Yuklanmoqda...

Afrika iqlimi: tarkib topishi va xususiyatlari 

1292

  Iqlimning tarkib topishi.
  Afrika deganda dastlab jazirama issiqda chiniqqan, qora tanli, jingalak sochli odamlar ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Haqiqatan ham Afrikaga «issiq materik» nisbati bejiz berilmagan. Tropiklar oralig‘ida Quyosh ufqdan juda balandda va har yili ikki marta zenitda bo‘ladi. Shuning uchun uning juda katta qismida xohlagan oyning o‘rtacha harorati +20 C dan ortiq. Hatto eng shimoliy va janubiy qismlarida qish oyining o‘rtacha harorati +10-15 C dan pastga tushmaydi.
  Afrika iqlimining tarkib topishida uning geografik o‘rni, havo bosimi va massalari, relyefi, okean oqimlari kabi omillar kuchli ta'sir ko‘rsatadi. Ekvatorga yaqin joylashgan o‘rniga ko‘ra juda katta miqdorda quyosh radiatsiyasini (yiliga bir sm.kv ga 160-200 kkal) oladi. Yil fasllari yog‘in miqdoriga qarab farqlanadi. Ekvatorial hududlarda past bosimli mintaqalar, tropik kengliklarda esa yuqori bosimli mintaqalarning tarkib topishi Quyoshning balandligiga bog‘liq. Shunga binoan materik ustida ekvatorial, tropik va mo‘'tadil havo massalari harakatlanadi.
 Materik iqlimining shakllanishida doimiy shamollar - passatlarning ta'siri kuchli.Shimoli-sharqiy passatlar materikka yog‘in keltirmaydi. Aksincha, Hind okeanidan esadigan janubi-sharqiy passatlar ko‘p yog‘in keltiradi. Subtropik kengliklarga qish oylarida yog‘in-sochinni mo‘'tadil havo massalari Atlantika okeanidan keltiradi. Yil davomida Atlantika okeanidan esadigan nam havo massalari Gvineya qo‘ltig‘i sohillari va ekvatorial zonalarga juda ko‘p yog‘in keltiradi. Masalan, Gvineya qo‘ltig‘i sohilidagi Debunja shahriga 10 000 mm gacha yomg‘ir yog‘adi.
 Yog‘inlar taqsimotiga relyef shakllari ta'sir etadi. Nam havo massalarining yo‘nalishiga ro‘para turgan tog‘ yonbag‘irlariga ko‘p yog‘in tushadi. Masalan, Sharqiy Afrika yassitog‘ligining g‘arbiy yonbag‘irlariga, Madagaskar orolining sharqiy qismlariga 3000-5000 mm yog‘in tushadi.
 Okean oqimlari materik iqlimini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Agar sohil bo‘yida sovuq oqim bo‘lsa, yog‘in yog‘maydi va cho‘l iqlimi tarkib topadi (masalan, Namib, Somali). Kanar, Bengela sovuq oqimlari ustidan esadigan shamollar materikka sovuq havo olib keladi. Lekin yuqoridagi havo iliq bo‘lishiga qaramasdan, qirov va tumanlar hosil bo‘lsa-da, yog‘in yog‘maydi. Natijada qurg‘oqchil cho‘llar tarkib topadi.
Iqlim xususiyatlari.
  Afrika iqlimining asosiy xususiyatlari yuqorida ko‘rib o‘tilgan omillar bilan uzviy bog‘liq. U - eng issiq materik. Bu uning katta qismi yoritilish mintaqasida joylashganligidandir. Sayyoramizdagi eng issiq harorat shu yerda kuzatilgan (Tripoli shahri yonida +58 C). Lekin eng baland tog‘larda doimiy qor va muzliklar bor. Afrika iqlimining o‘ziga xos xususiyatlari iqlim mintaqalarida yaqqol namoyon bo‘ladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash