Shimoliy Amerika tabiiy-geografik o‘lkalari. Aholisi 

1817

Tabiiy-geografik o‘lkalari.
  Shimoliy Amerika tabiatining xilma-xilligi uni ikkita yirik qismga bo‘lishga imkon beradi. Bular: 1. Sharq - tekislik o‘lkasi va 2. G‘arb-Kordilyera tog‘li o‘lkasi. O‘z navbatida bu o‘lkalar ko‘pgina tabiiy-geografik oblastlarga ajratilgan. Quyida shulardan ayrimlariga tavsif beramiz.
 Alyaska va Kanada Kordilyera tog‘lari. Alyaska bir necha parallel tog‘lardan tashkil topgan bo‘lib, ular bir-biridan chuqur vodiylar bilan ajralib turadi. Materikning eng baland cho‘qqisi Mak-Kinli (6194 m) shu yerda joylashgan. Alyaska yarimorolida va Aleut orollarida kuchli zilzilalar bo‘lib turadi, o‘nlab harakatdagi va so‘ngan vulqonlar bor. Bu tog‘lardan oltin, kumush, rangli metallar, neft va toshko‘mir qazib olinadi.
  Alyaska va Kanada Kordilyera tog‘larining g‘arbiy sohilida iqlim dengiz iqlimi bo‘lganligidan yog‘ingarchilik ko‘p bo‘ladi. Shu sababli, ignabargli qalin o‘rmonlar o‘sadi. Ichki yassitog‘liklarda tog‘-tundra o‘simliklari rivojlangan. Tog‘-tundralarida shimol bug‘usi, qutb tulkisi, lemminglar yashaydi. O‘rmonlarda los, grizli ayig‘i, puma, qoplon, tog‘ qo‘yi uchraydi.
  Kordilyera tog‘li o‘lkasida yana Katta Havza va Kolorado platosi joylashgan. Ularning tabiat komplekslari uncha baland bo‘lmagan tog‘ tizmalaridan, so‘ngan vulqon konuslaridan va chuqur botiqlardan tarkib topgan. Tog‘lar orasida suvsiz cho‘ldan iborat eng chuqur Ajal vodiysi (-86 m) joylashgan. Ajal vodiysi Shimoliy Amerikaning eng issiq va yog‘in kam yog‘adigan rayonidir. Katta Havza bilan Kolorado platosida cho‘l va chalacho‘llarga xos shuvoqlar, turli butalar, sho‘ra o‘simliklari o‘sadi. Yovvoyi hayvonlardan bizon, antilopa, kemiruvchilar va sudralib yuruvchilar yashaydi.
Aholisi.
 Shimoliy Amerikaning aholisi 551 mln kishi (2012-yil, Markaziy Amerika bilan). Tub joy aholisi indeyetslar, eskimoslar va aleutlardir. Ular hozir ozchilikni (20 mln kishini) tashkil etadi. Materikning tub joy aholisi 25-30 ming yil avval Yevrosiyodan Bering bo‘g‘izi orqali kelgan. Keyinchalik, Janubiy Amerikaga ham asta-sekin tarqalishgan.
 Yevropaliklar kelmasdan avval eskimoslar, aleutlar, asosan, ovchilik, baliqchilik bilan, indeyetslar esa ovchilik, chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanishgan.
 Shimoliy Amerikaga xuddi Janubiy Amerika singari X.Kolumb kashfiyotidan so‘ng yevropaliklar guruh-guruh bo‘lib kela boshladilar. Arzon ishchi kuchi tariqasida Afrikadan ko‘plab negrlarni sotib olib kelishdi. Hozir ularning umumiy soni taxminan 25 mln kishi atrofida. Ularning asosiy qismi AQSh ning janubida. Meksika va Markaziy Amerikada mulatlar va metislar ko‘pchilikni tashkil etadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash