Yuklanmoqda...

Gidrosfera va uning tarkibiy qismlari 

3982

  Gidrosfera (yunoncha suv qobig‘i) geografik qobiqning asosiy tarkibiy qismi bo‘lib, yer usti va osti suvlaridan, muzliklardan, atmosferadagi suv bug‘laridan iborat. 
    Okean suvlari.
  Yer yuzasining 71% dan ko‘proq qismini okean suvlari egallagan. Ular dunyo suv zaxirasining 97% ini tashkil etadi. Okean suvlarining asosiy xususiyati sho‘rligi va haroratidir. Okean suvlarning o‘rtacha sho‘rligi 35‰, ekvator yaqinida 34‰, tropiklarda 36‰, mo‘’tadil va qutbiy kengliklarda 33‰. Suvning o‘rtacha harorati +17,5°C, Tinch okean eng issiq +19,4°C, eng sovuq okean Shimoliy Muz okeani (–0,75°C). Suvning 3-4 km dan chuqur qismlarida harorat +2°C dan 0°C atrofida o‘zgaradi. Okean suvi sho‘r bo‘lganligi uchun –2°C da muzlaydi.
  Okean suvlari mantiyadan ajralib chiqqan degan g‘oyani ko‘pchilik olimlar tan olishadi. Bunga sabab hozirgi paytda mantiyadan suv ajralib chiqayotganligidir. Hisob-kitoblarga qaraganda mantiyada 20 mlrd km3 hajmga ega bo‘lgan suv zaxirasi bor. Bu hozirgi suv miqdoriga nisbatan 15 baravar ko‘p demakdir. Olimlarning bashoratiga ko‘ra okean va dengizlardagi suv miqdori doimo ortib boradi.
  Yer tabiatiga xos bo‘lgan xususiyatlarning aksariyati okean bilan bog‘liq. Okean quyosh energiyasini o‘zida to‘plovchi akkumulator hisoblanadi. Okeanlar materiklarning iqlimiga, tuproqlariga, hayvonot olamiga va inson xo‘jalik faoliyatiga ta’sir etadi. Okeanlar o‘zining dengiz mahsulotlari, xilma-xil foydali qazilmalari, energiya manbai va shifobaxsh xususiyatlari bilan jamiyatga xizmat qiladi.
  Daryo, ko‘l, botqoqlik, muz va yer osti suvlari gidrosferaning quruqlikdagi suvlaridir. Ular umumiy gidrosfera suvlarining 3,5% qismini tashkil etadi. Shundan 2,5% i chuchuk suvlardir.
  Daryolarning zichligi, sersuvligi iqlimga va relyefga bog‘liq. Yog‘inlar ko‘p yog‘adigan hududlarda Amazonka, Kongo, Missisipi, Xuanxe, Volga kabi daryolar hosil bo‘lgan. Kam yog‘in yog‘adigan cho‘llarda daryolar bo‘lmaydi. Sirdaryo, Amudaryo, Nil kabi tranzit daryolar cho‘llarni kesib o‘tadi. Daryolar tabiat komplekslarining hosil bo‘lishida, inson hayotida katta ahamiyatga ega.
  Ko‘llar kattaligiga, chuqurligiga, oqar yoki oqmasligiga, sho‘r yoki chuchukligiga, kelib chiqishiga ko‘ra xilma-xildir.
  Dunyodagi eng katta ko‘l Kaspiy ko‘lidir (376 ming kv.km). Uni va Orolni kattaligi uchun dengiz deb atashgan. Berk havzaning bu ko‘llari va Issiqko‘l, Balxash ko‘llari oqmas ko‘llardir. Dunyodagi eng chuqur ko‘llar Baykal (1620 m), Tanganika (1470 m) oqar ko‘llardir. Balxash ko‘lining yarmi chuchuk, yarmi sho‘r. Rudolf, O‘lik dengiz (270‰) sho‘r ko‘llardir. Kelib chiqishiga ko‘ra, ko‘llar tektonik (Baykal, Tanganika, Nyasa), muz hosil qilgan (Finlyandiyadagi ko‘pchilik ko‘llar), tog‘lardagi morena, vulqonli, qayir, sun’iy, karst ko‘llarga bo‘linadi.

  Suv omborlari, kanallar yerlarni sug‘orish, elektr energiyasi olish, sel hodisalarining oldini olish, daryo suvlarini tartibga solish, rekreatsion kabi maqsadlarda quriladi.
  Muzlikiar quruqlikning 11% maydonini egallaydi. Muzlarning 99% qutbiy o‘lkalarda, qoplama holatida joylashgan (Antarktida, Grenlandiya, Arktika). Tog‘ muzliklari qor chizig‘idan tepada hosil bo‘ladi. Ekvatorda qor chizig‘i 4,5-5 km balandlikdan o‘tadi. Kilimanjaro vulqonini 4500 m balandligidan boshlab muz o‘rab olgan. Qutblarda qor chizig‘i dengiz sathiga baravarlashadi.
   Yer osti suvlari yog‘inlarning Yer po‘stiga shimilishidan hosil bo‘ladi. Lekin kelib chiqishiga ko‘ra magmatik xususiyatga ega bo‘lgan geyzerlar ham yer osti suvlari qatoriga kiradi. Yer osti suvlarining gidrosferadagi ulushi 4% ni tashkil etadi.

plus  Foydalanilgan manbalar:

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.

Sharh qoldirish shakli

kodni yangilash