Yuklanmoqda...

Shimoliy Amerikaning iqlimi va ichki suvlari 

1631

Iqlimi.
  Materikning shimoldan janubga uzoq masofaga cho‘zilganligi iqlimning xilma-xil bo‘lishiga sabab bo‘lgan. Iqlimning shakllanishida Tinch, Atlantika va Shimoliy Muz okeanlari tomonidan esadigan shamollar, shuningdek, Kordilyera tog‘lari va tekisliklarning mavjudligi katta ta'sir etadi. Masalan, bir tomondan, Labrador va Kaliforniya oqimlari havo haroratini pasaytirib, yog‘ingarchilikni kamaytiradi. Ikkinchi tomondan, Shimoliy Tinch okean va Golfstrim iliq oqimlari havo haroratini ilitib, yog‘inlarning ko‘p yog‘ishiga sabab bo‘ladi. Arktikadan esadigan sovuq shamollar qishda Meksika qo‘ltig‘iga qadar yetib keladi va qor yog‘ishiga olib keladi. Kordlilyera tog‘ tizmalari Tinch okeandan esadigan havo massalarini to‘sib qo‘yadi. Natijada, baland tog‘ oralig‘idagi botiqlarda yog‘in juda kam yog‘adi. 
 Materikda 6 ta iqlim mintaqalari tarkib topgan. Shimolda arktika iqlim mintaqasi katta maydonlarni egallaydi. Deyarli yil davomida havo harorati manfiy bo‘ladi. Ayrim kunlari yozda harorat + 5°C gacha ko‘tariladi, xolos. G‘arbida 50-100 mm, sharqida esa 300-400 mm gacha yog‘in yog‘adi.
 Subarktika iqlim mintaqasi hududi yozda mo‘'tadil, qishda arktika havo massalari ta'sirida bo‘ladi.  Yanvarning o‘rtacha harorati -25°C dan -30°C, iyulda +5°C dan +7°C gacha kuzatiladi. Namgarchilik sharqdan g‘arbga kamayib (300-600 mm) boradi.
 Mo'tadil iqlim mintaqasi katta maydonlarni egallaganligi uchun iqlimiy sharoiti turlicha, yog‘in miqdori sharqdan g‘arb tomonga kamayib boradi (1500-1000 mm). Bu mintaqaga ko‘proq dengiz iqlimi xos. Arktika sovuq havo massalarining ta'siri ham kuchli. 
 Subtropik iqlim mintaqasi 40° sh.k. dan Meksika qo‘ltig‘i oralig‘idagi hududlarni egallaydi. Issiq, sernam yoz va iliq, sernam qish bu mintaqaning asosiy xususiyatidir. Tinch okean qirg‘oqlari O‘rtadengiz subtropik iqlim tipiga xos bo‘lib, sovuq Kaliforniya oqimi ta'sir etadi. Qishi iliq (+6°C dan +8°C gacha), nam (400-500 mm) keladi, yozi esa quruq va iliq bo‘ladi.
  Tropik iqlim mintaqasi yil davomida issiq bo‘lib, Atlantika okeani havo massalarining hukmronligi sezilib turadi. Yozda namgarchilik ko‘p bo‘ladi. Faqat mintaqaning g‘arbida (Kaliforniya yarimorolida) quruq, tumanli kunlarni kuzatish mumkin.
  Subekvatorial iqlim mintaqasi materikning eng janubiy tor qismida uchraydi. Bu yerda o‘rtacha yillik harorat yuqori (+25°C) va namgarchilik ko‘p (1500-2000 mm). Tinch okeandan esadigan ekvatorial mussonlarning ta'sirida tog‘larning g‘arbiy yonbag‘riga ko‘p yog‘in yog‘adi. 
Ichki suvlari.

 Yer usti suvlari uchta okean havzalariga va qisman berk havzaga bo‘linadi. Asosiy daryo va ko‘llari Atlantika, Shimoliy Muz okeani va qisman Tinch okean havzasiga tegishli.
 Materikning eng yirik daryosi Missisipi (hindular tilida «katta daryo»)dir. Bu daryo Qoyali tog‘lardan, Markaziy va Buyuk tekisliklardan hamda Appalachi tog‘idan boshlanadi. Missisipi daryosining o‘rta qismida o‘zidan uzun bo‘lgan Missuri («loyqa daryo») irmog‘i kelib quyiladi. Missurining deltasi har yili Meksika qo‘ltig‘i tomon 100 m o‘sib boradi. Daryo qor-yomg‘ir suvidan to‘yinadi. Avliyo Lavrentiy daryosi quyi oqimida uzun va keng estuariy (lot. daryoning suv bosgan quyi qismi) hosil qiladi.
 Kordilyera tog‘laridan boshlanib, Meksika qo‘ltig‘iga quyiladigan Rio-Grande daryosi bor. Materik ko‘llari, asosan, muz hosil qilgan chuqurliklarda paydo bo‘lgan. Beshta ko‘l, ya'ni Yuqori, Guron, Michigan, Eri, Ontario ko‘llari Buyuk ko‘llar deb ataladi. Ular kattaligiga ko‘ra, shu tartibda bir-biriga kaskad bo‘lib tutashgan. Faqat Eri va Ontario ko‘llari oralig‘ida millionlab turistlarni o‘ziga jalb qiladigan mashhur Niagara sharsharasi bor. Unga GES qurilgan.
 Shimoliy Muz okeaniga quyiladigan daryolardan eng yirigi Makenzi daryosidir. Qoyali tog‘lardan boshlanadigan boshqa daryolar kabi qor va muzdan to‘yinadi. Tekislikdan boshlanadigan ko‘plab kichik daryolar qor suvidan to‘yinadi. Daryolar qishda muzlaydi. Bahor va yozda toshadi.
  Havzada eng yirik Katta Ayiq va Vinnipeg ko‘llari joylashgan.
 Tinch okean havzasidagi daryolarga Yukon, Kolorado, Freyzer, Kolumbiya kabi qisqa va sersuv, vodiylari tor va chuqur, suv oqimi shovqinli daryolar xos. Kolorado daryosiningKatta Kanyon darasi dunyoga mashhurdir.
  Shimoliy Amerikaning berk havzasiga Katta Havza tog‘ligi tegishli bo‘lib, unda Katta Sho‘r ko‘l bor. Uning maydoni iqlimiga bog‘liq holda yildan yilga o‘zgarib turadi.
  Grenlandiya, Kanada-Arktika arxipelagi, Kordilyera tog‘laridagi muzlar egallagan maydon 2,2 mln kv. km dan oshadi. Alyaskadagi tog‘-vodiy muzligining uzunligi 145 km ga boradi. Bu Yer sharidagi eng uzun Xabbort muzligidir.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash