Yuklanmoqda...

Geografik qobiqning chegaralari, xususiyatlari va rivojlanish qonuniyatlari 

3644

Geografik qobiqning chegaralari, xususiyatlari
Geografik qobiq va uning chegaralari.
  Geografik qobiq tushunchasiga yaqin bo‘lgan g‘oya birinchi marta 1902 yilda D.N.Anuchin tomonidan aytilgan. Geograftk qobiq haqidagi ta'limotni 1966-yilda rossiyalik olim A.A.Grigoryev ishlab chiqdi.

Geografik qobiqning chegaralari, xususiyatlari va rivojlanish qonuniyatlari 

Geografik qobiqning chegaralari, xususiyatlari va rivojlanish qonuniyatlari

  Atmosferaning quyi qatlami – troposfera , litosfera ning ustki g‘ovak qatlami, gidrosfera va biosfera larni o‘z ichiga olgan hamda o‘zaro ta'sir etib turadigan yaxlit qobiq Yerning geografik qobig‘i deb ataladi.
Geografik qobiqning yuqori va quyi chegarasini, uning qalinligini turli olimlar turlicha o‘tkazishadi va belgilashadi. Ko‘p olimlar geografik qobiqning yuqori chegarasini troposferaning yuqori qismidan o‘tkazishadi va uning qalinligini 30-35 km deb hisoblashadi. Aniqlanishicha, geografik qobiqning yuqori chegarasi ozon pardasiga, pastki chegarasi esa g‘ovak jinslar ining tag qismiga to‘g‘ri keladi. Ozon pardasi Yerdagi organizmlarni Quyoshning ultrabinafsha nurlar idan muhofaza qiladi.
 
Geografik qobiqning xususiyatlari.
  Geografik qobiq Yerning boshqa qobiqlaridan faqat o‘ziga xos bo‘lgan quyidagi xususiyatlari bilan farq qiladi: birinchi xususiyati geografik qobiq komponentlari – litosfera, gidrosfera, atmosfera va biosferalar doimiy ravishda o‘zaro aloqadorlikda bo‘lishi va bir-biriga ta'sir etishidir; ikkinchi xususiyati modda va energiya almashinish jarayonining bo‘lib turishidir; uchinchi xususiyati geografik qobiqda organik hayotning, jumladan, insoniyat jamiyatining mavjudligidir.
 
  Geografik qobiqning rivojlanishiga Yerning tashqi va ichki energiyalari ta'sir etadi. Geografik qobiqda sodir bo‘layotgan barcha jarayonlarning asosiy qismi Quyosh energiyasi va kamroq qismi Yerning ichki energiyasi ta'sirida ro‘y beradi.
 Geografik qobiqning tuzilishida modda va energiya almashinuvi muhim rol o‘ynaydi. Bunda litosfera, gidrosfera, atmosfera va biosferalar o‘rtasida moddalar almashinishi ro‘y beradi. Masalan, okean suvi 3000 yilda bir marta yangilanadi. Atmosferadagi namning to‘liq yangilanishi uchun atigi 10 kun kerak bo‘ladi. Aylanma harakatdagi suv boshqa komponentlar bilan bevosita aloqada bo‘lib, geografik qobiqning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.
 Geografik qobiqning vertikal va gorizontal tuzilishi ham uning asosiy xususiyatlaridan hisoblanadi. Geografik qobiqning vertikal tuzilishi deganda uning tarkibiy qismlarining balandlik bo‘ylab joylashgan holatini tushunish lozim. Geografik qobiqning gorizontal tuzilishi tabiat komplekslarining kenglik va uzunlik bo‘ylab tarqalishi va almashib kelishida namoyon bo‘ladi. Bunga iqlim mintaqalari, tabiat zonalari yaqqol misoldir.
Geografik qobiqning rivojlanish bosqichlari.
  Olimlar geografik qobiqning rivojlanishini uch bosqichga ajratishadi: nobiogen, biogen va antropogen. Nobiogen bosqich – Yer taraqqiyotining 4,6 mlrd yildan to 570 mln yilgacha o‘tgan davrini qamrab oladi. Bu bosqichda geografik qobiqning asosi tarkib topadi, ya'ni litosfera, atmosfera va gidrosfera shakllanadi. Yerda hayot 3,8-3,5 mlrd yil muqaddam paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, ular o‘ta oddiy organizmlardan tashkil topganligi uchun geografik qobiqning rivojlanishiga sezilarli ta'sir etmagan.
  Biogen bosqich – 570 mln yil muqaddam boshlangan. Bu davrda organizmlar taraqqiy etgan. Natijada biosfera shakllangan va geografik qobiqning mukammal tizimga ega bo‘lishiga kuchli ta'sir ko‘rsatgan.
 
  Antropogen bosqich inson paydo bo‘lgandan (3 mln yil avval) hozirgi kunga qadar o‘tgan davrni qamrab oladi. Ayni paytda geografik qobiqning rivojlanishiga insonning xo‘jalik faoliyati (texnika inqilobi, kosmik asr) sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatmoqda. Bular tabiatni muhofaza qilish, ekologik, demografik muammolar ni keltirib chiqardi. Shulardan biri o‘lkamizdagi Orolbo‘yi ekologik muammosidir.
 
Geografik qobiqning umumiy qonuniyatlari.
  Geografik qobiqning rivojlanishida va tabiat komplekslarining tabaqalanishida ham o‘ziga xos qonuniyatlar mavjud. Ular Yerning umumiy-geografik qonuniyatlari deb ataladi. Bu qonuniyatlarni bilish insonga tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga, atrof-muhitni muhofaza qilishga va unga zarar yetkazmaslikka, ekologik muvozanatni buzmaslik choralarini ko‘rishga imkon beradi.
  Bir butunlik, modda va energiyaning tabiatda aylanib yurishi, davriy yoki ritmik hodisalar, geografik zonallik va hududiylik geografik qobiqning umumiy qonuniyatlaridir. Bular geografik qobiqning rivojlanish qonuniyatlarini namoyon qiladi.
 Geografik qobiqning bir butunligi. Bir butunlik barcha tabiiy-hududiy komplekslarga taalluqli. Hududiy komplekslar katta yoki kichik bo‘lishidan qat'iy nazar uch holatdagi (qattiq, suyuq, gazsimon) moddalarning aylanma harakati ularning bir butunligini ta'minlaydi va uzluksiz rivojlantiradi. Geografik qobiqning har bir komponenti – relyef, iqlim, suv, tuproq, o‘simlik, hayvonot dunyosi o‘z qonuniyatlari asosida rivojlanadi va shakllanadi.
 Geografik qobiqda modda almashinuvi. Geografik qobiqning to‘rtta strukturasida, ya'ni atmosfera, gidrosfera, litosfera va biosferalarda modda va energiya almashinuvi ikkita – gorizontal va vertikal yo‘nalishda kuzatiladi. Atmosfera va Dunyo okeanidagi suvning harakatida va litosferadagi vulqonlar harakatida moddalarning ham gorizontal, ham vertikal almashinuvi bo‘ladi. Geografik qobiqdagi modda va energiyaning almashinuviga Yerning ichki energiyasi va Quyosh energiyasi hamda gravitatsiya kuchita'sir etadi.
  Geografik qobiqdagi ritmiklik. Tabiatda vaqt o‘tishi bilan bir xil hodisalarning takrorlanib turishi ritmiklik deb ataladi.Yerning o‘z o‘qi va Quyosh atrofida bir marta to‘liq aylanishi sutkalik, yillik yoki fasliy ritmlarga sabab bo‘ladi. Natijada kun bilan tun, yil fasllarining almashinishi sodir bo‘ladi. Bularga haroratning, shamolning, yog‘inlarning, suv oqimining, organizmlarning sutkalik va yillik o‘zgarishi misoldir.
  Geografik zonallik. Geografik komponentlar va tabiat komplekslarining ekvatordan qutblar tomon, tog‘larda balandlik tomon qonuniy ravishda o‘zgarib borishiga zonallik deyiladi. Dunyoning har bir tabiat zonasi geografik qobiqning takrorlanmas xususiyatlarini namoyon qiladi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash