Yuklanmoqda...

Dunyo okeani, uning qismlari va okean tubi relyefi 

4789

  Dunyo okeani Dunyo okeani Yer sharining 361 mln km.kv maydonini egallaydi. Suv Yer yuzasining Shimoliy yarimsharda 61% ini, Janubiy yarimsharda 81% ini qoplagan. Yerni Shimoliy, Janubiy, G‘arbiy va Sharqiy yarimsharlarga ajratilishidan tashqari, yana okeanlar yarimshari va materiklar yarimshariga ham bo‘linadi. Okeanlar yarimsharida Yer yuzining 90,5% qismini suv qoplagan.
  Dunyo okeani, uni o‘rganish tarixi va qismlari. Olimlarning fikricha, «okean» atamasi finikiyaliklar so‘zidan olingan bo‘lib, yunoncha «qirg‘oqsiz dengiz», «Yerni aylanib oquvchi buyuk daryo» degan ma'noni anglatadi. Dunyo okeani atamasini rus olimi Y.M.Shokalskiy 1917 yilda fanga kiritdi. Yer sharining uzluksiz suvli qobig‘i Dunyo okeani deb ataladi.Uni okeanosfera deb ham atashadi.
Dunyo okeanini o‘rganish tarixi.
  Buyuk geografik kashfiyotlar davri (XV asrning ikkinchi yarmi XVII asrning birinchi yarmi)dan boshlanadi. Bu davrda X.Kolumb, J.Kabot, Vasko da Gama, Amerigo Vespuchchi, F. Magellan, F. Dreyk, V. Yanszon, A. Tasman va boshqalar Dunyo okeanida suzishib, muhim kashfiyotlar qildilar. Shu bilan birga, oqimlar, materik va orollar, quruqlik qirg‘oqlari, suvning sho‘rligi, harorati, hayvonot olami to‘g‘risida qimmatli ma'lumotlar to‘pladilar. XVII-XIX asrlarda okeanni tadqiq etish ilmiy yondashuv asosida olib borildi. Jumladan, J. Kuk, I.V.Kruzenshtern va Y.F.Lisyanskiy, F.F.Bellinsgauzen va M.P.Lazarev, S.O.Makarov, «Chellenjer» kemasi a'zolari Dunyo okeani geografiyasi uchun eng zarur ma'lumotlar to‘pladilar. Masalan, «Chellenjer» ekspeditsiyasi natijalari «Okeanografiya» faniga asos soldi.
  XX asrdan boshlab maxsus dengiz tashkilotlari tuzilib, Dunyo okeanini xalqaro hamkorlik asosida o‘rganish ishlari tashkil etildi. 1920 yildan keyin okean suvlari chuqurlik bo‘yicha o‘rganila boshlandi. 1960 yilda fransuz Jan Pikar Mariana cho‘kmasini zabt etdi. Endilikda kemalar zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi, mashhur Jak Iv Kusto komandasi to‘plagan ma'lumotlar, kosmik kemalardan olingan tasvirlar tahlil qilinmoqda.
Dunyo okeanining qismlari.
  Dunyo okeanining qismlari okean, dengiz, qo‘ltiq, bo‘g‘izlardan iborat. Okeanlar bir-biridan geografik o‘rni, geologik tuzilishi, biologik xususiyatlari bilan farq qiladigan bir butun tabiat komplekslaridir.
  Dunyo okeanini birinchi bo‘lib gollandiyalik olim B.Varenius 1650 yilda beshta qismga ajratdi. Keyinchalik tadqiqotchilar uchta, to‘rtta, hozirgi paytda esa Xalqaro okeanoprafik tashkilotlar tan olgan beshta okean ajratilmoqda.
  Dunyo okeani haqida ma'lumot. Dunyo okeanida jami 66 ta, quruqlikda esa ikkita (Kaspiy va Orol) dengiz ajratilgan.
Geologik tuzilishi.
  Dunyo okeani tagi yirik litosfera plitalaridan tashkil topgan. Lekin ular materiklar bilan birga yaxlit litosfera plitalarini tashkil etganligi uchun materiklar nomi bilan ataladi. Faqat Tinch okean tubi mustaqil litosfera plitasi tariqasida ajratiladi.
  Okean tublarida daryo, dengiz to‘lqinlari va oqimlari, shamol, aysberglar keltirgan yotqiziqlar, hatto organizmlar va kosmik changlar cho‘kindi jinslar qatlamini hosil qiladi. Harakatdagi vulqonlar mahsuloti, asosan, O‘rta okean tizmalarida uchraydi.
Okean tubi relyefi.
  Dunyo okeani tubi relyefi juda murakkab tuzilgan. Okean tubida materik sayozligi, materik yonbag‘ri, materik etagi, okean tubi botiqlari, O‘rta okean tizmalari va eng chuqur cho‘kmalar kabi yirik relyef shakllari mavjud, O‘rta okean tog‘ tizimining umumiy uzunligi 60 ming km dan ortiq bo‘lib, u barcha okeanlarni kesib o‘tgan va bir qancha tarmoqlarga bo‘lingan. Materik bilan O‘rta okean tog‘ tizmalari orasida yirik botiqlar joylashgan.
  Dunyoning tabiiy xaritasida beshta havza ajratish mumkin. Ular Tinch, Atlantika, Hind, Shimoliy Muz okeani havzalari va berk havzalardir. Daryo qaysi havzaga o‘z suvini quysa, o‘sha havzaga tegishli bo‘ladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив