Yuklanmoqda...

Okeaniya 

2159

  Okeaniya - bepoyon suvli maydonlarda sochilib yotgan orollar dunyosi, suv tagidan hisoblansa, harakatdagi eng baland vulqoni bor, zaharli ilonlari, yirtqichlari va yirik sutemizuvchi hayvonlari yo‘q, yagona uch ko‘zli kaltakesak shu yerda yashaydi, endemik organizmlari ko‘p, quruqlikka nisbatan suvli muhit eng ko‘p maydonni (98%) egallaydi. Quruqlikning 90% maydoni ikki orolga to‘g‘ri keladi.
  Geografik o‘rni. Geograf olimlar Okeaniya tabiatining rang-barangligiga asoslanib, uni alohida qit‘a deb ajratishadi. Tinch okeanning markaziy va g‘arbiy qismlarida sochilib yotgan katta-kichik orollar Okeaniya deb ataladi.
  O‘zi egallagan maydonga nisbatan quruqlik atigi 2% ni tashkil etganligi uchun ham Okeaniya nomini olgan. Okeaniya o‘z tarkibiga 7 mingdan ortiq orollarni birlashtiradi. Orollarning umumiy maydoni atigi 1,3 mln km kv. 
  Okeaniya hududi tabiiy-geografik va etnografik farqlariga asoslanib, uchta qismga bo‘linadi. 1. Melaneziya (yunoncha melos - qora, nesos - orol, ya'ni qora orollar). 2. Mikroneziya (yunoncha kichik orollar). 3. Polineziya (yunoncha ko‘p orollar).
 Okeaniya to‘g‘risidagi ma'lumotlar yevropaliklarga F.Magellan sayohatidan (1521-y.) keyin ma'lum bo‘lgan. J.Kuk (1771-1773) ko‘plab orollarni xaritaga tushirib tavsif bergan. XIX asrda ruslar 40 marotaba ekspeditsiya uyushtirgan.
Geologik tuzilishi va relyefi.
 Orollarni geologik tarixi va qanday jinslardan tuzilganligiga ko‘ra bir necha guruhlarga bo‘lish mumkin. Materik orollari (Yangi Gvineya, Yangi Zelandiya), vulqonli orollar (Gavayi, Pasxa, Tuamotu), geosinklinal orollar (Mariana, Yangi Kaledoniya). Bulardan tashqari, Okeaniyada biogen (marjon, atoll, rif) orollar ko‘p uchraydi. Okeaniyaning eng baland nuqtasi Yangi Gvineya orolidagi Jaya cho‘qqisi (5030 m) hisoblanadi.
Okeaniyadagi asosiy qazilma boyliklarga rangli metall rudalari, ko‘mir, fosforit, boksit, neft (Yangi Gvineya, Yangi Zelandiyada) va boshqalar tegishli.
Iqlim mintaqalari.
 Deyarli barcha orollar ekvatorial, subekvatorial va tropik iqlim mintaqalarida joylashgan. Faqat Yangi Zelandiya va unga yaqin bo‘lgan orollar subtropik va mo‘'tadil iqlim mintaqalariga to‘g‘ri keladi. Umuman, Okeaniya iqlimi iliq, yumshoq bo‘lib, haroratning tebranishi fasllar bo‘yicha kecha va kunduzda ham katta emas. Kunduz tush paytida +30°C, kechasi +23°C ni tashkil etadi. Yog‘inlar ko‘p yog‘adi, o‘rta hisobda 3000-4000 mm. Gavayi orolidagi tog‘larning shamolga ro‘para yonbag‘irlariga yiliga 12500-14000 mm yog‘in yog‘ishi kuzatilgan. Bu yer yuzidagi eng ko‘p yog‘in yog‘gan joydir.
O‘simliklar va hayvonot dunyosi.
 Orollarning asosiy qismi doimiy yashil nam o‘rmonlar va savannalar bilan qoplangan. Daraxtlardan qimmatlisi kokos va sago palmalari, kauchukli daraxt, banan, iii va qovun daraxtlari, mango, shakarqamish, Yangi Zelandiyada daraxtsimon paporotniklar, kauri tilog‘ochi, karam daraxti, zig‘ir va boshqa endemiklar o‘sadi. Tog‘larning shamolga ro‘para bo‘lgan yonbag‘irlarida, tekisliklarda qalin o‘rmonlar bo‘lsa, teskari tomonida savannalar hosil bo‘lgan.
 Hayvonot olami o‘ziga xos. Yangi Gvineya va unga yaqin orollarda kazuar tovug‘i (emu oilasiga mansub), Yangi Zelandiyada bo‘yi 3 m keladigan moa tovug‘i, uch ko‘zli kaltakesak, kivi tovug‘i, barcha orollarda dengiz qushlari juda ko‘p (albatros, bo‘ron qushi, baliqchi gush). Orollarga keltirilgan kalamush, yovvoyilashgan mushuk, echki, quyon tabiatga juda katta zarar keltirmoqda.
Aholisi.
 Okeaniyada 15 mln aholi yashaydi (2012-yil). Yangi Zelandiyada tub joy aholisi maorlar jami aholining 9% ini tashkil etadi. Asosiy aholisi ingliz — yangi zelandiyaliklardan iborat. Yangi Zelandiya, Yangi Kaledoniya, Yangi Gvineya, Gavayi orollarida kelgindilar ko‘p. Bu yerda aholining ko‘pchiligi shaharlarda yashaydi. Boshqa orollarda qishloq aholisi ko‘pchilikni tashkil etadi. Mahalliy aholi kokos palmasi, banan, shakarqamish, ananas, kofe, kakao yetishtiradi. Baliqchilik, o‘rmonchilik, turistlarga xizmat ko‘rsatish, dengizdan dur olish, rangli metall rudalari, ko‘mir, neft qazib chiqarishda ishlashadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash