Kamalakrang daryo 

4 107

  Kolumbiyadagi Kanyo kristales daryosi ajoyib ko‘rinishi bilan ko‘pchilik e’tiborini tortgan. Daryo nomi ispanchada "billur daryo” degan ma’noni bildiradi. Uni dunyodagi eng chiroyli daryo deb ham ataydilar. Sababi Kanyo kristales oqimida besh xil rangni, ularning turfa jilolarini ko‘rish mumkin. Suv yuzasi to‘q qizil, sarg‘ish, yashil, ko‘k va hatto qop-qora ranglarda tovlanadi. Qizil va to‘q qizil rang boshqalariga qaraganda ko‘proq. Daryo sayozligi, tiniqligi va unda o‘sgan "Macarenia clavigera” suvo‘tlari sabab shunday xususiyatga ega bo‘lgan. Shaffof suv ostidagi rango-rang o‘tlar daryoni ranglarga bo‘yaydi. Ana shu o‘ziga xosligi sababli unga "Besh rangdagi daryo”, "Oqar kamalak” kabi nomlarni berishgan. Daryo YuNESKOning "Insoniyat tabiiy merosi” ro‘yxatiga kiritilgan.


  Amazonka tog‘oldi tropik o‘rmonlari oralab oqadigan bu daryo Kolumbiyaning Meta departamentidagi Siyerra de la Makarena tog‘ tizmalaridan boshlanadi. Kanyo kristales g‘arbdan sharqqa qarab oqadi va yuz kilometrdan keyin Losada daryosiga qo‘shilib ketadi. Daryo unchalik keng emas, eni yigirma metr atrofida.


 Yilning asosiy qismida Kanyo kristales boshqa daryolardan farq qilmaydi. U qurg‘oqchilik va yomg‘ir mavsumi oralig‘ida, sentyabrdan noyabrgacha bo‘lgan davrda "oqar kamalak”ka aylanadi, xolos. Bu paytda daryo sayozlashadi va quyosh nurlari uning tubidagi suvo‘tlarini qizil, yashil, sariq va qora ranglarda jilolantirib yuboradi. Moviy va ko‘k rang tiniq osmonning akslanishidan hosil bo‘ladi.


  Daryo oqib o‘tadigan Milliy qo‘riqxonani uzoq vaqtlar partizanlar otryadlari qo‘riqlab keldi. Bu vaqtlarda sayyohlar tugul, tadqiqotchilar va olimlar ham bu hududga kira olmagan. Hozir qoidalar o‘zgargan, istagan kishi borib daryoni ko‘rishi mumkin. Biroq bu oson ish emas. Sayyohlik xizmatlari yaxshi rivojlanmagani sababli oldin La Makarena shaharchasiga uchib borish, so‘ng Guyaayabero daryosida bir soat qayiqda suzish, keyin jiplarga chiqish, u yog‘iga esa yayov ketishga to‘g‘ri keladi. Qo‘riqxonada sayyohlarning tunab qolishi, gulxan yoqishi va hokazolar taqiqlangan. Ammo daryoda istagancha cho‘milish mumkin. Kanyo kristales oqimida tabiiy hovuzlar, qo‘ltiqlar va kichkina sharsharalar juda ko‘p. Daryo havzasi iyundan noyabrga qadar sayyohlar uchun ochiq bo‘ladi.


  Ayrim mayda baliqchalarni hisobga olmaganda, bu yerda baliq yashamaydi. Chunki daryo tog‘ va yomg‘ir suvlaridan yuzaga keladi, tubida balchiq va cho‘kindilar, baliqlar oziqlanishi mumkin bo‘lgan suv o‘simliklari yo‘q.


  Hayratlanarlisi, daryo suvi tarkibida tuz va mineral moddalar yo‘q. Kanyo kristales atroflarida odamlarni deyarli uchratmaysiz. Sayyohlar ham qat’iy tartibga rioya qilgani sababli daryo ham, atrof-muhit ham tabiiyligini saqlab qolgan.

Orifjon MADVALIYEV

 

Maqolani foydali yoki qiziqarli deb hisoblasangiz ijtimoiy tarmoqlardagi do`stlaringizga matnni belgilab tavsiya qiling!
Agarda Siz maqolada xatoni uchratgan bo'lsangiz, unda xato matnni belgilab, CTRL + ENTER klavishasini bosing va sayt ma'muriga xabarnoma jo'nating.