Yuklanmoqda...

Semyon Dejnyov 

861

Semyon Dejnyov 

Semyon DEJNYOV
(1605-1675)
  Semyon Ivanovich Dejnyov - taniqli rus dengizchi-sayyohi, Shimoliy va Sharqiy Sibirning tadqiqotchisidir. U daniyalik rus sayyohi Vitus Beringdan 80 yil oldin Osiyo va Shimoliy Amerikani ajratib turuvchi Bering bo`g`izidan birinchi bo`lib o`tgan.
  S.Dejnyov 1605-yilda Rossiyadagi Veli­kiy Ustyug shahri yaqinidagi Pinege qishlog`ida tug`ilgan. Sibirdagi xizmatini To­bolsk shahrida oddiy kazak sifatida 1630-yilda boshlagan, keyinchalik Yeniseyskka, 1638-yilda esa Yokut (Yakutsk) shahriga kelgan. Bu yerda yasoq (soliq) yig`uvchi bo`lib xizmat qilgan chog`ida Aldan, Yuqori Yana daryolari havzalarida, 1641-yilda esa Indigirka daryosining chap irmog`i Oymyakon daryosi havzasida bo`lgan. 1640-1642-yillarda Shimoliy Sibirdagi turli mo`ynali hayvonlarning yashash joylarini aniqlash maqsadida amalga oshirilgan safar davomida bir qator yerlarni kashf qilishda ishtirok etgan.
  1643-yilning yozida S.Dejnyov ikki nafar hamrohi bilan Ko­lima daryosining quyilish qismigacha borib, bu yerda Nijnekolimsk qarorgohi (ostrogi)ga asos soldilar. Kolimada 1647-yilgacha bo`lgan. 1648-yilning yozida esa S.Dejnyov hamrohlari bilan dengizga chiqib, suv yo`li orqali Anadir daryosigacha borishga urinib ko`rdi. Ammo Kolima daryosining quyilish qismida suzib yuruvchi yirik muzlar tufayli yana Nijnekolimsk qarorgohiga qaytib kelgan.
  1648-yil 20 iyunda S. Dejnyov yana ochiq dengizga chiqdi. Safar davomida ko`p qiyinchiliklarni boshdan kechirgan. O`sha yili sen­tyabr oyida Chukotka yarimorolini shimoldan aylanib o`tib, Osiyo va Shimoliy Amerikani ajratib turuvchi bo`g`izdan suzib o`tgan. Katta Chukotka burnida (keyinchalik Dejnyov burni) sayyohlar bir oz muddat to`xtab, bo`g`izdagi orollarda yashovchi eskimoslarning mehmoni bo`lishgan.
   1949-yilda S. Dejnyov Anadir daryosining quyilish qismidagi qirg`oqqa kelib, shu joyda Anadir qarorgohiga asos soldi. Bu yerda u 1659-yilgacha yashab, Anadir daryosi havzasini tadqiq etgan, xaritasini tuzgan va shuningdek, Anyuy daryosining ba’zi qismlarini o`rgangan.
 O`zining amalga oshirgan tadqiqotlari haqida S. Dejnyov Yakutskdagi tegishli mahkamalarga hisobot yozib bergan. Jumladan, Bering bo`g`izidan o`tganligi haqida Yakutsk voyevodasi I. Akinfovga shun­day yozadi: «eskimoslar yashaydigan orollar yonidan dengiz-okean orqali o`tdim va «Katta yerning» (Osiyoning) qirg`oqlari hech qayerda «Yangi Yer» (Amerika) bilan tutashmagan».
  Tarixda birinchi marta ushbu bo`g`izdan suzgan va uni kashf et­gan S.Dejnyov muhim geografik masalani hal qildi. Chunki mazkur sayohat natijasida Amerikaning mustaqil kontinent ekani va Yevropadan Xitoyga Shimoliy dengiz yo`li orqali borish mumkinligi isbotlangan. Ammo sayyohning hisoboti Yakutskda qolib ketgan va keng jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.
  Yevropa mamlakatlarida ushbu kashfiyot haqidagi ma’lumotning bo`lmaganligi sababli, Amerika va Osiyo o`rtasidagi bo`g`izning kashfiyotchisi, degan nom Vitus Beringga nasib etgan va ushbu bo`g`izga uning nomi berilgan.
  XVIII asrning o`rtalarida tarixchi G.Miller Yoqutiston ar­xivida S.Dejnyovning hisobotini ko`rib qoldi. Ana shu vaqtdan buyon sayyoh haqida bir qancha asarlar yozilib, tarixiy tadqiqotlar o`tkazilishi boshlangan. 1898-yil­da S.Dejnyov sayohatining 250 yilligi munosabati bilan Rus geo­grafiya jamiyati qaroriga binoan Chukotka yarimorolidagi Bolshoy Kamenniy burni Dejnyov nomi bilan atalgan va jasur sayyohga haykal o`rnatilgan.
  Semen Dejnyov nafaqat ja­sur sayyoh, balki mohir diplomat ham edi. Yoqut tilini yaxshi bilgan va hech qanday urush-janjalsiz yoqutlarning turli urug`lari o`rtasidagi mojarolarni hal etgani haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Sayyoh xotirasiga hurmat tariqasida Shimoliy Muz okeanidagi orol, yarimorol, qo`ltiq va Yoqutistondagi qishloq uning nomi bilan atalgan. Sayyohning vatani Velikiy Ustyug shahrida va Rossiya shon-sharaf bog`ida unga haykal o`rnatilgan.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash