Yuklanmoqda...

Materiklar va okeanlarning paydo bo‘lishi 

3002

 Yer va litosferaning paydo bo‘lishi.
 Olimlarning ta'kidlashicha, Quyosh tizimi va Yer Koinotdagi harakatlanayotgan changsimon zarrachalarning birikishidan hosil bo‘lgan. Bunday fikrni dastlab fransiyalik olim R.Dekart 1644-yilda, keyinchalik germaniyalik faylasuf I.Kant 1755-yilda va fransiyalik olim R.S.Laplas 1796-yilda aytishgan. Shuning uchun bu gipoteza Dekart–Kant–Laplas gipotezasi deb ataladi.

Materiklar va okeanlarning paydo bo‘lishi

 

Materiklar va okeanlarning paydo bo‘lishi 

  Litosfera va Yer po‘sti yer ichki moddalarining saralanishi natijasida hosil bo‘lgan. Qizigan holatdagi yerning yengil moddalari tepaga ko‘tarilgan, og‘ir moddalari esa pastga cho‘kkan. Oqibatda nisbatan yengil va qattiq litosfera (yunoncha, tosh qobiq) hamda Yer po‘sti, mantiya va yadrolar tarkib topgan. 

   Materiklar va okean botiqlarining paydo bo‘lishi.

  Materik va okean botiqlarining paydo bo‘lishi haqida ko‘plab gipotezalar (ilmiy taxminlar) yaratilgan bo‘lsa-da, olimlar hanuz bir yechimga kelmadilar. Shunday gipotezalardan biri mobilizmdir.
Mobilizm (yunoncha, siljiydigan, harakatlanadigan) gipotezasini 1912-yilda nemis geologi A.Vegener ishlab chiqdi. Lekin undan deyarli 9 asr avval vatandoshimiz Abu Rayhon Beruniy (973-1050) materiklarning siljishi haqida shunday degan «Qit'alar go‘yo suv sathida suzib yurgan daraxt barglari singari bir-biri tomon yaqinlashib yoki uzoqlashib, sekin harakatda bo‘ladi». Beruniyning bu fikri mobilizm gipotezasi mohiyatining o‘zidir.
  A.Vegener o‘z gipotezasini yaratishda Atlantika okeaniga tutashgan Janubiy Amerika va Afrika qirg‘oqlarining bir-biriga mos kelishiga asoslandi. Uning fikricha, taxminan 200 mln yil muqaddam Yer yuzida yagona Pangeya materigi va yagona Pantalassa okeani bo‘lgan. Keyinchalik Pangeya ikkita yirik materikka: Lavraziya va Gondvanaga, Pantalassa esa Paleoting va Tetis okeanlariga ajralgan. O‘z navbatida, 65 mln yil avval Lavraziyadan Shimoliy Amerika va Yevrosiyo, Gondvanadan esa Afrika, Avstraliya, Antarktida va Janubiy Amerika materiklari ajralib chiqqan. Ular oralig‘ida hozirgi okeanlar tarkib topgan. A.Vegener materiklarning gorizontal siljishiga Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi hisobiga yuzaga keladigan markazdan qochma kuch sababchi deb hisoblagan.
Litosfera plitalari tektonikasi.
  1968-yilda amerikalik bir guruh olimlar (L.R.Sayks, J.Oliver va b.) tomonidan yangi mobilizm, ya'ni «litosfera plitalari tektonikasi» gipotezasini e'lon qilishdi. Bu Beruniy, Vegener g‘oyalari asosida yaratilgan eng so‘nggi, mukammal gipotezadir. Okean tubi tadqiqotlari, kosmik tasvirlar tahlili, aniq geodezik o‘lchovlar va boshqa manbalardan olingan yangi ma'lumotlar natijasida litosfera plitalarining turli tomonga, har xil tezlikda harakatlanayotganligi ma'lum bo‘ldi. Bunga yuqori mantiya va astenosfera qatlamlaridagi moddalarning uyurmali harakati sababdir.
  Mantiya moddalarining yuqori tomon harakatlanishi natijasida litosfera plitalari bir-biridan uzoqlashadi. Natijada O‘rta okean tizmalari paydo bo‘lib, bazaltli okean po‘sti kengayadi. Bu zonada darz (rif)lar, yer yoriqlari, harakatdagi vulqonlar bor, kuchli zilzilalar bo‘ladi. Kengayish hodisasi Afrika yer yorig‘i, Baykal ko‘li, Qizil dengiz va boshqa joylarda ham kuzatilgan. Olimlar bashoratiga ko‘ra Qizil dengiz va Baykal ko‘li tobora kengaya borib, okeanga aylanishi mumkin.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash