Yuklanmoqda...

Okean boyliklari, ulardan foydalanish va muhofaza qilish


Okean boyliklari, ulardan foydalanish
  Olimlarning fikricha, hayot okean sohillaridagi to‘lqinlar hosil qilgan «hayot sharbati - bo‘tqasimon loyqa»li suv muhitida hosil bo‘lgan. Okean suvlarida mikroskop bilan ko‘rinadigan organizmlardan tortib 150 tonna keladigan ko‘k kitlargacha, turli xil organizmlar yashaydi. Hozir Dunyo okeanida 160 ming hayvon turi, 10 ming atrofida o‘simlik turi mavjud.
  Okean organizmlari yashash joylariga ko‘ra guruhlashtiriladi. Masalan, bentos organizmlar - okean suvlari tubida, yotqiziqlar orasida yashaydi. Nektonlar - erkin ko‘chib yuruvchi organizmlar bo‘lsa, planktonlar suv oqimlariga qarshilik ko‘rsata olmay, muallaq holatda suzib yuruvchi organizmlardir (fitoplankton va zooplanktonlar).
  Dunyo okeani tabiiy boyliklarning xazinasi hisoblanadi. Bu boyliklar biologik, kimyoviy, ma'danli va yoqilg‘i-energetik resurslardan iborat. Hozir biologik resurslarning 2% idangina foydalanilmoqda. Lekin bu dunyoda iste'mol qilinadigan oqsil moddalarning 20% ini tashkil etadi. Dunyo okeanidan ovlanadigan organizmlarning 80% ga yaqinini baliqlar, 10-12% ini umurtqasiz hayvonlar, 8-10% ini dengiz sutemizuvchilari va suvo‘tlari tashkil etadi.
  Okean suvlaridan treska (10,7 mln t), seld (22,3 mln t), skumbriya (5,1 mln t) baliqlari ko‘plab ovlanadi. Shuningdek, okean tubidan osh tuzi, brom, magniy, oltingugurt, alyuminiy, mis, uran, kumush, oltin olinadi.
  Dunyo okeanida neft va gaz birinchi o‘rinda Fors ko‘rfazidan, ikkinchi o‘rinda Venesuella qirg‘oqlaridan, Shimoliy dengizdan, Meksika qo‘ltig‘idan qazib olinadi. Xitoy, Kanada, AQSh, Avstraliya, Irlandiya, Turkiya, Gretsiya, Fransiya va boshqa mamlakatlar sohillarida toshko‘mirning 100 dan ortiq yirik konlari mavjud.
  Dunyo okeani eng muhim va arzon dengiz transporti vazifasini bajaradi. Iqtisodiy, savdo aloqalarining 80% i, mahsulotlar tashishning 95% i dengiz transporti orqali bajariladi. Dunyo xo‘jaligining rivojlanishi, xalqaro mehnat taqsimotining yuzaga kelishi, savdo-sotiqning rivojlanishi dengiz transporti tufaylidir. Hozir Dunyo okeani sohillarida 2700 ta dengiz port-shaharlari mavjud.
  Dengiz transportida tashiladigan asosiy yuk neft va neft mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Ba'zan bu mahsulotlarni tashiydigan maxsus kema - tankerlar halokatga uchrab, sohil tabiatiga, dengiz organizmlariga katta talafot keltirmoqda.
  Dengiz turizmi ham okean resurslaridan foydalanishning bir sohasi sifatida tobora rivojlanmoqda. Undan tushgan yillik daromad 220 mlrd dollarni tashkil etgan.
  Dunyo okeanini muhofaza qilish - milliy, regional va xalqaro ko‘lamda amalga oshiriladigan tadbir. Dunyo okeanini tadqiq etish va foydalanish hamda muhofaza qilish maqsadida ko‘plab xalqaro tashkilotlar tuzilgan. Xalqaro dengiz komiteti, Davlatlararo okeanografik komissiya (YUNESKO qoshida) va boshqalar Dunyo okeani boyliklaridan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish, ularni muhofaza qilish, tiklash va ekologik sharoitini yaxshilash borasida ibratli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash