtirgan.

Sent-Vinsent va Grenadina 
Karib dengizidagi Sent-Vinsent oroli va Grenadina guruhiga tegishli 32 ta kichik orollardan tashkil topgan bu davlatga 2013-yilda 78 ming sayyoh tashrif buyurgan.

Angilya 
O’ziga qo’shni bo’lgan kichik orollar guruhini qamrab olgan Angilya oroli Britaniyaning o’z-o’zini mustaqil boshqaruvchi dengizorti hududlaridan hisoblanadi. 13 ming aholiga ega bu davlatga 2013-yili 69 ming sayyoh tashrif buyurgan.

Lixtenshteyn 
Dunyodagi eng boy davlatlardan biri. Past soliq darajasi va bank depozitlari borasidagi liberal siyosat Lixtenshteynni Yevropadagi "soliq jannati"ga aylantirgan. Bu davlatga o’tgan yili 60 ming sayyoh tashrif buyurgan.

Niue
Niue dunyodagi eng katta korall orollaridan biri hisoblanadi. U Yangi Zelandiyaga tegishli bo’lgan o’zini-o’zi mustaqil boshqaruvchi davlatdir. Bu davlatga o’tgan yili 7 ming sayyoh tashrif buyurgan.

Montserrat
Tez-tez bo’lib turadigan dovullar, zilzilalar va vulqon otilishlari sababli qachonlardir amerikaliklar, inglizlar va kanadaliklarning sevimli dam olish maskani bo’lgan Karib dengizidagi bu orolni mahalliy aholining ko’pchilik qismi tashlab ketgan. Bu davlatga o’tgan yili tashrif buyurgan sayyohlar soni 7 mingtani tashkil etadi.

Kiribati
Kiribati Respublikasi – ekvatorning ikkala tomonida ham joylashgan Tinch okeanidagi 33 ta marjon orollardan iborat orollar guruhi hisoblanadi. 1979-yili bu davlat Buyuk Britaniya hukmronligidan mustaqil bo’lishga erishgan. Kiribati Maldiv va Tuvalu kabi okeanlardagi suv sathining doimiy ravishda o’sib borishi natijasida suv ostiga g`arq bo’lishi mumkin bo’lgan orol davlatlardan hisoblanadi. Bu davlatga o’tgan yili tashrif buyurgan sayyohlar soni bor-yo’g`i 6 mingtani tashkil qiladi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar