Yuklanmoqda...

Yerning qobiqli tuzilganligi


 Yerning ichki qismi.
  Yerning ichki qismini bevosita ko‘rib, ya'ni uning ichiga kirib o‘rganib bo‘lmaydi. Yer ichki qismi vulqonlar otilganda chiqqan moddalarni o‘rganish orqali, yer qimirlash to‘lqinlarining tarqalish xususiyatlariga qarab taxminiy o‘rganiladi. Olimlarning ma'lumotlariga ko‘ra Yerning markaziy qismida yadro (Yer mag‘izi) bor. Uning diametri 7000 km ga yaqin. Yadroni mantiya deb ataladigan qobiq o‘rab turadi. Uning qalinligi 2900 km ga teng. Mantiyani esa Yer po‘sti qoplagan. U Yer qobiqlaridan eng qattig‘i bo‘lib, qalinligi okeanlar tagida 5 km dan, baland tog‘lar tagida 80 km gacha yetadi.
  Olimlarning taxmin qilishlaricha, mantiya magniy, temir va qo‘rg‘oshindan iborat. Undagi harorat esa 2000° C va undan ham yuqori. Olimlar Yer ichiga chuqur tushgan sari harorat har 1000 m da 33° C ko‘tarilishini aniqlashgan. Demak, 50 km chuqurlikda harorat 1500° C ga yetadi. Mantiyaning quyi qismlari va yadroda harorat yana ham oshadi. Bunday yuqori haroratda tog‘ jinslari erigan, ya'ni suyuq holatda bo‘lishi kerak edi. Biroq bunday emas. Chunki u chuqurliklarda bosim juda katta. Masalan, 100 km chuqurlikda bosim Yer yuzasidagiga qaraganda 13 ming marta katta, ya'ni 1 sm kv yuzaga 13 tonna kuch bilan bosadi. Shuning uchun mantiya va yadroda tog‘ jinslari qattiq holatda deb taxmin qilinadi.
  Yer yadrosi haqida ma'lumotlarimiz yanada kam. Faqat uning radiusi 3500 km va harorat 4000° C atrofida ekanini bilamiz, xolos. Yerning ichki tuzilishini o‘rganish insonga uning hayoti uchun zarur bo‘lgan ko‘p savollarga javob topishiga yordam beradi.

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing! Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!

Sharhlar

kodni yangilash