Yaproqlardagi mo‘jiza 

4 248

  Hayotda mo‘jiza ko‘p. Har bir qadamda uchraydi. Shu mittigina ko‘z bilan butun olamni ko‘rib, idrok etib turganimizning o‘zi mo‘jiza, Yaratganning qudrati. Olamning, odamning o‘zi mo‘jiza. Faqat mo‘jizalarni ko‘ra olish, his qila bilish zarur.
  Bahor kelganda tabiat yangilanadi, olam go‘zallashadi, dil tiniqlashadi. Bu yashillik to qish ayozi kelmaguncha borliqni tark etmaydi. Mana shu go‘zallikning asosiy belgilaridan biri bo‘lgan yaproqlar qanday xususiyatlarga ega ekanini hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Ularda ham sizu bizni lol qoldiradigan mo‘jizalar bor...
  Aniqlanishicha, yaproqlar oziq moddalar ishlab chiqarar ekan. Ularsiz daraxtlar ham, boshqa o‘simliklar ham yashay olmaydi. Mevali daraxtlarning barglari shirindan shakar, xil-xil mevalar yetilishi uchun zarur bo‘lgan moddalarni tayyorlab beradi. Xo‘sh, yaproqlar nimadan oziqlanadi? Ular eng birinchi o‘rinda atmosferadagi karbonat angidrid va tuproq tarkibidagi suvdan oziqlanadi. Fotosintez deb ataladigan o‘ziga xos jarayon natijasida ular gaz va suvdan o‘simlik shirasi ishlab chiqaradilar.
  Keling, barglarning ishini katta bir korxona faoliyati bilan taqqoslab ko‘ramiz. Zamonaviy korxonalarda asosiy yumushlar elektr energiya bilan ishlaydigan mashinalarda bajariladi. Yaproqlarda ham o‘simlik uchun kerakli moddalarni tayyorlaydigan "mashinalar” bor. Ular xloroplast deb ataladi. Xloroplastlar hujayralardagi yashil donachalardan – xlorofilldan tashkil topadi. Quyosh nuri mana shu mashinalarni harakatga keltiradi. Kuzda, quyosh nurlari yetishmay qolgan paytda yaproqlar sarg‘ayishni boshlaydi. Chunki mashinalar – xlorofillar ishlashdan to‘xtaydi-da.
  Xloroplastlar yaproq tarkibida muhim o‘rin tutadi. Barglar hujayralardan iborat. Hujayralarda xlorofill bo‘lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin. Maxsus qo‘riqchi hujayralar yaproq tarkibiga o‘tadigan havo miqdorini tartibga solib turadi. Bunday hujayralar asosan bargning ichki qismida joylashgan bo‘ladi. Ikkita hujayra va ular orasida havo o‘tish joyi "og‘izcha” deyiladi.
  Agar bargga yaxshilab e’tibor bersangiz uning mayda-mayda tomirchalardan iborat ekanini payqaysiz. O‘simlik ildizlari namni shimiydi va u muntazam o‘sha tomirchalarga yetkaziladi. Yaproqlar qayta ishlagan foydali moddalar ham mana shu tomirchalar sabablidir. Og‘izchalar orqali qabul qilingan havo tarkibida karbonat angidrid bo‘ladi. Karbonat angidrid va ma’lum miqdordagi quyosh nuridan o‘simlik shirasi olinadi. Ortib qolgan havo va kislorod yana o‘sha og‘izchalar orqali chiqarib yuboriladi. Kech tushib hammayoq zimziyo bo‘lgach, yaproqlar karbonat angidrid yutish va o‘simlikni oziqlantirishni to‘xtatadi. Lekin ular hamisha nafas olib turadi, shu sababli kechqurunlari hali hazm bo‘lmagan karbonat angidridni qayta ishlash davom etadi.
  Barglardan faqat havo emas, nam ham ajralib chiqadi. Ildizlar orqali tuproqdan so‘rib olingan namning bir qismi shira tayyorlashga sarflanadi. Qolgani esa atmosferaga chiqarib tashlanadi.
  Xullas, shunaqa. Kaftdekkina yoki undan ham kichkina bir bargning ichida butun boshli bir korxona borligi xayolingizga kelmagandir-a? Lekin bu kabi ajoyibotlar hayotda juda ko‘p. 

Orifjon MADVALIYEV 

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.