Ekologiya va biz 

30 186

  O’zbekiston ekologik harakati tashkil etilgach, mamlakatimizda atrof-muhitni asrab-avaylash, ekologik muammolarni bartaraf etish va bu jarayonga ayniqsa, jamoatchilik e`tiborini qaratish imkoni yanada oshdi. Aytish kerakki, Harakat tomonidan jamoatchilik diqqat-e`tiborini tortadigan qator masalalar kun tartibiga qo’yilmoqda. Orol dengizini asrash masalasi – ana shunday muammolardan biridir.
 Orol inqirozi insoniyat tarixida eng yirik ekologik hamda gumanitar fojialardan hisoblanadi. Ma`lumotlarga qaraganda, hozir mazkur havza atrofida istiqomat qiluvchi qariyb 35 millionga yaqin aholi bundan aziyat chekmoqda. Mana, 20-25 yildirki, Orol ko’z o’ngimizda qurib borayapti. So’nggi 40-45 yil ichida Orol dengizi sathi 22 metrga pasayib, maydoni 3,8 martaga qisqardi. Suvning sho’rligi ortib, Orol «o’lik dengiz»­ga aylanmoqda.
 O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» kitobida qayd etilganidek, butun insoniyat, mamlakatimiz aholisi katta ekologik xavfga duch keldi. Buni sezmaslik, qo’l qovushtirib o’tirish o’z-o’zini o’limga mahkum etish bilan barobardir.
  Ekologik xavfsizlik muammosi allaqachonlar milliy va mintaqaviy doiradan chiqib, butun insoniyatning umumiy muammosiga aylangan. Tabiat va inson o’zaro muayyan qonuniyatlar asosida munosabatda bo’ladi. Bu qonuniyatlarni buzish o’nglab bo’lmas ekologik falokatlarga olib keladi.
  Orol dengizi falokati ham jahon miqyosidagi ulkan muammodir. U dunyodagi ko’plab mamlakatlar aholisi manfaatlariga daxldor bo’lib, yangi avlod uchun ham noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.
 Ommaviy axborot vositalarida, ko’plab olim va mutaxassislarning ilmiy monografiyalarida ushbu inqi­roz bilan bog’liq tadqiqot natijalari, uning kelib chiqish sabablari yetarlicha tahlil qilib berilgan. Ularni o’qib, Orol dengizi qurishining havza tevaragidagi aholi sog’ligi, mintaqa iqtisodiyotiga ko’rsatayotgan salbiy ta`siri haqida yetarlicha ma`lumotga ega bo’lish mumkin.
  Suv sifatining pasayishi mintaqa aholisi salomatligiga jiddiy ta`sir etganidan ko’z yumib bo’lmaydi. Qurigan Orol tubidan havoga ko’tarilgan tuz hamda boshqa inson salomatligi uchun zararli moddalar muhitni ifloslamoqda. Hozir Orol dengizi havzasi sug’oriladigan yerlarining 60 foizi sho’rlangan.
  Hududiy davlat sanitariya-epidemiologik nazorat idoralari tomonidan o’tkazilgan sanitar-gigiyenik tekshiruvlar ham ichimlik suv tarkibida yuqori darajali kimyoviy moddalar to’plangani, ular bir qator kasalliklarni keltirib chiqarish xavfi mavjudligini ko’rsatmoqda. Respublikamizda so’nggi yillarda Orol muammosini hal qilish bo’yicha qator dasturlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, «Ayollar va bolalar sog’ligini himoya qilish» dasturini amalga oshirish» loyihasi borasida Xorazm viloyatida ko’p tarmoqli bolalar tibbiy markazlarini zamonaviy tibbiy uskunalar, tashxis apparatlari bilan ta`minlash masalasi ko’rib chiqildi. Sil kasalligiga qarshi kurashish dasturini amalga oshirishga doir loyiha esa mazkur xastalikka chalinish ehtimoli bor bo’lgan odamlarni tashxis yo’li bilan aniqlab, davolashni yo’lga qo’yishni ko’zda tutadi.
  Bundan tashqari, «Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining uzoq hududlarida sil kasalligi hamda onkologik xas­taliklarning oldini olish chora-tadbirlarini qo’llash» loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha bo’yicha ishlar 16 ta flyuorografik komplekt yordamida amalga oshiriladi.
  Orolbo’yi mintaqasida chaqaloqlarning sog’­lom tug’ilishi, normal o’sishi, rivojlanish bosqichini nazorat qilish maqsadida zamonaviy texnologik uskunalar bilan jihozlangan Ona va bola skrining markazining dasturi aholi genofondini asrashga xizmat qiladi. Shuning­dek, kelgusida turli kasalliklarning oldini olishga mo’ljallangan maxsus dastur ishlab chiqish rejalashtirilgan.
  Ayni paytda, O’zbekiston ekologik harakatining asosiy e`tibori  ana shunday chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilgan. Orol hozirgi zamonning keng miqyosdagi keskin ijtimoiy muammolaridan biri bo’lib turibdi. Uni hal etish bir osmon ostida havodan nafas olayotgan barcha xalqlarning manfaatlariga mos, mushtarak vazifadir.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.