Yuklanmoqda...

Yevrosiyo iqlimi va uning xususiyatlari 

1216

 Yevrosiyoning iqlimi boshqa materiklar iqlimiga qaraganda ancha xilma-xil.Materik iqlimining xususiyatlari, avvalo, Yevrosiyo hududining shimoldan janubga va g‘arbdan sharqqa qarab juda katta masofaga cho‘zilganligiga bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, okeanlardan keladigan havo massalariga va relyefiga bog‘liq.
Geografik kenglikning iqlimga ta'siri.
 Quruqlikning shimoldan janubga qarab uzoq masofaga cho‘zilganligi issiqlikning taqsimlanishiga katta ta'sir ko‘rsatadi. Yevrosiyoda iyul oyining o‘rtacha harorati ancha yuqori. Uning shimolida bu harorat +12°C ga va janubida +28°C ga teng. Arabiston yarimorolida esa +32°C ni tashkil etadi. Qish materikning g‘arbida iliq, lekin shimoli-sharqida juda sovuq bo‘ladi. Ayniqsa Sibirda yanvar oyining o‘rtacha harorati -48°C gacha pasayadi. Ayrim kunlari bu harorat Oymyakonda -71°C ga tushib ketgan. Shuning uchun bu yer Shimoliy yarimsharning «sovuqlik qutbi» deb ataladi. Qish Yevropaning janubi-g‘arbida iliq, Osiyoning janubida esa issiq (+20°C) bo‘ladi.
Asosiy iqlim elementlaridan hisoblangan yog‘in miqdori ham materik ichkarisi tomon kamayib boradi. Masalan, O‘rta va Markaziy Osiyo hududlaridan qaysi tomonga yurishingizdan qat'iy nazar yog‘in ko‘payib boradi. Dunyodagi eng ko‘p yog‘in tushadigan joy Cherrapunja rayonidir. Bu yerda o‘rta hisobda yiliga 12 665 mm yog‘in yog‘adi. 1856 yilda bu yerga 23 000 mm ga yaqin yog‘in tushgan.
Okeanlarning iqlimga ta'siri.
 Yevrosiyoda iqlim sharoiti faqat kenglik bo‘ylab o‘zgarib qolmasdan, balki g‘arbdan sharqqa tomon ham o‘zgaradi. Iqlimning bunday o‘zgarishiga asosiy sabab, Yevrosiyo materigining g‘arbiy qismi doimo Atlantika okeanidan keladigan iliq va nam dengiz havo massasi ta'sirida bo‘lganligidir. Natijada, G‘arbiy Yevropada yog‘in ko‘p yog‘adi. qish ancha iliq, yoz esa salqin bo‘ladi. Bunday iqlim sharoiti, ayniqsa, mo‘'tadil mintaqada yaqqol namoyon bo‘ladi.
 Sharqqa borgan sari dengiz havo massasining tarkibida namlikning kamaya borishi natijasida yog‘ingarchilik miqdori ham kamayadi, iqlimning kontinentalligi orta boradi , yoz oylarining harorati ko‘tariladi, qishning harorati esa juda pasayadi, natijada qish va yoz oylarining haroratlari o‘rtasida katta farq vujudga keladi.
 Materikning sharqiy chekkalarida iqlim yana o‘zgaradi. Bunga sabab Tinch okeandan keladigan dengiz havo massasidir. Lekin bu yerda okean bilan quruqlikning o‘zaro ta'siri Yevrosiyoning g‘arbiy qismiga nisbatan mavsumiy xarakterga ega. Yozda Tinch okeandan keladigan dengiz havo massasi, ya'ni yozgi musson shamollari o‘zi bilan ko‘p miqdorda yog‘in keltiradi. Qishda materik ustida, ayniqsa, Markaziy Osiyoning katta qismida yuqori havo bosimi oblasti tarkib topadi, natijada ob-havo quruq va ochiq bo‘ladi, yog‘in kam tushadi, sovuq havo hukmronlik qiladi. O‘zbekiston hududida ham ana shunday ob-havoning kuzatilishiga Markaziy Osiyo antisikloni sababchidir.
Relyefning iqlimga ta'siri.
 Yevrosiyo yer yuzasining tuzilishi ham iqlimning hosil bo‘lishiga katta ta'sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, baland tog‘ tizmalari atmosferada harakat qilayotgan iliq va sovuq havo massalarini to‘sib qolib, iqlimning keskin o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Bunday holni Alp, Kavkaz, Tyanshan, Himolay tog‘lari misolida ko‘rish mumkin. Bu tog‘ tizmalari g‘arbdan sharqqa tomon cho‘zilgan bo‘lib, shimoldan keladigan sovuq shamollarning janubga o‘tishiga to‘sqinlik qiladi. Masalan, Kavkaz tog‘larining shimoliy yonbag‘ri mo‘'tadil, janubiy yonbag‘ri esa subtropik iqlim mintaqasiga qaraydi. Atlantika okeanidan keladigan sernam havo massalari yo‘lida to‘siqqa uchramay, materikning ichkari qismlarigacha kirib boradi. Lekin Kavkaz tog‘ining janubida tog‘lar to‘sib qoladi va yiliga 3 500 mm yog‘in yog‘adi. Qish oylarida ham Kolxida pasttekisligiga qor yog‘maydi. Sababi: Katta Kavkaz tog‘lari Arktikaning sovuq havo massalarini to‘sib qoladi. Bu yerlar nam subtropiklardir. Yevrosiyo tog‘larida iqlim sharoiti balandlik mintaqalari bo‘yicha ham o‘zgaradi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash