Yuklanmoqda...

Litosfera va Yer rel`yefi 

3999

 Litosfera (yunoncha «litos» – tosh, qattiq, «sfera» – qobiq) Yer po‘sti va yuqori mantiyaning bir qismini egallaydi. Qalinligi 200 km. Yer po‘sti bilan yuqori mantiya oralig‘idagi chegarani 1914-yilda yevropalik olim Moxorovichich aniqlagan. Yer po‘sti tuzilishi va qalinligiga ko‘ra ikki tipga bo‘linadi. Yer po‘stining kontinental tipi materiklarda tarqalgan bo‘lib, tekisliklarda 35-40 km, yosh tog‘larda 55-70 km qalinlikka ega. Pomir va Hindikushda 60-70 km, Himolay tog‘larida 80 km ga boradi. Kontinental yoki materik po‘sti cho‘kindili, granitli va bazaltli qatlamlardan tuzilgan.
  Yer po‘stida platforma va geosinklinal hududlar ajraladi. Platformalar Yer po‘stining o‘ta mustahkam qismlari bo‘lib, tog‘ burmalanishlari, kuchli zilzila va vulqon harakatlari kuzatilmaydi. Ularga Sharqiy Yevropa, Turon, Sibir va boshqa platformalar tegishli. Platformalar tekisliklarga to‘g‘ri keladi. Geosinklinal mintaqalar Yer po‘stining o‘ta serharakat joylari: ularga kuchli zilzilalar, harakatdagi vulqonlar, tog‘ burmalanishlari xos. Tinch okean «olovli halqasi», O‘rta dengiz – Himolay, Sharqiy Afrika, Markaziy Amerika geosinklinal mintaqalari Yer po‘stining eng faol qismlaridir.
  Okean po‘sti 5-10 km qalinlikka ega. So‘nggi tadqiqot ishlari natijasida bazaltli qatlamdan pastda joylashgan va qalinligi 3,5-5 km bo‘lgan magmatik jinslar borligi aniqlandi. Demak, okean po‘sti ham uchta qatlamdan tuzilgan. Lekin unda granitli qatlam uchramaydi.
  Litosfera okean tubida 50-60 km gacha, quruqliklarda 100-200 km gacha qalinlikka ega. Litosfera Yer po‘stining yirik yaxlit bo‘laklari – plitalaridir. Ular materik va okean tublarini O‘rta okean tizmalariga qadar egallaydi. Yettita yirik (6 ta materik va bitta Tinch okean) va oltita kichikroq litosfera plitalari ajratilgan. Litosfera plitalarining to‘qnashish qismlari juda faol bo‘lib, yosh tog‘lar, harakatdagi vulqonlar, zilzilalar bo‘lib turadi.
  Litosfera plitalari nima sababdan gorizontal siljiydi degan savolga olimlar javob topishdi. Aniqlanishicha, Yer po‘sti bilan mantiya oralig‘idagi astenosfera (yunoncha «astenos» – kuchsiz) qatlamining yumshoq va elastik holatdagi moddalardan tuzilganligiga bog‘liq ekan. Deyarli barcha vulqon o‘choqlari ham astenosferaga to‘g‘ri kelishi aniqlandi. O‘rta okean tizmalarida litosfera plitalari mantiyadan chiqayotgan moddalarning halqasimon harakati hisobiga bir-biridan uzoqlashadi. Natijada ular orasida yangi okean po‘sti hosil bo‘ladi va kengaya boradi. Tog‘larning paydo bo‘lishi, harakatdagi vulqonlar, zilzilalar litosfera plitalarining tutashish, ya'ni to‘qnashgan chegaralariga to‘g‘ri keladi.
Relyef
  Relyef (yunoncha, ko‘tarilaman) yer yuzasining kattaligi, kelib chiqishi, yoshi va rivojlanish tarixi turlicha bo‘lgan shakllaridir. Yer yuzasidagi barcha relyef shakllari ichki va tashqi kuchlarning hosilasidir. Asosiy relyef shakllariga tog‘ va tekisliklar misol bo‘ladi. Tog‘lar quruqlikning 40% ini, tekisliklar esa 60% ini egallaydi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash