Yuklanmoqda...

Afrikaning geografik o`rni va o`rganish tarixi 

2744

Asosiy xususiyatlari.

  Ekvator o‘rtasidan va bosh meridian g‘arbidan kesib o‘tgan yagona materik, eng katta cho‘llar bor, eng issiq materik, eng yuqori harorat kuzatilgan, eng uzun va Sharqiy yarimsharning eng sersuv daryolari bor, eng pakana «o‘rmon odamlari«, eng yirik maymunlar, eng yirik sutemizuvchilar yashaydi, qirg‘og‘i eng kam parchalangan, Buyuk Afrika yer yorig‘i bor, har ikkala kengliklar bo‘yicha iqlim mintaqalari va tabiat zonalari takrorlanib joylashgan, chuchuk suvli eng uzun (650 km) va chuqur ko‘li, eng uzun bo‘g‘izi bor, olmos qazib chiqarishda dunyoda birinchi o‘rinda.
  Ma'lumki, Yer sharida okeanlar va materiklar turlicha taqsimlangan. Jumladan, Shimoliy yarimsharning 39% i, Janubiy yarimsharning esa 19% i quruqlikdan iborat. Agar globusni ko‘proq materiklar hududiga to‘g‘rilansa, «Materiklar yarimshari» hosil bo‘ladi. Ushbu yarimsharda quruqlik 53% maydonni egallaydi. Shularga asoslanib, keyingi paytda olimlar «Materiklar yarimshari»ni ajratishmoqda.
Geografik o‘rni.
  Afrika - to‘rtta yarimsharda joylashgan yagona materik. Ekvator Afrikani teng ikkiga bo‘lib turadi. Uning shimoliy va janubiy chekka nuqtalari ekvatordan deyarli teng masofada joylashgan. Gibraltar bo‘g‘izi orqali Yevropa, Suvayish bo‘yni orqali Osiyo qit'alari bilan tutashib turadi. Materikning shimoliy va g‘arbiy sohillarini Atlantika okeani suvlari, shimoli-sharqiy va sharqiy sohillarini esa Hind okeani suvlari yuvib turadi. Afrikaning qirg‘oqlari kam parchalangan bo‘lib, uzunligi 30500 km ga teng.
Afrika shimoldan janubga torayib boradi. Shimoliy qismining eni (Almadi va Ros-Xafun burunlari oralig‘i) 7500 km bo‘lsa, janubining eni 3000 km ga teng. Materik sharqida yirik Somali yarimoroli va Mozambik bo‘g‘izi bilan ajralgan Madagaskar oroli joylashgan. G‘arbida eng yirik Gvineya qo‘ltig‘i bor.
O‘rganish tarixi.
  Afrika materigi dastlab Liviya deb atalgan. Olimlarning fikricha Afrika so‘zi eramizdan avvalgi II asrdan qo‘llanilgan. Fransiyalik olim Gaffarel va boshqalarning fikriga ko‘ra, materikning shimoli-g‘arbiy qismida (Tunis, Marokash yerlari) yashagan qadimgi berberlarning afarik qabilasi nomidan olingan.
 Afrika sivilizatsiyaning beshigi hisoblanadi. Unda 3,4 mln yil avval odamlar yashaganligi arxeolog olimlar tomonidan aniqlangan. 6000 yil avval Nil daryosi vodiysining hosildor yerlarida ilk sivilizatsiya tarkib topgan. Muhandislik san'atining nodir asarlaridan hisoblangan piramidalardan biri eramizdan avvalgi 2500-yillarda qurib bitkazilgan. Ular Dunyoning yetti mo‘jizasi dan biridir.
  Afrika tabiatini, aholisining urf-odatlarini, xo‘jaligini o‘rganishda mashhur marokashlik sayyoh Ibn Battutaning alohida o‘rni bor. U Afrikaning shimoliy va sharqiy sohillarini, Nil havzasini, Sahroyi Kabirning g‘arbiy qismini, Niger daryosining yuqori oqimidan o‘rta oqimigacha (1325-1349-yy.) o‘rgangan.
  XV asr gollandiyaliklarning Afrikani o‘rganishida muhim bosqich bo‘lsa-da, unga qora kunlarni - qullar savdosini keltirdi. 1487-yilda Bartalomeo Diash Afrikaning janubidagi Yaxshi Umid burniga qadar Atlantika okeani sohillarini o‘rgandi. 1497-1498 yillarda portugaliyalik Vasko da Gama Afrikani janubdan aylanib o‘tib, 1498-yil 20-mayda Hindistonning Kalkutta portiga yetib keldi. U yevropaliklar uchun Hindistonga boradigan dengiz yo‘lini kashf etdi.
  Afrikaning ichki qismi tabiatini o‘rganishda ingliz tadqiqotchisi Devid Livingstonning xizmatlari katta bo‘ldi. U Kalaxari cho‘lini, Zambezi daryosini, Kongo daryosining yuqori oqimlarini, Nyasa, Tanganika ko‘llarini o‘rgandi. Zambezi daryosidagi sharsharaga Viktoriya nomini berdi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash