Afrika iqlim mintaqalari 

10 834

Afrikada bitta ekvatorial, ikkitadan subekvatorial, tropik va subtropik iqlim mintaqalari shakllangan.

Ekvatorial mintaqa. Bu mintaqa Kongo daryosi havzasining bir qismini va Gvineya qo‘ltig‘i sohillarini qamrab olgan. Bu yerlarda yil davomida ekvatorial havo massalari hukmronlik qiladi. O‘rtacha yillik va oylik harorat doim yuqori va bir tekis taqsimlangan bo‘lib, u 26 °C ga teng. Yog‘in ham bir tekis yog‘adi. Ayrim joylarda 10 000 mm yog‘in yog‘adi. Shuning uchun o‘simliklarning o‘sishi yil bo‘yi to‘xtovsiz davom etadi. Bu mintaqada har kuni ertalab Quyosh yaraqlab nur sochib turadi va yer yuzini kuchli isita boshlaydi. Tush paytlariga borib qizigan va namga to‘yingan havo yuqoriga ko‘tarilib, bulut hosil qiladi. Tushdan keyin esa kuchli yomg‘ir yog‘adi. Kechga yaqin Quyosh yana nurini socha boshlaydi. Bunday ob-havo kun, oy va yil davomida deyarli takrorlanib turadi. Ekvatorial mintaqa uchun yil bo‘yi bitta yoz fasli xosdir.


Subekvatorial mintaqa. Subekvatorial iqlim mintaqasi ekvatorial iqlim mintaqasini shimol va janubdan o‘rab turadi. Chegaralari ekvatordan shimol va janub tomonlarga 15-20 °  kengliklargacha cho‘zilib borgan. Subekvatorial iqlim ekvatorial iqlimdan yog‘in miqdorining nisbatan kamligi va yog‘inlarning fasllar bo‘yicha notekis taqsimlanishi bilan farq qiladi. Bu yerda ikkita fasl, ya’ni sernam yoz, quruq qish aniq ifodalangan.
 

Tropik mintaqa. Bu mintaqa ikkala yarimsharning tropik kengliklariga to‘g‘ri keladi. Shimoliy tropik iqlim mintaqasi Sahroyi Kabirning juda katta qismini egallagan. Bu yerning iqlimi faqat materikda emas, balki butun dunyoda eng issiq va eng quruq iqlim hisoblanadi. Masalan, yoz nihoyatda issiq bo‘lib, havoda bulut deyarli bo‘lmaydi, Quyosh toshloq va qumli cho‘llarning yer yuzasini 70-80 °C gacha qizdiradi, havo harorati 40-45 °C gacha ko‘tariladi. Kechasi esa yer yu- zasi va havo harorati 0 °C gacha pasaygani kuzatilgan.

Shimoliy tropikning yoz oylarida vaqt-vaqti bilan kuchli samum  (arabcha — issiq shamol) va hamsin  (issiq, quruq, kuchli janubiy va janubi-g‘arbiy shamol) shamoli esib, qum bo‘roni bo‘lib turadi. Quruq o‘zan — vodiylar to‘satdan yog‘gan yomg‘ir suvi bilan to‘yinadi.
 

Subtropik iqlim mintaqasi. Afrikaning chetki janubiy va shimoliy hududlari subtropik iqlim mintaqasida joylashgan. Bu yerda mavsumiy havo massalari almashinadi: yozda dengiz tropik havosi, qishda mo‘tadil kengliklarning dengiz havosi hukmron. Natijada, subtropiklarning O‘rta dengiz iqlimi tiрi shakllangan. Janubiy Afrikaning janubi-sharqiy qirg‘oqbo‘yi hududlarida yog‘in yil davomida bir me’yorda yog‘adi, lekin musson shamollari yozda eng ko‘p yog‘in keltiradi. Materikning shimoli g‘arbi (iyul oyining o‘rtacha harorati +27 +28 °C, yanvarda +11 +12 °C) va janubi-g‘arbida (iyul +13 +14 °C, yanvarda +21 °C), aksincha, yoz quruq keladi, qishda namgarchilik bo‘ladi.

Поделитесь ссылкой с друзьями выделив текст.
Заметили ошибку, тогда выделите ошибочный текст и нажмите клавишы CTRL + ENTER.

Комментарий - 1