Geografiya ta’limida kartografik texnologiyalardan foydalanish 

16 966


  Geografik xaritalarda turli – tuman voqea va hodisalar tasvirlangani uchun, ular juda xilma-xil bo‘ladi. Kartografiyada quyidagi tushunchalar uchraydi:
  Tarx (plan)- joyning yirik miqyosda (5000 va undan kattaroq) tuzilgan chizmasidir. Chizmada maydoni uncha katta bo‘lmagan kichik-kichik joylar tasvirlanadi.
  Xarita - Yer yuzasini kichraytirilib va umumlashtirilib shartli belgilar bilan tekislikka tushurilgan tasviridir. Ularda tabiiy va iqtisodiy - ijtimoiy  voqea va hodisalar tasvirlanadi.
  Aerofotosurat - tayyora va boshqa o‘zi uchar asboblar yordamida olingan Yer yuzasini yoki uning bir qismining tasviridir. Ular  orqali joyning tuzilishi, relyefi, o‘simlik qoplami, yo‘llari, qishloqlar, jihozlar va korxonalarning joylanishi aniqlanadi.
  Kosmosurat - Yerning va boshqa sayyoralarning kosmik kemalari yordamida olingan tasvirdir. Ular fanning va xalq xo‘jaligining turli sohalarda keng  qo‘llaniladi. Har bir tarx, xarita, kosmo va aerosurat ma’lum bir miqyosda tuziladi.
  Miqyos -  bu xaritadagi chiziqning uzunligini  Yer yuzasidagi shu chiziqqa mos keladigan haqiqiy uzunlikka nisbatidir. U xaritadagi tasvir necha marta  kichraytirilganini ko‘rsatadi. Masalan, xaritada daryoning uzunligi 1sm, haqiqiy uzunligi 10 km, yoki 1 000000 sm. Demak xaritaning miqyosi 1: 1 000000. Miqyoslar sonli, chiziqli va so‘zli bo‘ladi. Sonli miqyos kasrdan iborat, uning surati 1ga teng, maxraji esa xaritada tasvir necha marta kichraytirilganini   ko‘rsatadigan son bo‘ladi. Masalan, 1: 1 000 yoki  bu tasvirni ming marta kichraytirilganligini ko‘rsatadi. Chiziqli miqyos - bu teng bo‘laklarga bo‘lingan to‘g‘ri chiziqdir. Har bir bo‘lak qancha masofaga  tengligi uning ustiga yozib qo‘yiladi. So‘zli miqyos  xaritadagi 1sm masofa haqiqatda qanchaga tengligini ko‘rsatadi. Masalan 1smda 10 km ga teng.
  Andozalarlar (proeksiyalar) -  bu Yer yuzasini  xaritada tasvirlash usulidir. Yer dumaloq bo‘lganligi tufayli uni tekislikda tasvirlanayotganda ma’lum bir xatoliklarga  yo‘l qo‘yiladi. Bunday  xatoliklarga asosan maydonni, uzunlikni va burchaklarni tasvirlayotganda yo‘l qo‘yiladi. Shuning uchun turli hil (teng burchakli, teng maydonli, teng masofali va aralash andozalar) qo‘llaniladi.
  Shartli belgilar – voqea va hodisalarning ma’lum bir belgilar yordamida xaritada tasvirlanishidir. Miqyosli shartli belgilar yordamida voqea va hodisalar haqiqiy o‘lchamlari bilan tasvirlanadi. Miqyossiz  shartli belgilar bilan, xaritalarning miqyosida ko‘rsatib bo‘lmaydigan voqea va hodisalar tasvirlanadi (TETS, kon,  aholi yashaydigan joylar).  Chiziqli shartli belgilar bilan daryo oqimining yo‘nalishi, o‘rmondagi daraxtlarning turlari ko‘rsatiladi. Bundan tashqari yozuvli, harfli, sonli shartli belgilar ham bo‘ladi. 
Xaritada voqea va hodisalar quydagi usullar bilan tasvirlanadi: 
- belgilar usuli – miqyosda tasvirlab bo‘lmaydigan narsalar, voqea va hodisalar tasvirlanadi;
- chiziqli usul – asosan  uzunlik bo‘yicha joylashgan daryo, yo‘l va chegaralar tasvirlanadi:
- rang berish usuli – voqea va hodisalarni maydon bo‘yicha tarqalishini tasvirlashda qo‘llaniladi (o‘simlik, tuproq, iqlim xaritalari);
- teng qiymatli chiziqlar usuli – bir xil qiymatga ega bo‘lgan voqea va hodisalar tasvirlanadi (harorat, balandlik, aholi zichligi);
- bog‘langan diagrammalar usuli – ma’lum bir joydagi meteorologik stansiyada haroratni mavsumiy o‘zgarishini, yog‘in va shamollarni taqsimlanishini tasvirlashda qo‘llaniladi;
- chegara usuli – bir xil voqea va hodisalarni tasvirlashda qo‘llaniladi, foydali qazilmalar, hayvonlar va qishloq xo‘jaligi xaritalari.
-  nuqta usuli – narsalarni, voqea va hodisalarni tarqoq holda miqdorini beradi. Masalan bitta nuqta 200 bosh sigir;
-  harakat belgilari usuli – voqea va hodisalarni harakat yo‘nalishini ko‘rsatadi ( daryo oqimi, shamol va oqim yo‘nalishi, yuk tashish yo‘llari).
Xaritalar miqyosiga qarab quyidagi turlarga bo‘linadi:
- tarxlar, miqyos 1:5000 va undan katta;
- yirik miqyosli  xaritalar 1: 1 0000 dan 1:200000 gacha;
- o‘rta miqyosli xaritalar 1: 200000 dan 1:1000000 gacha;
- mayda miqyosli xaritalar 1: 1000000 dan kichik.
Xaritalar ularda tasvirlanadigan maydonning ko‘lamiga qarab quyidagi turlarga bo‘linadi:
- yulduzlar xaritasi;
- sayyoralar va Yer xaritasi;
- yarim sharlar xaritasi;
- quruqlik va okeanlar xaritalari;
- tabiiy geografik o‘lkalar xaritalari;
- mamlakatlar xaritalari;
- ma’muriy birliklar xaritalari;
- maxsus hududlar xaritalari (qo‘riqxona, sayohatbop  joylar);
- shaharlar va aholi punktlari xaritalari;
- shahar va viloyat tumanlari xaritalari;
 Mazmuniga ko‘ra xaritalar - umumgeografik va mavzuli xaritalarga bo‘linadi. Umumgeografik xaritalar o‘z navbatida yana 
a) topografik ( 1: 100000 va undan katta); 
b) umumtopografik (1: 200000 dan 1: 1000000 gacha)
v) umumtasavvur (obzor) xaritalarga bo‘linadi (miqyosi 1:1000000 dan kichik).
 Mavzuli  xaritalar tabiiy va iqtisodiy  (iqlim, tuproq, o‘simlik, qishloq xo‘jalik, sanoat va  h. k.) xaritalarga bo‘linadi:
Vazifasiga ko‘ra xaritalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
a) ilmiy xaritalar;
b) madaniy va tashviqot xaritalari;
v) texnik xaritalar (kosmik, havo, dengiz, yo‘l va  muxandislik xaritalari);
g) o‘quv xaritalari;
d) sayohat xaritalari;
Tuzilishiga ko‘ra xaritalar 3 turga bo‘linadi:
a) tasviriy xaritalar alohida voqea va hodisalarni tasvirlaydi. Masalan havo harorati, yog‘inlar va bosim xaritalari;
b) jamlama xaritalar ma’lum bir hodisaning hamma o‘lchamlari birga tasvirlanadi. Masalan, bitta xaritada shamol va bosimni tasvirlash mumkin:
v) yakuniy xaritalar bir - biri bilan o‘zaro bog‘langan hodisalar bir butun holda tasvirlanadi (iqlim mintaqalari xaritasi).
Geografik atlaslar va ularning turlari.
  Atlaslar - to‘la va aniq ma’lumotga ega bo‘lgan, yagona dastur asosida tuzilgan,  tartibga solingan xaritalar to‘plamidir.
  «Atlas» atamasi Flamand xaritashunosi Merkator tomonidan kiritilgan. U o‘zi tuzgan xaritalar to‘plamini (1595-yili) Liviyaning afsonaviy qiroli Atlas nomi bilan ataydi. Xaritalar to‘plami birinchi marta II-asrda Klavdiy Ptolemey tomonidan tuzilgan. Atlaslar egallagan maydonga qarab, Sayyoralar, dunyo, materiklar, okeanlar, o‘lkalar, davlatlar, viloyatlar atlaslariga bo‘linadi. Mazmuniga qarab umumgeografik va mavzuli atlaslarga bo‘linadi. Vazifasiga ko‘ra ilmiy, ma’lumotli, ommabop (o‘lkashunoslik), o‘quv, sayyoh va yo‘l atlaslariga bo‘linadi.
Globuslar va ularning turlari.
  Globus (lotincha globus – dumaloq) Yerning kichraytirilgan nusxasi, unda Yer yuzasi, mareriklar va okeanlar, tog‘lar va tekisliklar shakli xatosiz, aniq va to‘g‘ri tasvirlanadi. Birinchi marta globus Beruniy tomonidan X asrda, Bexaym tomonidan XV asrda  yasalgan.
Globuslar miqyosiga ko‘ra mayda (1:30000000) va yirik globuslarga bo‘linadi.
O‘quv va boshqa maqsadlar uchun yirik globuslar yasaladi. 
Maktab geografik xaritalarining turlari.
 Maktab geografik xaritalarining boshqa xaritalardan farqi ularni o‘quvchilarni yoshi va rivojlanishiga moslab chiqarilishidir. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun oddiyroq, tushunishi va o‘qishi oson bo‘lgan xaritalar chiqariladi, yuqori sinflar uchun esa murakkabroq xaritalar nashr qilinadi.
 Umumta’lim maktablarida qo‘llaniladigan xaritalarni quyidagi guruhlarga bo‘lishimiz mumkin:
-devoriy xaritalar;
-darsliklar ichidagi xaritalar;
-atlaslar;
-globuslar;
- yozuvsiz xaritalar.
  Mazmuniga ko‘ra, devoriy maktab xaritalari juda xilma-xil bo‘ladi: tabiiy; iqlimiy;  tuproq, o‘simlik; zoogeografik;  geologik; foydali qazilmalar; iqtisodiy, siyosiy, sanoat; qishloq xo‘jaligi, transport va  h. k. Ular turlicha bo‘lgani bilan, umumiy o‘xshashlikka ham ega. Ularning barchasi sinfda foydalaniladi, o‘quvchilarning uzoqdan ko‘rishiga moslashgan bo‘ladi, ya’ni masshtabi katta bo‘ladi. Mazkur xaritalar yordamida o‘quvchilar bilimlarni o‘rganishida amaliy va mustaqil ish bajarishadi va ma’lum bir savollarga javob berishadi. Shuning uchun ular yaxshi ko‘rinishga va katta aniqlikka ega bo‘lgan o‘lchamda bo‘lishi lozim.
  Xaritalarning turiga ko‘ra ularning o‘lchamlari turlicha bo‘ladi. Dunyo xaritalari, alohida materiklarning xaritalari hozirgi vaqtda 1,5 x 1,8 m o‘lchamda chiqarilmoqda. O‘zbekiston va O‘rta Osiyo xaritalari ham deyarli mazkur o‘lchamda chiqarilmoqda.
  Xaritalar aniq va ravshan ko‘rinib turishi lozim. Ulardagi geografik voqea va borliqni o‘quvchilar 5-6 m dan aniq ko‘ra bilishlari lozim. Buning uchun xaritada eng muhim narsalar aks ettiriladi. Masalan, daryo tasvirlanayotganida uning asosiy qismi va eng yirik irmoqlari ko‘rsatiladi, mayda irmoqlari esa ko‘rsatilmaydi. Xarita ravshan ko‘rinib turishi uchun ranglar yaxshi tanlanishi lozim. Ranglar bir - biridan keskin ajralib turishi lozim. Devoriy xaritalarga qo‘yiladigan  yana bitta talab chiroyli bo‘lishidir. Agar xarita chiroyli va aniq qilib ishlangan bo‘lsa o‘quvchilar ularni oson o‘qishadi va tushunishadi.
Maktab  xaritalarida relyef asosan turli qalinlikda rang berish bilan amalga oshiriladi.  Pasttekisliklar to‘q yashil, tekisliklar esa och yashil, balandliklar och jigarrang, o‘rtacha tog‘lar jigarrang, baland tog‘lar esa to‘q jigarrangda beriladi.
  Xarita geografik nomlar bilan to‘lib qolmasligi kerak. Unda faqat o‘quvchilarni yoshi va bilimi darajasiga mos bo‘lgan yozuvlar bo‘lmog‘i lozim. Boshlang‘ich sinf xaritalarida geografik nomlar kamroq va yirikroq yozilishi, o‘rta va yuqori sinflarda ularning soni ko‘payib va o‘lchamlari maydalashib borishi mumkin.
  Darsliklar ichiga qo‘yiladigan xaritalar. Geografiya predmetlarining oxirida alohida xarita ilova qilinar edi. Hozirgi vaqtda darsliklarni matnida xaritalar berilmoqda. Bunday xaritalar tabiiy geografik va iqtisodiy geografik voqea va hodisalarni tasvirlaydi. Ular oq-qora  va rangli bo‘lishi mumkin. Tabiiy geografik xaritalar ko‘pincha rangli holda beriladi. Ayrim iqtisodiy geografik voqea va  hodisalarni ko‘rsatishda oq-qora rangdan foydalaniladi. Masalan, foydali qazilmalar, transport, ayrim  ekinlar, chorvachilik xaritalari hamda siyosiy xaritalar rangli tasvirda beriladi. Ko‘p hollarda materiklar va okeanlar  tabiiy geografiyasi (6-sinf), Jahon iqtisodiy va ijtimoiy  geografiyasi (9-sinf)   kurslarini darsliklari matnlarida xaritalar ko‘proq beriladi.
  Atlaslar ma’lum bir mavzuda va yo‘nalishlarda tuzilgan  xaritalar jamlamasidir. Atlaslar tuzilishi va mazmuniga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘linadi: egallagan maydoniga ko‘ra; yulduzlar atlasi; dunyo tabiiy geografik atlasi; dunyo iqtisodiy geografik atlasi; alohida materik va okeanlar atlasi; alohida davlatlar atlasi; va   h.k.; mazmuniga ko‘ra: tabiiy geografik; iqtisodiy; temir yo‘l; o‘quv atlaslari va   h. k.
  Har bir sinf uchun o‘quv atlaslari mavjud. Masalan, 5-sinf atlasi, 6-sinf atlasi, 7-sinf atlasi, 8-sinf atlasi, 9-sinf atlasi.
O‘quv atlaslari quyidagi talablarga javob berishi lozim:
- atlasda ko‘rsatilgan geografik borliq va voqealar soni darslikdagidan ko‘proq bo‘lmog‘i lozim;
-atlas o‘quvchilar uchun ma’lumotnoma vazifasini  bajarishi lozim;
-atlasda geografik nomlar ro‘yxati albatta bo‘lishi zarur; 
Atlasda xaritalar soni 40-45 tadan kam bo‘lmasligi lozim.
Yozuvsiz xaritalar. Ular geografiya ta’limida keng qo‘llaniladi. Ular asosan o‘quv  va nazorat maqsadlarida ishlatiladi. 
Yozuvsiz xaritalar o‘quv maqsadlarida quyidagi hollarda qo‘llaniladi:
- chiziqli xaritaga tabiiy geografik borliq nomlarini tushirish 
(daryo, ko‘l, dengiz va h.k.), bu esa geografik nomlarni o‘quvchilar tomonidan yaxshi eslab qolinishiga imkon beradi;
- tog‘lar, daryo havzalari, izotermalar, tabiat zonalari chegaralarini chiziqli xaritaga tushirish;
- davlatlarni chegaralarini chiziqli xaritaga tushirish;
- iqtisodiy rayonlarni chiziqli xaritaga tushirish;
- qishloq xo‘jaligi ekinlari chegaralarini chiziqli xaritaga tushirish.
Yozuvsiz xaritalar nazorat maqsadida ham ishlatiladi. Buning uchun quyidagi shartlar bajarilishi lozim:
- sinfdagi barcha o‘quvchilarda bir xil chiziqli xarita bo‘lmog‘i lozim;
- barcha o‘quvchilar uchun bir xil shartli belgilar berilishi zarur;
- barcha o‘quvchilar yozuvsiz xaritalarida masshtab, legenda, o‘quvchining ismi sharfi bir xil joyda  ko‘rsatilgan bo‘lmog‘i lozim.
Xaritalarni tushuntirish texnologiyasi
  Umumta’lim maktablarida xaritalarni tuzilishini tushutirish o‘quvchilarga o‘rgatish geografik bilimlarni egallashda muhim o‘rin tutadi.
  O‘quvchilarni geografik xaritalarni tuzilishini tushuntirishga o‘rgatish uchun joyda amaliy ishlar olib boriladi,  joy rejasi bilan ishlanadi, gorizontallarni o‘qish bo‘yicha amaliy ishlar bajariladi, daraja to‘ri bilan mashq qilinadi, turli xaritalar solishtiriladi, nuqtalarning geografik koordinatalari aniqlanadi, turli masshtablar bilan mashq qilinadi va  h.k.
  Xaritalarni tushunishni eng yaxshi yo‘li joyni o‘rganish va uni xaritada qanday tasvirlanganligini aniqlashdir. Bundan tashqari globusdan xaritaga o‘tish, rejadan geografik xaritaga o‘tish orqali ham geografik xaritalarni tuzilishini tushunishga yordam beradi. Mazkur usullar yordamida o‘quvchilarni daraja to‘ri,  kartografik yiriklashtirish (generalizatsi) va geografik xaritalarni tushuntirishga imkon beradi.
  Joyda va sinfda olib boriladigan amaliy mashg‘ulotlar (yo‘nalishlarini aniqlash, masofani o‘lchash va ularni chizmada tasvirlash hamda ularni joy rejasiga tushirish) o‘quvchilarni geografik xaritalarda haqiqatda borliq va hodisalar tasvirlanganligiga  ishonch  hosil qilishiga undaydi.
  Geografik xaritalarni tuzilishini tushunishga faqat joyda olib borilgan ishlargina emas, balki joyning xomaki rejasi bilan ishlash ham yordam beradi. Bunday ishlar o‘quv sayohatlari, turistik poxodlarda va  joyda amaliy ishlar olib borganda bajariladi.
  O‘quvchilar yirik masshtabli xaritalarni tuzilishini gorizontallarni o‘qish bo‘yicha olib boriladigan mashqlarda, topografik xaritalar yordamida relyefni tasvirini tushirish jarayonida joyni rejasini tuzish davomida o‘rganishadi.
  O‘z yashash joyini tuzilishi va joy rejasini o‘rganish davomida o‘quvchilar asta - sekin yirik va mayda masshtabli xaritalarni tuzilishini anglay bolashadi. Ular topografik va geografik xaritalarni solishtirish asosida joy rejasi va  geografik xarita o‘rtasidagi farqlarni tushuna boshlashadi.
 O‘quvchilar kartografik andozalarni (proyeksiyalarni) turlarini o‘rganish davomida geografik xaritalardagi xatoliklar va ularning miqyosini tushuna boshlashadi, xatoliklarni qanday sodir bo‘lishini o‘quvchilar tushunishi uchun globusdagi va ma’lum bir xaritadagi borliqni o‘lchami solishtiriladi. Masalan, Chukotka yarim oroli yoki Grenlandiya orolini globusda va xaritada tasvirini solishtiradi. Ularning tasviri xaritada globusdagiga ko‘ra kattaroq tasvirlangan, ana shu farqlarning asosiy sababi xaritalardagi xatoliklar ekanligi tushuntiriladi. Masalan, globus Yerning kichiklashtirilgan modeli hisoblanadi, shuning uchun unda geografik borliq xatosiz tasvirlanadi, xarita esa globusni tekislikka yoyish natijasida hosil bo‘lgan, shuning uchun uning chekka qismlarida xatoliklar katta bo‘lishi tushuntiriladi.
  Xaritalarning daraja to‘ri, meridianlar va paralellar o‘rganib bo‘lingandan so‘ng o‘quvchilar geografik koordinatalar bilan mashq qilishadi. Buning natijasida ular har qanday nuqtani geografik o‘rnini topishni o‘rganishadi va daraja to‘rini ahamiyatini anglashadi, bundan tashqari ular daraja to‘ri meridian va  parallelarga qarab yo‘nalish va  masofani aniqlashni o‘rganadi. O‘quvchilar nuqtani geografik koordinatasini aniqlashni yaxshi o‘zlashtirib olishlari uchun hayotdan misollar keltirish lozim. Masalan, o‘z shahrini, yoki tumani markazini koordinatalarini aniqlash, O‘zbekistonni chekka nuqtalarini, eng baland va eng past nuqtalarini koordinatalarini aniqlash.
  Xarita masshtabi bilan ishlaganda o‘quvchilar  geografik  borliqni kichrayish yoki kattayishi  darajalari bilan  tanishishi lozim.  Buning uchun avval yirik, o‘rta va mayda masshtablar haqida tushunchalarga ega bo‘lmoqlari lozim. Shundan so‘ng har xil geografik  borliqni, masalan Chorvoq suv omborini kengligi va uzunligini aniqlashlari lozim. O‘quvchilar geografik xaritada masofani taxminan aniqlashlari uchun ayrim geografik borliqni uzunligini aniqlab uning yordamida kerakli masofani  topishlari mumkin. Masalan, Saxalin orolini uzunligi 1000 km, shundan foydalanib Osiyodagi joylarni uzunligini  topish mumkin. Biror joyni uzunligini topish uchun Saxalin orolini hayolan joylashtiriladi va masofa aniqlanadi. Masalan, uzunligi aniqlanadigan joygacha 2 ta Saxalin oroli sig‘sa, demak uning uzunligi  2000 km ekan. Bundan tashqari daraja to‘ridan foydalanib ham masofani o‘lchashni o‘quvchilar o‘rganmog‘i lozim. Buning uchun 10 yoyning uzunligini bilish kifoya. Meridian bo‘yicha 10 yoyning o‘rtacha uzunligi 111 km. Agar  ikki nuqta orasidagi masofa 100 bo‘lsa u kmda quyidagicha ifodalanadi: 10*111=1110 km.
Geografik xaritalarni o‘qish texnologiyalari
  Geografik xaritalar bilan ishlashning eng ma’suliyatli qismi bo‘lib ularning o‘qish va ular asosida tegishli xulosalar chiqarishdir.
Geografik xaritalarni o‘qish quyidagi bosqichlardan iborat:
-xaritalarning daraja to‘ri, masshtabi va shartli belgilarini o‘qish;
-topografik xaritalarni o‘qish asosida diktantlar yozish;
-relyefning o‘qish va uning tavsifini tuzish;
-geoglogik va tektonik tuzilishni o‘rganish va xulosa chiqarish;
-foydali qazilmalarni o‘rganish;
-iqlimni o‘rganish va uning tavsifini tuzish;
- geografik sharoitni o‘rganish;
-tuproqni va o‘simliklar qoplamini o‘rganish;
-hayvonot dunyosini o‘rganish;
-tabiat zonalarini o‘rganish;
-joyning umumiy tabiiy geografik tavsifini tuzish;
- tabiiy resurslarini o‘rganish;
-aholi xaritasini o‘qish;
-yoqilg‘i energitika sanoatini o‘rganish;
-sanoat xaritasini o‘qish;
-qishloq xo‘jalik xaritalarini o‘qish;
-transport xaritalarini o‘qish;
-xalqaro iqtisodiy aloqalar xaritasini o‘qish;
-kompleks iqtisodiy-geografik xaritalarni o‘qish.
  Geografik xaritalarni o‘qishning eng  muhim shartlaridan biri uni masshtabi  va shartli belgilarini o‘qiy bilishidir. Masshtabga ko‘ra yirik, o‘rta va mayda masshtabli katralarga ajratiladi. Shartli belgilar topografik, tabiiy geografik va iqtisodiy geografik hamda siyosiy geografik belgilarga bo‘linadi. Ular o‘z navbatida masshtabli, masshtabsiz, chiziqli, aralash ko‘rsatkichli  va  boshqa turlarga bo‘linadi.
  Xaritalarni o‘qitishning dastlabki bosqichi shartli belgilarni o‘qitishdir. O‘quvchilar topografik xaritalarni o‘rta masshtabli va mayda masshtabli xaritalarni shartli belgilarini to‘la o‘rganib bo‘lgandan so‘ng, masshtab va daraja to‘ridan  foydalanib yuqoridagi vazifalarni bajarishlari  mumkin. Ular joy rejasini tuzish jarayonida  ham shartli belgilar bilan ishlash  ko‘nikmasiga ega bo‘lishadi.
  O‘quvchilar daraja to‘ri, masshtab va shartli belgilarni to‘la o‘zlashtirib olgandan so‘ng xaritadan foydalanib ma’lum bir yo‘nalishni tavsifini tuzishi mumkin, ya’ni topografik diktant  yozishlari mumkin.
  Topografik diktant deganda qog‘ozga o‘qituvchini bergan ma’lumotlari asosida yo‘nalish chizmasini tushirishdir. Mazkur ish quyidagicha bajariladi: o‘quvchilar o‘qituvchi topshirig‘i asosida ikki xil ishni bajarishi mumkin: berilgan yo‘nalishni xarita asosida tavsifini tuzishadi; berilgan yo‘nalishni chizmasini daftarga chizishadi.
  Ma’lum bir yo‘nalishni tavsifini xarita asosida tuzishda o‘quvchilar kerakli yo‘nalishlarni aniqlashadi, masshtabdan foydalanib nuqtalar orasidagi masofani o‘lchashadi, shartli belgilar bilan ko‘rsatilgan geografik borliqni (ko‘prik, yo‘l, shahar, zavod, yaylov, ekinzor, o‘rmon  va   h. k.) nomlarini aniqlaydi va joyning tavsifini tuzadi.(relyefi, tuprog‘i, o‘simligi, suvlari). Avval o‘quvchilar topografik xaritadan foydalanib o‘qituvchining qisqa savollariga javob beradi, masalan o‘rikzor qishloq markazining qaysi tomonida joylashgan, maktabga boriladigan yo‘lda qanday o‘simliklar uchraydi. Buning natijasida o‘quvchilar yo‘nalishni og‘zaki tavsifini tuzish ko‘nikmasiga ega bo‘lishadi.
  Topografik diktant tuzganda o‘quvchilar o‘qituvchining hikoyasi orqali yo‘nalish yo‘lini chizmasini tuzishadi. Topografik diktant daftar varag‘iga chiziladi. Varaqning yuqorisida shartli belgisi, pastki qismiga masshtab yoziladi. O‘qituvchi varaqda dastlabki nuqtani belgilab beradi. So‘ngra yo‘nalishni va geografik borliqni ko‘rsatadi, ularni o‘quvchi qog‘ozga tushiradi. Topografik diktant yo‘nalishni tavsifini tuzishdan murakkabroq. U o‘quvchilardan diqqat va ijodiy fikrlashni talab qiladi, ushbu vazifani bajarish davomida o‘quvchilar olgan bilimlarini amalda qo‘llash ko‘nikmasiga ega bo‘ladilar.
  Joy relyefini o‘rganish turli masshtabli xaritalarda olib borilishi mumkin. Topografik xaritalar yordamida relyefni o‘rganish gorizontallarni tahlili asosida olib boriladi.  Gorizontallarni orasi keng va mutloq balandligi kam o‘zgarsa tekislik, gorizontallar orasi tor va ular qalin hamda zich joylashgan bo‘lsa tik yonbag‘ir va  h.k.  Tabiiy geografik xaritalarda relyef ranglarni taylili asosida olib boriladi: zangori rang tekislik, jigarrang tog‘lik. Relyefni o‘rganganda xaritada berilgan nuqtalarni mutloq balanligi  ham tahlil qilinadi.
  Geologik va tektonik tuzulishni o‘rganish VI va VII sinflarda bajariladi. VI –sinf atlasida litosfera plitalari xaritasida berilgan. Uning yordamida litosfera plitalari ularni yoshlari, harakat tezligi aniqlanadi. VII sinf atlasida  O‘rta Osiyo va O‘zbekistonning geologik va tektonik xaritalari berilgan. Uning yordamida har bir hududda tarqalgan tog‘ jinslari komplekslari va ularni qaysi davrlarga mansubligi aniqlanadi. O‘qituvchi yordamida o‘quvchilar geologik kesmalar ham tuzishi mumkin. Mazkur xaritalarni o‘qish va tahlil qilish asosida tegishli xulosalar qilinadi. Masalan, mazkur joyda qaysi davrda vujudga kelgan qanday tog‘ jinslari keng tarqalgan. 
  Joyning yoki ma’lum bir hududning foydali qazilmalari tegishli foydali qazilma turi xaritasini o‘qish asosida amalga oshiriladi. Bunda avval yoqilg‘i-energitika foydali qazilmalari xaritasidan neft, gaz, ko‘mir konlari aniqlanadi, metalli foydali qazilmalar xaritasidan qora, rangli va nodir metallar konlari aniqlanadi. Nometall foydali qazilmalar xaritasidan esa qurilish, kimyo sanoati xom ashyosi konlari aniqlanadi. So‘ngra joyda yoki  hududda qaysi foydali qazilma turi kengroq tarqalganligini o‘q`uvchilar aniqlashadi.
Iqlim xaritalarini  o‘qish orqali iqlimning asosiy xususiyatlari o‘rganiladi. Bunda yozgi va qishki xarorat izotermalari, yozgi va qishki  shamollar yo‘nalishi, yog‘in miqdori, sovuqsiz kunlar soni va boshqa xaritalar o‘qiladi, taxlil qilinadi va tegishli xulosalar chiqariladi. O‘quvchilarning xulosalari o‘qituvchi tomonidan ko‘rib chiqiladi va baholanadi.
O‘quvchilar joyni yoki ma’lum bir hududni gidrografik sharoitini tuzilishini o‘qituvchi rahbarligida tabiiy xaritani o‘qish va tahlil qilish asosida o‘rganishadi. Ular o‘q`ituvchini topshirig‘iga binoan avval daryolarni, so‘ngra ko‘llar hamda muzliklarni aniqlashadi va ularni ro‘yxatini tuzishadi.
  O‘quvchilar joyning tuproq va o‘simlik qoplami xaritalarini o‘qish va tahlil qilish asosida asosiy tuproq va o‘simlik turlarini aniqlashadi va tegishli xulosalar qilishadi. 
  Materiklarni  tabiiy geografik sharoiti o‘rganilganda o‘quvchilar tabiat zonalari xaritasini o‘qish va taxlil qilish asosida mazkur materikda tarkib topgan tabiat zonalarini aniqlashadi.  Mazkur xaritani o‘qish va tahlil qilish asosida joyning yoki ma’lum bir xududning   tabiiy geografik  tavsifi o‘q`uvchilar tomonidan tuziladi.  Iqtisodiy geografik tavsifdan tegishli iqtisodiy xaritalarni o‘q`ish va taxlil qilish asosida tuziladi.
Yozuvsiz xaritalar  bilan ishlash texnologiyasi
  Geografik bilimlarni egallashda yozuvsiz xaritalar bilan ishlash muhim o‘rin tutadi. Ular geografiya ta’limining barcha shakllarida qo‘llanilishi mumkin. Yozuvsiz xaritalar bilan ishlash geografik nomlarni o‘quvchilar tomonidan yaxshi eslab qolishga imkon beradi. 
Yozuvsiz xaritalar bilan ishlash samarali bo‘lishi uchun u quyidagi talablarga javob berishi lozim: xaritaning nomi yirik harflarda uning yuqori qismida yoziladi; 
o‘q`uvchining ismi, sharifi va sinfi xaritaning quyi o‘ng qismiga yoziladi (mayda harflar bilan); 
  • geografik borliq nomlari bosh harflar bilan yoziladi;
  • daryo, tog‘ tizmalari, qo‘ltiqlar va dengizlar nomi ularning yo‘nalishi bo‘yicha yoziladi; 
  • shaharlar, ko‘llar nomlari kengliklar bo‘yicha yoziladi; 
  • foydali qazilmalar, xalq xo‘jaligi tarmoqlari umum qabul qilingan shartli belgilar yordamida belgilanadi.
   Sinf  sharoitida chiziqli xaritalar qalam bilan bo‘yaladi,  uy sharoitida esa tush yoki siyoh bilan bo‘yaladi. Yozuvsiz xaritalarni  to‘ldirish devoriy xaritalar va atlasdagi xaritalar bilan ishlash birga uyg‘unlikda olib boriladi. O‘qituvchi dars o‘tish jarayonida geografik borliqni devoriy xaritada ko‘rsatib ularni atlasdan  topishni va yozuvsiz xaritaga shartli belgilar bilan tushirishni tavsiya etadi.  Xaritada geografik borliqni tushirish uchun mo‘ljal bo‘lib daraja to‘ri, daryolar, shaharlarning  punsonlari, qirg‘oq chizig‘i, chegaralar hisoblanadi. 
  Yozuvsiz xarita bilan bajariladigan har bir yangi ish o‘qituvchi yordamida amalga oshirilishi zarur. O‘quvchilar yozuvsiz xaritaga geografik borliqni tushirishni yaxshi o‘rganib olgandan so‘nggina ularga mustaqil ishlashga ruxsat berish mumkin.
   Yozuvsiz xaritaga tushiriladagan geografik nomlar soni chegaralangan bo‘lmog‘i lozim. Yozuvsiz xarita bo‘yicha o‘quvchilarga murakkab bo‘lgan vazifalarni  bermagan maqul. Masalan, atlasdagi ma’lumotlarni chiziqli xaritaga tushirish. Yozuvsiz xaritalarga faqat dasturda uchraydigan geografik nomlarni tushirish lozim. 
  Yozuvsiz xaritalar bilan ishlash ijodiy yo‘nalishga ega bo‘lmog‘i va o‘quvchilar tomonidan mustaqil ravishda bajarilishi lozim. Umumta’lim maktablarida chiziqli  xaritalari bilan quyidagi vazifalarni bajarish mumkin:
- Yozuvsiz xaritalarga geografik borliq, hodisa va jarayonlarni nomlarini tushirish. Mazkur geografik nomlar darslik matnida uchrashi mumkin, o‘qituvchi dars jarayonida xaritadan ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, boshqa xaritalar bilan mustaqil ishlash aniqlangan bo‘lishi mumkin;
-geografik (tabiiy va iqtisodiy) borliq va hodisalarning shartli belgilarini chiziqli xaritaga tushirish. Mazkur ish o‘qituvchi yordamida bajariladi;
-o‘qituvchining darsni gapirib berishi davomida chiziqli xaritalarni to‘ldirish. Bunday ishlar asosan yuqori sinflarda bajariladi. Bunda o‘q`uvchilar shartli belgilarni to‘la o‘zlashtirgan bo‘lishlari shart;
-tog‘ tizmalarini, shamollarni, yuk tashish oqimlari, migratsiya yo‘nalishlari, yo‘llarni, oqimlarning  yo‘nalishlarini xarita sxemalarini tuzish;
- yozuvsiz xaritaga iqlim elementlarini tushirish, yog‘in miqdorini ranglar bilan, shamol yo‘nalishini strelka bilan tasvirlash;
- yozuvsiz xaritaga tuproq turlarini tushirish. Ko‘proq materiklar tabiiy geografiyasini o‘rganishda qo‘llaniladi;
- yozuvsiz xaritaga foydali qazilmalarni tushirish. Bunda o‘quvchilar foydali qazilmalarni shartli belgilarini yaxshi bilishi zarur;
- yozuvsiz xaritaga aholini ko‘rsatkichlarini tushirish (zichligi, milliy tarkibi, urbanizatsiya darajasi, til va kasb, jinsiy tarkibi va h.k.);
- yozuvsiz xaritada sanoat tarmoqlarini ko‘rsatish (yoqilg‘i-energetika, metallurgiya, mashinasozlik, transport, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, va  h. k.);
- yozuvsiz xaritada qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini tasvirlash (dehqonchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik, chorvachilik va  h.k.);
- yozuvsiz xaritada mamlakatlarni tasvirlash (rivojlangan, rivojlanayotgan, mustamlaka).
   O‘quvchilarni yozuvsiz xarita bilan ishlashini o‘qituvchi muntazam ravishda nazorat qilib borishi zarur. Bajaradigan vazifalar muntazam baholanib bormog‘i lozim.
Yozuvsiz xaritalar tabiiy geografik, iqtisodiy geografik va siyosiy  geografik yo‘nalishda bo‘ladi. O‘quvchilar aynan mavzuga doir chiziqli xaritadan foydalanmog‘i lozim, aks holda ularni chiziqli xaritalar bilan ishlashi qiyinlashadi va ular  berilgan vazifani bajara olishmaydi.
Globus bilan ishlash texnologiyasi
  Globus Yerning kichraytirilgan modeli bo‘lganligi uchun unda geografik xaritalarda uchraydigan xatoliklar bo‘lmaydi. U teng masshtabli, tengburchakli va teng maydonli bo‘lgani uchun unda tasvirlangan geografik borliq, voqea va xodisalar to‘g‘ri va aniqligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun globuslar umumta’lim, o‘rta va oliy ta’limning deyarli barcha predmetlarini o‘rganishda albatta qo‘llaniladi.
   Globus yordamida o‘quvchilar ongida jahondagi yirik hududlarning tasviri o‘lchamlari va maydoni haqida to‘la va aniq tasavvurlar shakllanadi. Faqat globusdagina daraja to‘ri hech qanday xatoliklarsiz tasvirlanadi, paralellar va meridianlar orasidagi masofa joydagi masofaga mos keladi.
   Globusdan tabiiy geografiya, iqtisodiy geografiya hamda amaliy geografiya kurslari darslarini o‘tkazishda keng foydalaniladi.
  Tabiiy geografiya darslarida quyidagi mavzularni o‘rganishda globusdan foydalanish mumkin:
-Yerning shakli va o‘lchamlari;
-daraja to‘ri. Qutblar, ekvator, meridianlar, paralellar, geografik kengliklar va uzunlik;
-yrning o‘z  o‘qi atrofida hamda Quyosh atrofida aylanishi va uning oqibatlari;
-eng muhim ekspeditsiyalar, sayohatlar yo‘nalishi.
Iqtisodiy  va ijtimoiy geografiya darslarida quyidagi mavzularni globus yordamida o‘tish mumkin:
-jahon siyosiy xaritasi;
-qit’alar va alohida mintaqalar xaritasi;
- mamlakat maydonlarini, chegaralar uzunligini aniqlash;
-quruqlikda va suvda yo‘llarni yo‘nalishi va uzunligini aniqlash.
Globusdan tabiiy geografiya kurslarida ko‘proq foydalaniladi.
   Yerning shakli va o‘lchamlarini tabiiy geografik globuslarda o‘rganish mumkin. Bunda Yerning dumaloqligi va uning og‘irligi oson tushintiriladi. Yerning maydoni, aylanasining uzunligi globus masshtabidan foydalanib aniqlanadi. Masalan globusning  masshtabi 1:40 000 000 bo‘lsa globusdagi  1 sm oraliq Yer yuzasidagi 400 km ga teng ekanligi o‘quvchilarga tushuntiriladi. Shundan so‘ng globusning  ekvator bo‘yicha uzunligi santimetrlarda  yoki santimetrlarga bo‘lingan matoli metr bilan aniqlanadi. Santemetrda o‘lchangan globus aylanasining uzunligi globus masshtabiga ko‘paytiriladi. Masalan, globus aylanasining uzunligi 100 sm bo‘lsa unda globus aylanasining  (ekvatorning) uzunligi  100 sm x 400 = 40 000 km. Huddi shu taxlitda sinf o‘quvchilarining  yarmi ekvatordan shimoldagi, yarmi ekvatordan janubdagi paralellarni uzunligini aniqlashi mumkin. Bunda ular ekvatordan shimol va janub tomon paralellarni uzunligini kamayib borishini va qutblarda ular eng qisqa ekanligini bilib olishadi.
   Daraja to‘ri, parallellar, geografik uzunlik va kenglik tushunchalarini shakllantirishda ham globus katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Bunda har bir tushuncha masalan, ekvator, qutblar, meridian va paralellar bevosita globusda ko‘rsatilib tushuncha hosil qilinadi. Masalan, Yer sharini teng ikkiga bo‘lib turadigan, uni o‘rtasidan o‘tkazilgan chiziqqa ekvator deb ataladi deb o‘qituvchi globusdan  ekvatorni joylashishini ko‘rsatadi va undan shimoliy va janubiy qutblargacha so‘ng meridian, parallel, geografik koordinatalar tushunchalari xosil qilinadi va  tegishli mashqlar o‘tkaziladi.
   Yerni o‘z  o‘qi atrofida va Quyosh atrofida aylanishini ko‘rsatish uchun globus va lampadan foydalaniladi.  Bunda globus lampa atrofida aylantiriladi va  yoritish mintaqalarini xosil bo‘lishi tushuntiriladi. Globusni o‘z o‘qi atrofida aylantirib tong, tush, kech va qorong‘u tushunchalarini ko‘rsatish mumkin. Mazkur ishlar kecha va kunduzni, fasllar hosil bo‘lishini tushuntirishga imkon beradi.
  Mazkur tajribalar yordamida Quyosh nurlarini Yer yuzining turli joylarida turlicha burchaklarda tushishini, ya’ni ekvator atroflariga tik, qutblarga borgan sari tushish burchagi kamayib borishini va buning oqibatida Yer yuzasining turli joylari turli miqdorda issiqlik olishini hamda qutblarda yarim yil to‘xtovsiz Quyoshni botmasligi yoki chiqmasligini tushuntirish mumkin.
  Tabiiy geografik globuslarda eng muhim ekspeditsiya va sayohatlar yo‘nalishini ham tushirilgan. Mazkur ma’lumotlardan materiklar va okeanlar geografiyasini o‘rganishda foydalanish mumkin. Masalan, Amireka qit’asini kashf qilinishi va tekshirilish tarixini o‘rganish davomida X. Kolumb ekspeditsiyasi yo‘nalishlarini aniq va to‘la tushintirish mumkin.
  Iqtisodiy va ijtimoiy  geografiya darslarida globuslar ko‘proq jahon siyosiy xaritasini o‘rganishda davlatlarni joylashishi va maydonini aniqlashda, dengiz va quruqlikdagi yo‘llarni yo‘nalishi va uzunligini aniqlashda, yirik iqtisodiy va siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan portlarni  aniqlashda ishlatiladi.
  Bundan tashqari globuslar alohida materiklar, qit’alar, mintaqalar siyosiy xaritasini va ularda davlatlarni joylashishini va ularni o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganishda ham ishlatiladi.
Kartografik tasavvurlarni shakllantirish texnologiyasi
Kartografik tasavvurlarni shakllantirish geografik bilimlarni o‘zlashtirishda katta ahamiyatga ega. Kartografik  tasavvurlar quyidagi usullar yordamida shakllantiriladi: geografik borliq, voqea va hodisalarni xaritada ko‘rsatish; geografik voqea va hodisalarni nomlarini yozish; geografik borliq, voqea va hodisalar haqida o‘quvchilarga ma’lumot berish; didaktik materiallardan foydalinish; geografik diktantlar tayyorlash; turli xil xarita chizmalarini chizish; chiziqli xaritalar bilan ishlash; globus va turli xil xaritalar bilan ishlash.
  Geografik tasavvurlarni shakillantirshdan maqsad o‘quvchilar tomonidan geografik obyektlar va ularni nomlarini hamda  joylarini mustaykam o‘zlashtirishdir.
 Kartografik tasavvurlarni shakllantirish texnologiyasi quyidagi bosqichlardan iborat:
1. Xaritalar haqida tasavvur hosil qilish;
Dunyo xaritasi, yarimsharlar xaritasi, materiklar va okeanlar xaritasi, tabiiy geografik  o‘lkalar va  jahondagi davlatlar xaritalari. Xaritalar geografik borliq, voqea va hodisalarni kichraytirilgan tasviri ekanligi haqida tasavvurlarni shakillantirish.
2. Xaritalarning masshtablari haqida  tasavvurlarni shakillantirish. Masshtab bilan ishlash  yo‘llarini tushuntirish. Xaritalarni masshtabiga ko‘ra yirik, o‘rta va mayda masshtabli xaritalarga bo‘linishi haqida tasavvurlarni shakillantirish. Xaritalar masshtabi qancha mayda bo‘lsa undagi borliq, voqea va hodisalar shuncha kichraytirib tasvirlanishi haqida  tasavvurlarni shakllantirish.
3. Geografik xaritalarning shartli belgilari haqida tasavvurlarni shakillantirish. Shartli belgilarning turlari va ularni o‘qish va ulardan foydalanish texnologiyasini shakllantirish. Shartli belgilar asosida turli xil xaritalarni o‘qish, o‘lchash ishlari olib borish, ko‘nikmalarni shakllantirish.
4. Geografik xaritalarning matematik asosi (ekvator, meridian, parallel, daraja to‘ri, geografik kenglik va uzunlik, geografik koordinatalar) va ulardan  foydalanish texnologiyasini hosil qilish;
5. Geografik nomenklaturani o‘qitish va aniqlash texnologiyasidan foydalanish ko‘nikmasini shakillantirish. Geografik nomenklaturani va geografik obyektlarni Yer yuzasida joylashishini bilmasdan o‘quvchilar xarita bilan ishlay olishmaydi va o‘qituvchi dars jarayonida bergan bilimlarni o‘quvchilar o‘zlashtira olmaydi. Kartografik tasavvurlar tabiiy va iqtisodiy-ijtimoiy geografiyaning asoslarini o‘zlashtirishda va har bir insonni amaliy  faoliyatida katta ahamiyatga ega. Kartografik tasavvurlarni shakillantirish geografik ma’lumotlarni o‘rganish davomida amalga oshadi. Bunda o‘qituvchi o‘quvchilarning xotirasini turli xil turlariga suyansa (eshitish, ko‘rish, harakat, so‘z, mantiq) katta natija beradi.
  Geografik nomenklaturani o‘rganishda fazoviy tasavvurlarni shakillantirish muhim o‘rin tutadi.  Geografik nomenklaturani o‘rganishni ikkita muhim guruhga ajratishimiz mumkin: tabiiy geografik, iqtisodiy-ijtimoiy geografik. Tabiiy geografik nomenklaturaga tog‘lar, tekisliklar, daryolar, ko‘llar, okeanlar,  dengizlar,  qo‘ltiqlar, bo‘g‘izlar, okean osti tog‘ tizmalari, cho‘kmalar, vulqonlar, botqoqlar, tabiat zonalari, iqlim mintaqalari,  muzliklar, materiklar, qit’alar, o‘lkalar nomlari kiradi. Iqtisodiy geografik nomenklaturaga davlatlar, shaharlar, portlar, harbiy bloklar, sanoat rayonlari, foydali qazilma konlari, ko‘mir, neftь, gaz havzalari nomlari kiradi.
6. Kartografik tasavvurlarni shakllantirishda geografik yozma (diktant) ishlar muhim o‘rin tutadi. Bunda o‘qituvchi  bergan ma’lumotlar asosida geografik yozma ishlar tuzish, xaritalar yordamida turli xil  chizmalar yoki xarita - chizmalar chizish katta ahamiyatga ega. Dars davomida o‘qituvchi so‘zlagan geografik voqea va hodisalarni (tog‘lar, daryolar, shaharlar) chiziqli xaritaga tushirib borish va   h.k.

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.