Yuklanmoqda...

Tabiat komplekslari, ularning almashinishi va zonalligi 

2521

Tabiat komplekslari.
  Tabiat komponentlarining o‘zaro uzviy aloqasi va bir-biriga ta'siri natijasida vujudga kelgan va o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lgan hududlar tabiat kompleksi deb ataladi. Tog‘ jinslari, relyef, iqlim, yer osti va usti suvlari, tuproq, o‘simlik, hayvonot olami tabiat komponentlarini hosil qiladi.
  Tabiat komplekslari (TK) quruqlikda egallagan maydoniga ko‘ra har xil kattalikda bo‘lishi mumkin. Masalan, materiklar va okeanlar geografik qobiqdan keyingi eng yirik TK laridir. O‘z navbatida, materiklar kichikroq TK larga – o‘lkalarga (masalan, O‘rta Osiyo, Sharqiy Yevropa, G‘arbiy Sibir, Kavkaz tog‘lari va h.k.), iqlim mintaqalari va tabiat zonalariga ajraladi.
  Zonalarning tarkib topishiga, asosan, iqlim sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham har bir iqlim mintaqasining o‘ziga xos tabiat zonalari tarkib topgan. Ba'zi bir iqlim mintaqasida bir necha tabiat zonalari bo‘lsa, ba'zan bitta tabiat zonasi ikkita iqlim mintaqasida uchrashi mumkin. Masalan, mo‘'tadil iqlim mintaqasida 70° shq. u meridiani bo‘yicha ignabargli o‘rmonlar (tayga), aralash o‘rmonlar, keng bargli o‘rmonlar, o‘rmon-dasht, dasht, chalacho‘l va cho‘l tabiat zonalari joylashgan. Lekin cho‘l tabiat zonasi ham mo‘'tadil, ham subtropik, ham tropik iqlim mintaqalarida uchraydi. Shunday bo‘lsa-da, ular bir xil TK lariga ega emas. Bir-biridan harorati, yog‘in-sochin miqdori, havo bosimi, relyefi, tuprog‘i, o‘simligi va hayvonot olami bilan farqlanadi. Bu bizning O‘rta Osiyo o‘lkasining cho‘llariga xos xususiyatdir.
  Tabiat komplekslarining almashinishini geografik kengliklar bo‘yicha tahlil qilish mumkin. Barcha tabiat komplekslari, ya'ni iqlim mintaqalari va tabiat zonalari ekvatordan har ikkala qutblar tomon qonuniy ravishda almashinib boradi. Bunga birinchi navbatda iqlimiy sharoit sababdir.
 Okeanlarda TK lari o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lib, ular ko‘pincha suvning harorati, sho‘rligi, oqimlarning iliq yoki sovuqligiga bog‘liq. Dunyo okeanida 11 ta tabiat mintaqasi ajratilgan: bitta ekvatorial, ikkitadan qutbiy, qutbyoni, mo‘'tadil, subtropik va tropik mintaqalar kenglik bo‘ylab qonuniy almashib joylashadi. Ko‘rinib turibdiki, okeanlardagi TK lari iqlim mintaqalarining nomi bilan nomlanadi.
  Insonning xo‘jalik faoliyati natijasida o‘zgartirilgan TK lari antropogen komlekslar yoki landshaftlar deb ataladi. Agar atlasdagi materiklarning kompleks xaritalarini tahlil qilsangiz, antropogen landshaftlar inson yashashi uchun qulay sharoit mavjud bo‘lgan va o‘zlashtirishga yaroqli hududlarda tarkib topadi. Tabiat komplekslari zonallik va hududiylik qonuniyatlariga bo‘ysunib almashadi. Tekisliklardagi kenglik zonalligi, tog‘lardagi balandlik zonalligi (mintaqalanishi) asosiy geografik qonuniyatdir.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash